Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 06:54

Jizzaxlik fermerlar “Obod qishloq” dasturi uchun 3 million so‘mdan pul o‘tkazishga majburlanmoqda


Fermerlar ko‘p hollarda o‘z arzu shikoyatlariga rasmiylardan javob ololmagani uchun to‘planishib hokimlikka borishadi. Illyustrativ surat

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi Ulug‘bek Uzoqov “Obod qishloq” dasturi uchun fermerlardan 3 million so‘mga chek talab qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan fermerlarning iddao qilishicha, hokim yo‘q yerdan tender uyushtirib, chek bermaganlarni tenderda qatnashtirgani qo‘ymayapti.

Fermerlar faqat klaster bilan shartnoma tuzib ishlaganliklari uchun hokimning bu harakatini "fermerlar mustaqilligiga qilingan tajovuz" sifatida baholashmoqda.

Tuman hokimining axborot xizmati rahbari Berdiyor Qorayev Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Jizzaxlik fermerlar yuborgan shikoyatda, jumladan, bunday deyilgan:

“Do‘stlik tumani hokimi majburlab fermerlardan 3 million so‘mga chek olmokda. "Obod qishloq”qa ishlatarmish. Chek bermaganlarni tenderdan o‘tkazmaslik yo‘li bilan qo‘rqitib, undirib olyapti. Majburiy pul olish bu pora emasmi? Shu masalada yordam berishlaringizni so‘rardik”.

Ozodlik shikoyat yozgan fermerlardan biri bilan bog‘landi. Hokim tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, garchi aksariyat fermerlar shartnomadagi majburiyatni ortig‘i bilan bajargan bo‘lsa-da, lekin hokim ulardan pul undirish uchun tender o‘tkazmoqda:

“Hukumat tomonidan hech qanday optimallashtirish to‘g‘risida qaror bo‘lmagan. Lekin shunga qaramasdan, hokim Ulug‘bek Uzoqov fermerlardan pul undirishning yangi yo‘lini o‘ylab topdi. Hammamiz shartnomani bajarganmiz, qolaversa, shartnomamiz faqat klaster bilan. Hokimlik bizning ishimizga aralashmasligi, pulimizga xo‘jayin bo‘lmasligi kerak. Endi, sektor rahbarlari, bank xodimlarini yig‘ib bitta-bitta fermerni chaqirib 3 million so‘mga chek berdingmi, deb so‘rayapti. Yo‘q desa o‘t bu yoqqa, sen tenderdan o‘tmading, yeringni olamiz, deyapti. Kim chekni bergan bo‘lsa, unga boshqa savol bermay, senga javob deyapti. Bunaqa zo‘ravonlik yana qayerda bor?”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, ular bo‘sh bank chekiga imzo qo‘yib berishga majburlanmoqda:

“Bizda ish haqi oladigan oddiy chek qog‘ozimiz bor. O‘shandan bitta varaqni kesib, hech narsa yozmasdan imzo qo‘yib beryapmiz. Buni hokim yordamchisiga topshirishimiz kerak. Ularning aytishicha, o‘zlari o‘shani bank orqali bizning hisobimizdan uch million so‘m olar ekan. Lekin uch million oladimi, besh million oladimi, bunisini ham bilmaymiz. Aslida bunday bo‘sh chekni berish noqonuniy, lekin shunga majbur qilishyapti. Chek bermagan fermerga arizangi yoz, deyapti”.

Ozodlik suhbatlashgan uchinchi fermer esa, hokim bu pul ularga davlat tomonidan beriladigan subsidiyadan ushlab qolinishini aytgan:

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev endi fermerlar faqat klaster bilan ishlaydi, hokimlar ularning ishlariga aralashmaydi, degan edi. Bu yildan boshlab bug‘doy va paxta xarid narxlari erkin bo‘ldi. Lekin baribir hokimlarning fermerlar ishiga aralashishi to‘xtamayapti. Pul kerak bo‘lsa, yopishadigani fermerlar. Qaysi daromadimizdan olasizlar bu pulni deb so‘rasak, subsidiya keladi, o‘shandan olamiz deydi. Subsidiya keladigan bo‘lsa, davlat uni fermerga yordam sifatida beradiku, biror qarzingga ishlat, birorta texnika sotib ol, deb. Tuman bo‘yicha qariyb 450ta fermer bor. Har biridan uch milliondan olsa, bilasizmi qancha bo‘ladi? Ana 400tasidan ham oldi deylik, 1 milliard 200 million so‘m bo‘ladi. Bu hazilakam pulmi? Qachon hokimlarning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yiladi? Men qo‘shni viloyatlardan so‘radim, ularda bunaqa holat yo‘q”.

Ozodlik fermerlarning bu iddaolariga munosabat olish uchun Do‘stlik tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Berdiyor Qorayev bilan bog‘landi. Ammo Qorayev Ozodlik so‘zini eshitishi bilanoq aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimligining o‘zini Sohibjon deb tanishtirgan mulozimi, fermerlar iddaolarini va Ozodlik telefonini birma-bir yozib olgach, hokim majlisdan chiqib, o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. Biroq kun davomida hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 4 - fevral kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida hokimlarning fermerlar ishiga aralashmasligini aytgan edi.

“Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, - degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga, hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yilishini aytgan edi.

Ammo Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hokimlarning fermerlar faoliyatiga aralashishi, ulardan reja talab qilish amaliyoti hali ham davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG