Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2022, Тошкент вақти: 07:38

“Jonidan o‘tkazib yuborishdi”. Farg‘ona NQIZda ayol nega o‘ziga o‘t qo‘ydi?


O‘zbekistondagi eng yirik zavodlardan biri bo‘lgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi daromadi mustaqillikdan so‘ng birinchi oila nazoratida bo‘lib kelgan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi(FNQIZ)ning ishchisi, 47 yashar Sanobarxon Haydarova 2-avgust kuni ertalab zavod binosi ichida ustiga benzin sepib o‘zini yoqib yuborgan.

Ayol shu tariqa o‘zining ishdan bo‘shatilganiga norozilik bildirgan.

Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

FNQIZ rasmiylari Sanobarxon Haydarovaning ishdan bo‘shatilmagani, ruxsatnomasini unutib qoldirgani oqibatida uni ishxonaga kirgizilmagani va ayolning oilaviy mojarolar tufayli stress holatiga kelib o‘ziga o‘t qo‘yganini iddao qilmoqda.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan Haydarovaning yaqinlari korxona qorovullari uni ish joyidan majburlab tashqariga olib chiqib qo‘ygani, ayol o‘zimga o‘t qo‘yaman desa ham befarq bo‘lganini aytmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bu voqea yuzasidan o‘zining rasmiy Telegram-kanalida qisqa xabar qoldirdi:

“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlovchi 47 yoshli ayol o‘zining ustiga benzin sepib, yoqib yuborganligi holati yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Ayolning o‘zini yoqib yuborishi sabablari aniqlanmoqda. Jabrlanuvchi ayolga ochiq olovdan kuyishi og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilgan”.

FNQIZ rasmiylarining Podrobno.uz. saytiga bergan xabariga ko‘ra, “ayol ishdan bo‘shatilmagan, uning oilasi bilan muammosi bo‘lgan”.

Xabarda aytilishicha, 2-avgust kuni ertalab soat 7.37da 32-sexning 2-razryadli suvoqchisi bo‘lib ishlayotgan Sanobarxon Haydarova ruxsatnomasi bo‘lmagani sababli qorovullar uni zavodga kiritmagan.

“Sanobarxon Haydarova o‘zining hayronligini agressiv holatda qorovullarga aytgan va binodan chiqib ketgan. Bir soatdan so‘ng qaytib kelib, ustiga benzin quyib o‘zini yoqib yuborgan”.

FNQIZ rasmiylarining aytishicha, Sanobarxon ishlayotgan sex modernizatsiya qilinishi sababli, unga Ta’mir-qurilish mexanik boshqarmasiga shu maosh bilan ishga o‘tish taklif qilingan va uni ishdan bo‘shatish ko‘zda tutilmagan.

“Boshqarmaga o‘tkazish haqidagi arizani Sanobarxon shaxsan o‘zi yozgan. Shuning uchun ham ba’zi OAVning uni ishdan qisqartirilgani haqida yozganlari yolg‘on. Shu ariza asosida u boshqarmaga ishga qabul qilingani haqida buyruq berilgan”, deyiladi FNQIZning Podrobno.uz.ga bergan xabarida.

Xabarda aytilishicha, Haydarovaning o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bundan avval ham kuzatilgan:

“U ishga qabul qilinmasdan oldin ham avvalgi ish beruvchilariga o‘z joniga qasd qilishga yaqin bo‘lgan holatlarda tahdid qilgan. Lekin tahdidlar og‘zaki shaklda bo‘lgan. Bu haqda tegishli organlarga xabar berilgan”.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan Sanobarxon Haydarovaning ismi sir qolishini so‘ragan qarindoshlaridan biri, bu iddaolarning barchasini yolg‘on deydi:

“Biz uni oldidamiz. 70 foiz kuyish jarohati olgan. Ko‘zlari ko‘rmayaptiyu, lekin hushi joyida, hammasini eslab gapiryapti. Opamiz hech qachon o‘ziga o‘t qo‘yadigan ayol emas. Jonidan o‘tkazib yuborishdi. Menga o‘zi voqea qanday bo‘lganini aytib berdi. O‘tgan kuni boshqa ishga o‘tkazamiz, arizangizni yozing deyishgan. Xo‘p deb, yozgan. Lekin u ishga borsa, qabul qilishmagan, ro‘yxatda yo‘qsiz deyishgan. O‘rtada tamoman ishsiz qolgan. Keyin zamdirektor Feruza opaning oldiga kelgan. U yerda ham siz sokrashcheniyaga tushdingiz deb aytgan. Yig‘lab - siqtab qaytib ketgan. Kecha eski ish joyiga kelib, avvalgiday ishlayvergan. Lekin, ishlagani qo‘yishmagan va qorovullar sudrab tashqariga olib chiqib tashlashgan. Opamizni aldashgan”.

