Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:04

Kadrlar "rokirovkasi": Mirziyoyev nihoyat yoshlarni hokimiyatga olib kelmoqdami?


Sardor Umurzoqov (chapda) prezident Shavkat Mirziyoyev va Islom taraqqiyot banki rahbari Muhammad Al-Jassir bilan - 2 - sentabr, 2021.
Sardor Umurzoqov (chapda) prezident Shavkat Mirziyoyev va Islom taraqqiyot banki rahbari Muhammad Al-Jassir bilan - 2 - sentabr, 2021.

Ikkinchi muddatga qayta saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev, tez orada hukumat tarkibini yangilashi, hatto Bosh vazirni almashtirishi kutilayotgani aytilmoqda.

Prezident ma’muriyatiga yaqin manbalar, amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov o‘rniga “prezident komandasi”dan yosh va sadoqatli nomzod tanlanishini taxmin qilmoqda.

Bosh vazirning almashishi haqida tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q. Toshkent shahar hokimligi oldinroq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning lavozimdan olingani haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi.

O‘zbekistonda yangi prezident saylanishi, prezidentning o‘zi o‘zgarmaganidek, hukumatda ham muqarrar o‘zgarishlarni anglatmaydi. 2011 - yilda, hali Karimov davrida konstitutsiyaviy islohot deb atalgan o‘zgarishlar ortidan parlamentga bosh vazir nomzodini ko‘rsatish va tasdiqlashda ko‘proq vakolatlar berilgan edi. Ammo amalda prezident hokimiyat vertikali o‘zgarishsiz qolgan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk oylarda ikki yilda hukumatni butunlay o‘zgartirish, hokimiyatga yoshlarni olib kelishga va’da bergan edi. Ammo bu amalga oshgani yo‘q va hukumat tarkibi o‘zgarishi bilan bog‘liq oxirgi kutilmalar, Mirziyoyevning hanuzgacha amalga oshmagan ana shu va’dasi bilan ham bog‘liq.

17 - yanvar kuni Xalq ta’limi vaziri, 44 yashar Sherzod Shermatov Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga o‘tkazildi, uning o‘rnini O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi bo‘lgan 40 yashar Baxtiyor Saidov egalladi.

Oldinroq Bosh vazir o‘rinbosari Bekzod Musayev Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangandi.

Ustoz-shogird

Hukumatdagi o‘zgarishlar borasida nomi eng ko‘p tilga olinayotganlardan yana biri Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqovdir.

Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil manbalar Sardor Umurzoqov bosh vazirlikka ehtimoliy nomzodlardan biri ekanini aytmoqda.

Umurzoqovni shaxsan taniganlarning ayrimlari, uni “murosasoz”, “munosabatlarda balansni saqlashga” intiladigan, g‘arb hukumatlari va investorlar bilan gaplasha oladigan zamonaviy rahbar deb ta’riflasa, tanqidchilari “ashaddiy karyerist”, prezident izmidan chiqmaydigan “itoatgo‘y shogird”, deb sifatlamoqda.

1977 - yilda Toshkentda tug‘ilgan Sardor Umurzoqov, O‘zbekiston hukumatining tashqi iqtisodiy aloqalardagi muhim idorasi - O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tayinlangan eng yosh kadrdir.

Uning Shavkat Mirziyoyev bilan ustoz-shogirdlik munosabatlari borligi va prezidentning odami ekani aytib kelinadi.

“Professor, akademikning o‘g‘li, onasi ham domla. Otasi Irrigatsiya universiteti rektori bo‘lgan, Amerikada dars bergan. Sardorning o‘zi ham Angliyada o‘qigan, ingliz, rus va o‘zbek tillarida juda yaxshi gapiradi, gramotniy bola. Mirziyoyev hukumatidagi eng gramotniy shu o‘zi”, deb yozdi Ozodlikning hukumat ichidagi manbalaridan biri.

Ozodlik, O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan bunday ehtimol haqida biror izoh ololgani yo‘q. Ammo vazirlikning ismini sir saqlash sharti bilan gaplashgan mulozimiga ko‘ra, Umurzoqov “barchadan teng masofalanish” yoki hokimiyat doiralaridagi turli guruhlar o‘rtasida muvozanatni ushlash tarafdori:

“Juda ilg‘or fikrlovchi, teran dunyoqarashli va demokratik kelajakka intilgan inson. Barcha kuchlardan teng uzrqlashishda turish va ular ta’siri o‘rtasida balans tutish tarafdori. Afsuski, na kapitali va na kuch ishlatuvchi organlar orasida qo‘llovchisi yo‘q”, - dedi hukumatdagi manba.

Yaqinda Umurzoqovdan intervyu olgan “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaga ko‘ra, Umurzoqov mamlakat tashqi investitsion siyosatida muhim rol o‘ynayotgan rahbar.


“Talabchan, o‘ziga ishongan, prezidentga yaqin kadrlardan biri. Unga tashqi siyosatda muvonazatni ta’minlashga harakat qilayotgan, G‘arb bilan gaplashsa g‘arbparastday, Rossiya bilan gaplashsa rossiyaparastday tuyuladigan, Fors ko‘rfazi va arab davlatlari bilan ham yaqin, tashqi iqtisodiy-moliyaviy siyosatda balansni ta’minlashga harakat qilayotgan inson sifatida qarashadi”.


“Mirziyoyevning o‘zi tayyorlagan”


Sardor Umurzoqovning otasi - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining sobiq rektori, shu yil yozida olamdan o‘tgan professor O‘ktam Pardayevich Umurzoqovdir.

Sovet davrida bu professorning otasi - Parda Umurzoqov, prezident Shavkat Mirziyoyev tug‘ilib o‘sgan Zomin tumanida birinchi kotib bo‘lgan.

O‘ktam Umurzoqov bilan o‘qigan kursdoshlaridan birining xotirlashicha, Umurzoqov va Mirziyoyevlar o‘rtasida oilaviy bordi-keldi har doim bo‘lgan va “Sardor Mirziyoyevning ko‘z o‘ngida ulg‘aygan”:

“O‘ktam Pardayevich, Shavkat Miromonovichlar bilan bir paytda Irrigatsiya institutida o‘qiganmiz. Bular avvaldan do‘st edi. Keyinchalik Mirziyoyev katta rahbar bo‘lib ketdi. O‘ktam Pardayevich bir umr ilmda qoldi, amal yo‘lidan ketmadi. Sardor bu ikkala do‘stning orasida katta bo‘lgan, Mirziyoyevning o‘zi yoshligidan qo‘llab o‘stirgan, ishonchli bola. Shuning uchun prezident bo‘lishi bilan, orqasida kattakon tanishlari bo‘lmasa ham, bu bolani darrov yoniga olib, vazir qilib qo‘ydi”.

Avvalroq mahalliy matbuot Sardor Umurzoqovga topshirilgan vazifa hamda vakolatlar ko‘lamining kattaligiga e’tibor qaratgan va vazirlik bunga rasmiy izoh bergan edi.

Umurzoqov hozirning o‘zida:

  • Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri;
  • Tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha kengash raisi;
  • Jahon Savdo tashkilotiga (JST) kirish bo‘yicha idoralararo komissiya raisi;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchisi;
  • Islom taraqqiyot banki (ITB) Guruhi Boshqaruvchilari Kengashi – Bank oliy boshqaruv organi Raisi, O‘zbekiston tomonidan Boshqaruvchi;
  • Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi raisi;
  • O‘zbekistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi raisi;
  • O'zagroeksportbank" ATB kengashi raisi;
  • "O'zbekinvest" NKEIS direktorlar kengashi raisi;
  • "O'zbekinvest" xalqaro sug‘urta kompaniyasi direktorlar kengashi raisidir.

