Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2023, Тошкент вақти: 07:03

Jurnalist Anora Sodiqova o‘ziga tahdid bo‘lganini aytdi. Huquq-tartibot idoralari jim


Jurnalst Anora Sodiqova

Jurnalist tahdid sabab o‘zbek oligarxi haqidagi maqolasini saytdan o‘chirdi. Ombudsman bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishni talab qildi. Ekspert yangi aeroport bahonasida pul o‘zlashtirilishi ehtimolidan bahs etdi.

Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.

Jurnalist Anora Sodiqova o‘ziga tahdid qilinganini aytmoqda

13-aprel kuni “Rost24” saytida jurnalist Anora Sodiqovaning “Xalqaro moliyaviy kriminallar ro‘yxatida ko‘ringan o‘zbek oligarxi” nomli maqolasi e’lon qilingan. Maqolada Pandora papers hujjatlarida nomi qayd etilgan o‘zbekistonlik tadbirkor Jahongir Usmonovning faoliyati xususida so‘z borgan. Jurnalist o‘z surishtiruvida O‘zbekiston futbolining bir necha yillik rahbari, marhum senator Mirabror Usmonovning o‘g‘liga tegishli bir necha kompaniyalarning zanjiri offshor hududlarga, moliyaviy jinoyatlarga tomon yetaklashini aytadi.

Shuningdek, jurnalist tadbirkor yirik mablag‘larini yashirish, xorijdagi offshor kompaniyalar hisob raqamlariga olib chiqish uchun “Ezgu maqsad” xayriya fondidan foydalangan bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

Bu haqda maqola va videomaterial e’lon qilingach, orada ko‘p o‘tmay Anora Sodiqova tahdidlar sabab ularni tarmoqdan o‘chirishga majbur bo‘lgan.

“Men fondga intervyu uchun borganimdayoq tepadagilarning familiyalarni aytishdi. Go‘yo men bu “signal”dan so‘ng surishtiruvni to‘xtataman. Bir oy izlanib, faktlar asosida material tayyorladik va e’lon qildik. Biroq sherigimning raqamiga qo‘ng‘iroq qilishib, “tinch hayot kerak bo‘lsa” materialni olib tashlashimiz kerakligini aytishgan. Shundan so‘ng maqolani saytdan olishga, YouTube sahifasidan o‘chirishga majbur bo‘ldik”, deydi Anora Sodiqova “Human.uz” saytiga.

Bu voqea jamoat faollari va jurnalistlarni tashvishga solgan.

“Jurnalist Anora Sodiqova atrofida bo‘layotgan holatdan biz xavotirdamiz. Qonun ustuvor davlatlarda har qanday ziddiyatli holatlar (agar u bo‘lsa) faqat sud orqali hal qilinishi kerak. Jurnalistga tahdid qilishga, umuman tahdidlarga hech kim haqli emas. U zamonlar o‘tib ketdi. Qaytarishga urinmang. Fond bu holatni kuzatib boradi”, deb yozdi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.

Ammo ayni paytda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari jurnalistga tahdid yuzasidan biron munosabat bildirgani yo‘q.

“Avval borini ishlatinglar!” – Iqtisodchi vodiy uchun yangi aeroport qurish loyihasini tanqid qildi

Farg‘ona vodiysida hududdagi har uchala viloyat uchun yagona bo‘lgan xalqaro aeroport qurilishi kutilmoqda. Rasmiy izohga ko‘ra, Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgan va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan.

Iqtisodiy tahlilchi va bloger Otabek Bakirov yangi aeroport tashabbusini keptiv loyiha deb atadi.

“O‘zi vodiydagi uchta aeroportning quvvatidan to‘liq foydalanilayotgani yo‘q. “Ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan” emish. E baraka topgur, avval bor salohiyatini ishlatib olinglar. Bundan 25 yil avval ham Andijon aeroporti kuniga 7-8 ta reys qabul qilgan. Hozir haftasiga shuncha reys yo‘q”, deb yozadi ekspert.

O.Bakirov yangi aeroportni qurishdan asl maqsad aviatsiya biznesini oshirish ekanini shubha ostiga olgan.

“Agar aksi bo‘lganida avval modellashtirilgan iqtisodiy asoslari keltirilardi. Bu aeroport qurilishi loyihalash va pudrat ishlari bilan imkon qadar ko‘p pul o‘zlashtirishga qaratilgan navbatdagi milliard dollarlik keptiv loyiha bo‘ladi. 6 yillik tajribamiz inobatga olinsa va keptiv loyihalar o‘zlashtiruvchilarining sanoqli vakillarini nomma-nom bilishimizdan kelib chiqilsa, aeroport quruvchisiyam yana begona bo‘lmaydi”, deb yozadi muallif.

O‘zbekiston “kanadek yopishib olgan to‘rtta oligarx o‘g‘rini boqish uchun butun resurslarni ularning foydasiga taqsimlashga ko‘z yumadigan boy davlat emas”ligini ta’kidlagan O.Bakirov bu borada birgina Kutaisi aeroporti tarixini o‘rganib chiqishni tavsiya etgan.

Ekspert shamol elektr stansiyasining salbiy jihatini ochiqladi

O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limining tabiiy fanlar instituti qayta tiklanuvchi energiya bo‘limi boshlig‘i Yusuf Kamolov Beruniy tumanida birinchi shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi haqida gapirdi (“Ishonch” gazetasi, 12- aprel).

100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi 120 ming xonadonni energiya bilan ta’minlashi kutilmoqda. An’anaviy usulda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun gaz va neft kerak. Shamol elektr stansiyasi loyihasi esa tabiiy resurslarni tejashga xizmat qiladi.

Ekspert, ayni choqda, shamol hisobiga ishlaydigan stansiyalarning salbiy jihatlari, xususan, qushlar uchun xavfli ekaniga ham e’tibor qaratgan.

“Stansiyaning parraklari juda katta bo‘lib, ular soniyasiga 60 metr tezlikda aylanadi. Demak, o‘ziga kelib urilgan qushlarni nobud qilishi turgan gap. Shu bois stansiyalar bunyod etiladigan joy dastlab ornitologlar tomonidan ham o‘rganib chiqiladi... Ba’zi davlatlarda qushlarning ko‘chish mavsumida stansiyalar faoliyati vaqtincha to‘xtatib turiladi”, deydi Yu.Kamolov.

Olim ilmiy tadqiqotlar uchun katta miqdorda mablag‘ zarurligini ham yodga olgan.

“Xorijda biror ixtiro qilinsa, ishonishadi va katta pulga sotib olishadi. Bizda, aksincha, negadir olimlarimizga ishonishmaydi. “Bularning qo‘lidan nima ham kelardi?” degandek loqayd munosabatda bo‘lishadi. Bizning eng og‘riqli va fojiali muammomiz ana shunda”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev 2050-yilgacha mamlakatda tabiiy gaz, ko‘mir va neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanish to‘xtatilishini ma’lum qildi.

“Bank xodimlari burnimdan ip o‘tkazib sudradi” – Yulduz Usmonova klinika ochishda duch kelgan qiyinchiliklari haqida

Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga tegishli tibbiy klinika tantanali ravishda ochildi (www.daryo.uz, 12-aprel). Tadbirkorlikka qo‘l urgan san’atkorning aytishicha, klinikani ochish oson bo‘lmagan.

“Men ilgari ashulamni aytib yuraverar ekanman. Biznesmenlarni faqat boy odam deb bilar ekanmiz. Bechora biznesmenlarning qancha muammosi borligini o‘zi bilar ekan, xolos. Hokimlik-ku, yakka o‘zi qaror qabul qilishga qo‘rqadi. Tumanga ariza bersangiz, shaharga jo‘natadi, undan keyin boshqasiga yuboradi, xullas, hammasi asabbuzarlik. Hokimlikdagilar klinika ochishga ruxsat berguniga qadar bir yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Undan keyin bank burnimizdan ip o‘tkazib sudradi”, deya hikoya qiladi xonanda.

Yulduz Usmonova.
Yulduz Usmonova.

Usmonova bank xodimlaridan qattiq ranjiganini aytgan.

“Men-ku mayli, boshqa yoshlar ham biznes g‘oyasi bilan bankka borsa, shunday bo‘laveradimi? Kreditni ham 22 foizdan berishdi, bu kichkina mablag‘ emas. Yulduz Usmonova bo‘lib shuncha qiyinchilik bilan kredit olsam bu ketishda biz hech qachon o‘smaymiz. Bank boshqaruvchilari 2-3 yilda o‘zgarib tursa ham burni osmonu falakda ekan”, deydi u.

Xonanda suhbat davomida klinika uchun litsenziyani tanish-bilishchiliksiz olgani haqida gapirgan.

“Ochig‘i, klinikaning ruxsatnomasini bir-ikki so‘m berib yoki Yulduz Usmonovaman deb olganim yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligidan tanish-bilish qilsam ham bo‘lardi. Atayin ustiga bir tiyin pul bermay, hammasini qonun doirasida qildim”, deydi Yu.Usmonova.

Yangi ochilgan klinika xonandaning birinchi tadbirkorlik ishi emas. Uning Sergeli tumanida tikuv fabrikasi ham bor. Intervyulardan birida Yu.Usmonova fabrikadan katta daromad olmasa-da, yopa olmasligi haqida aytib o‘tgandi.

Ombudsman: qashshoqlik bolalarning tahqirlanishi xavfini oshiradi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida yashovchi ayol farzandlariga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazayotgani aks etgan video tarqalishi ortidan O‘zbekistonning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova bayonot berdi (www.gazeta.uz, 11-aprel).

“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtating! Har bir bola zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega. Biz jamiyat sifatida buni qabul qilmasligimiz kerak. Biz ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun mas’uliyatini kuchaytirishimiz, bolalarni shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, deydi u.

A.Yunusova bolalarning tahqirlanishi, kaltaklanishiga olib kelayotgan omillarga ham to‘xtalgan.

Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova.
Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova.

“Ota-onalarning turmush sharoitining og‘irligi, qashshoq va kambag‘alligi, ularning spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi va o‘z farzandlarini tashlab ketishi hamda migratsiyasi bolalarning qarovsizligi, tahqirlanishi yoki ekspluatatsiyasi xavfini oshiradi. Bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar va shuning uchun kamdan-kam hollarda kerakli yordamni olishadi”, deydi Bolalar ombudsmani.

Rasmiy vakil bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVda e’lon qilinishidan oldin mas’ul organlarga xabar berilishi maqsadga muvofiq ekanini aytgan.

“Chunki bolalar mavzusining OAda yoritishning o‘ziga xos etikasi va qonun-qoidalari, talablari bor. Jabrlangan bolalarni tanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar berilmasligi kerak”, deyiladi munosabatda.

Ukraina urushi sabab O‘zbekistonda dori-darmon taqchilligi kuzatilishi mumkin

Xalqaro vaziyat sabab O‘zbekistonda aholi uchun zarur 150 turdagi dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjud (“Oila va tabiat” gazetasi, 14-aprel). Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda sohaga oid ellikka yaqin muammo sanab o‘tilgan va ularga hamon yechim topilmayotgani tanqid qilingan.

Jumladan, qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilmagani, mahalliy ishlab chiqaruvchilar amaliyotda 15 foizli narx preferensiyasidan foydalana olmayotgani qayd etilgan. Misol uchun, 2021-yilda 24 turdagi qalbaki, 400 turdagi sifatsiz, 1,5 mingdan ziyod nomdagi kontrafakt va 2,5 ming nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlangan. Bosh prokuraturaga bu borada nazoratni kuchaytirish topshirilgan.

Hududlarni dori vositalari bilan ta’minlanish holati ham mutlaqo qoniqarsiz deb baholangan.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda yiliga 1,6 milliard dollarli 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar mamlakatda ishlab chiqarilgani holda, har yili qariyb 1,2 milliard dollarli mahsulotlar chetdan keltiriladi.

XS
SM
MD
LG