Suhbatdoshning aytishicha, shundan so‘ng u o‘ziga o‘t qo‘yishi haqida ogohlantirgan:

“O‘zimni yoqvoraman desa qo‘lingdan kelganini qil, bizning sendan boshqa ishimiz yo‘qmi, deyishgan. Sumkasiga bir baklajkada benzin sovolgan ekan, achchiq ustida quyib yoqivorgan”.

Yaqinlarining aytishicha, 47 yashar Sanobarxon Haydarova Quva tumanining Akbarobod tumanidan qatnab ishlagan. To‘rt qizi bor, uch nafarini uzatgan. Kenja qizi 9- sinfga o‘tgan. Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, ikki oy oldin eri ham yiqilib, nogiron bo‘lib qolgan:

“Har kuni ikkita Damas almashtirib ishga kelardi. Sakkiz yildan buyon shu zavodda ishlayotgandi. Mukofotga faxriy yorliq, televizorlar olgan. Oilaning yagona boquvchisi edi. O‘zini yoqvorishiga sabab bo‘lgan zavod rahbarlari endi uning atrofida girdikapalak, hamma narsani ta’minlab turibdi. Biroq yong‘in bo‘lib o‘tganidan keyin suvning nima keragi bor?”

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishchilari shtatlar qisqartirilishi, maoshlarni ozligidan doim shikoyat qilib kelganlar.

O‘tgan yillar davomida zavodda bir qancha norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tgan.

Ushbu zavod uzoq yillar O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qayinsinglisi Tamara Akbarova va uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevlar orqali birinchi oila nazoratida bo‘lgani aytiladi.

2019-yilda Prezidentning maxsus qarori bilan zavodning 100 foizlik ulushiga egalik haqini Indoneziyaning «RT Trans Asia Resources» shirkati egalari asli o‘zbekistonlik Aslanovlar olgan edi.

Biroq 2021-yilning may oyida zavod yana sotuvga qo‘yildi.

FNQIZ fondidagi 100% ulush “Sanoat Energetika Guruhi” (sobiq Jizzakh Petroleum) kompaniyasiga sotildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, kelishuv narxi 100 mln AQSh dollarini tashkil qilgan.

Ammo ochiq savdo deb e’lon qilingan jarayonda “Sanoat Energetika Guruhi”dan boshqa yana qaysi talabgorlar ishtirok etgani va ularning takliflari haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmagan.

Bitim doirasida “Sanoat Energetika Guruhi” zavodni modernizatsiya qilish uchun 380 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Xaridorga ikki yil mobaynida korxonadagi ish o‘rinlari va ishchilar sonini saqlab qolish, xodimlar ish haqini kamaytirmaslik kabi ijtimoiy majburiyatlar ham yuklangan edi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov ushbu oldi-sotdiga munosabat bildirar ekan, qanday qilib O‘zbekistonning 80 foiz neft konlari o‘zini “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ XK deb nomlab olgan ofshor ildizli kontora balansiga o‘tib qolgani”ni savol ostiga oladi.

“G‘alati xususiylashtirish xususiylashtirish legitimligini so‘roq ostiga qo‘yishi, istiqbolda rejim o‘zgarishi bilan natsionalizatsiya xatari va reyderlik ehtimollarini yuzaga chiqarishini qo‘shni davlatlar misolida ko‘p ko‘ryapmiz, mayli, ko‘p uzoqqa bormay, o‘zimizning qora o‘tmishimizga nazar tashlang.

Hozir savol zavodning g‘alati xususiylashtirilishi haqida emas, qanday qilib O‘zbekistonning 80% neft konlari va gaz konlarining 20%dan ko‘pi “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ QK balansiga o‘tib qolgani haqida”, – deb yozgan iqtisodchi.

XS
SM
MD
LG