Линклар

Шошилинч хабар
13 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:24

“Jirkanch Rossiya pasportini olmaslik kerak”. Huquq faoli rus armiyasiga chaqiruvdan qanday qochish haqida


Rossiya pasportini olgan markaziy osiyoliklar Rossiyadan chiqarilmayapti. Bir necha qirg‘izistonlik Ozodlik radiosiga mamlakatni tark eta olmaganini bildirdi. Chegarachilarga ko‘ra, ular safarbarlik ro‘yxatiga qayd qilingan bo‘lib, 12-fevralga qadar chet elga chiqa olishmas ekan.

Ozodlik bu mavzuda taniqli huquq faoli Valentina Chupik bilan suhbatlashdi.

– Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarni topish uchun politsiya reydlari o‘tkazilayotgani haqida sizda ma’lumot bormi? Reydlar tez-tez bo‘lib turadimi va bu qanchalik qonuniy?

– Rossiya fuqaroligiga o‘tgan sobiq migrantlar ushlanganiga doir oxirgi xabarni Yangi yil kechasi oldim. Adashmasam, 14 kishi ushlangan edi, barchasi asli tojikistonlik, bitta shahardan – Konibodomdan. Ularni qo‘lga olib, safarbarlik bo‘yicha urushga jo‘natamiz, deyishgan. Biri o‘zini osib, o‘lgan. Bu voqea bo‘yicha bilganlarim shugina xolos, chunki bu fuqarolar menga aloqaga chiqishgani yo‘q, o‘zini osib qo‘ygan yigitning qarindoshlari chiqishdi.

– Bu voqea reyd vaqtida bo‘lganmi?

– Ha, reyd vaqtida bo‘lgan. Sentabr-oktabrdan beri safarbarlikka aloqador xabarlar kelmay qo‘ygandi. Tojikistonlikdan keyin 4-yanvar kuni bir kishi qo‘ng‘iroq qilib, Rossiya fuqarosi bo‘lmasa ham unga chaqiruv qog‘ozi berib ketishganini bildirdi. Unga “zinhor voyenkomatga bormang, yashash manzilingizni o‘zgartiring”, deb tayinladim. Bor gap shu.

Bunaqa reydlar mutlaqo noqonuniy. Safarbarlik to‘xtatilgan ekan, – aslida harbiy holat bo‘lmay turib, safarbarlik o‘tkazishning o‘zi mantiqsiz, – fuqarolarga safarbarlik farmoyishlari va chaqiruv qog‘ozlari tutqazishga haqlari yo‘q, boz ustiga odamlar millatiga qarab, ya’ni milliy adovat vajidan ushlanayotgan bo‘lsa. Huquqiy jihatdan bunaqa xatti-harakatlar xizmat mavqeidan foydalangan holda zo‘ravonlik qilish va ekstremizm, ya’ni og‘ir jinoyat sanaladi, bunaqa jinoyat uchun 20 yilgacha qamoq jazosi bor. Biroq, afsuski, Rossiyada qonun davlat xizmatchilari uchun emas, ular boshqa qoidalar bo‘yicha ishlaydi.

– Rossiya bilan Tojikiston o‘rtasida qo‘shfuqarolik mavjud. Shunday ekan, ham Tojikiston, ham Rossiya fuqaroligiga ega tojikistonliklar ushbu vaziyatda nima qilishlari kerak? Umuman, ularni urushga chaqirishga haqlari bormi?

– Taassufki, chaqirishga haqlari bor, shu bois men ularga Rossiyadan ketishni maslahat beraman. Tojikiston hukumati o‘z fuqarolariga achinmaydi, boshqa mamlakatga ketish kerak. Ishlagani Qozog‘istonga borib, vaqtincha yashashga ruxsatnoma olishni yoki Armanistonga kelib, yashash va ishlash uchun ruxsatnoma olishni maslahat bergan bo‘lardim. Rossiyada ham, Tojikistonda ham yashamasinlar. Qirg‘iziston fuqarolariga esa, agar ular qirg‘iz fuqaroligini yo‘qotgan bo‘lsalar, qaytib borib, vatandoshlik maqomini olishni yoki fuqarolikni olish uchun ariza berishni tavsiya qilaman. Umid qilamanki, Qirg‘iziston sobiq fuqarolarini bag‘riga olib, ularning fuqaroligini tiklab beradi. O‘zbekistonda shunaqa bo‘lyapti, lekin Rossiyada “povestka” olgan va ilgari yo‘qotilgan fuqaroligini tiklashga majbur bo‘lgan o‘zbekistonlik bo‘yicha bironta keys bo‘lmagan menda. Bir yigit bor edi, O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum etilgan ekan, Rossiyada unga chaqiruv qog‘ozi kelgach, yurtiga qaytib ketgan. Ammo O‘zbekiston elchixonasidan qaytish sertifikati olganiga qaramay, negadir, fuqarolikni tiklashga urinmagan va Qozog‘istondagi qarindoshlarinikiga ketib, o‘sha yerda yashash ruxsatnomasi olgan.

– Migrantlar Rossiya fuqaroligidan kechsa-chi, u holda nima bo‘ladi?

– Hech nima bo‘lmaydi. Istagancha voz kechishingiz mumkin, lekin bu fuqarolikdan mahrum etilishingizga olib kelmaydi. Fuqarolikdan chiqish oson emas, to davlat va fuqarolar oldidagi, bu mamlakat tashkilotlari oldidagi barcha majburiyatlaringizni bajarmaguningizcha hech kim sizni fuqarolikdan o‘chirmaydi. Shunday ekan, patentni deb vatanni sotmaslik kerak, jirkanch Rossiya pasportini olmaslik kerak, shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.

– Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Markaziy osiyolik Rossiya fuqarolarini ustuvor tartibda urushga urushga jo‘natishni taklif qilmoqda. Bu yerda qancha odam haqida gap borayotgan bo‘lishi mumkin?

– Bilishimcha, so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan 500 mingdan ortiq (520 ming edi, chamasi) kishi Rossiya fuqaroligiga kirgan. Shundan taxminan 280 ming kishi – tojikistonliklar. Qirg‘izistonliklar esa Rossiya fuqaroligiga 2007-2011- yillarda o‘tishgan, o‘tgan yilning sentyabrь-oktyabrь oylarida, ochiq safarbarlik chog‘ida eng ko‘p murojaat aynan shulardan bo‘ldi. Negadir, eng ko‘p safarbar qilinganlar sobiq Qirg‘iziston fuqarolari edi.

XS
SM
MD
LG