Rost24.uz nashri Umurzoqovning vazifalari ro‘yxatini e’lon qilgan va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga doir savollarni qo‘ygan edi.


“Umid”chi yosh vazirlar


O‘zbekistonda jami 24 ta vazirlik, 10 ta davlat qo‘mitasi, 6 ta davlat inspeksiyasi va yana bir necha davlat agentligi bor. Bularning aksaridagi 1-rahbar va o‘rinbosarlarining o‘rtacha yoshi 65-70 yoshlar oralig‘ida.

Katta yoshdagi vazirlarning aksar qismi sovet davrida ta’lim olgan, sovet nomenklaturasidan chiqqan rahbarlardir.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan, davlat strukturasini isloh qilish, xodimlar sonini qisqartirish hamda yoshartirishni va’da qilgandi.

Keyingi yillarda bir necha muhim vazirliklarga nisbatan yosh kadrlarni tayinladi ham:

  • 44 yashar Sardor Umurzoqov Tashqi investitsiyalar va savdo vaziri,
  • 44 yashar Sherzod Shermatov sobiq Xalq ta’limi, endilikda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri,
  • 41 yashar Ruslanbek Davletov Adliya vaziri,
  • 42 yashar Temur Ishmetov Moliya vazir,
  • 48 yashar Behzod Musayev Sog‘liqni saqlash vaziri,
  • 40 yashar Baxtiyor Saidov Xalq ta’limi vaziri shular jumlasidandir.
OzodNazar: Мирзиёев Иноятовга амал беришга мажбур эди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:26 0:00

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, bir-biri bilan tengqur bu kadlarning hammasi Shavkat Mirziyoyev shaxsan tanlagan kadrlardan iborat “prezident komandasi”ga mansub.

Ularning aksari o‘z vaqtida marhum prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ochilgan “Umid” jamg‘armasi vositada Yevropadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib qaytgan.

Aksariga “xorijda o‘qigan, chet tillarni biladigan, zamonaviy ilg‘or texnologiya va siyosiy tendensiyalardan xabardor” degan ta’riflar beriladi.

"Sadoqat"


Ozodlik gaplashgan hukumatga yaqin mulozimlardan biri ularning yana bir mushtarak jihati “prezidentga sadoqati va itoati” ekanini aytdi.

“Sardor Umurzoqov, Sherzod Shermatov, Temur Ishmetov, Ruslanbek Davletov - bularning hammasi vazir qilinishi bilan darrov ko‘zga ko‘rindi. O‘ziga ishonadi, gapiradigan gapini biladi, siyosatni tushunadi. Lekin bularning hammasi prezidentga itoat qiladigan, siyosiy irodasini ko‘rsatib, ortiqcha gapirib boshlasa, amaldagi sistema ko‘tarmasligini juda yaxshi tushunadigan bolalar”, deydi ismini sir saqlab gaplashgan hukumatga yaqin manba.

Mirziyoyev o‘z chiqishlarida mulozimlarning sadoqati haqida ko‘p gapiradi va tahlilchilar ham Karimov davridan buyon kadlarga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri prezidentga shaxsiy sadoqat bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydilar.

Sobiq mulozimlardan birining aytishicha, xuddi shu narsa amaldorlarning korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq ko‘pgina harakatlariga ko‘z yumilishiga sabab bo‘ladi.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, joriy prezidentga sadoqat hukumatdagi nisbatan yosh kadrlarni Karimov davrida hokimiyatda mustahkam ildiz otgan eski va qudratli mulozimlar, mahalliy klan va moliya-sanoat guruhlarining bosimidan ham himoyalashi mumkin.

Ammo bular faqat taxmin va faraz, xolos - hukumat tarkibidagi juz’iy o‘zgarishlar hamda ochiqlik haqidagi gap-so‘zlarga qaramasdan, O‘zbekistondagi hokimiyatning tabiati o‘zgarmas - yopiqligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG