Rossiyaning Novosibirsk viloyatida mehnat muhojirlariga taksichi, ichkilik va tamaki sotuvchisi bo‘lib ishlash man etildi.
Viloyat gubernatori Andrey Travnikov tomonidan 15-aprel kuni imzolangan qarorga ko‘ra, mazkur sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar “ishlatilayotgan xorijlik xodimlar sonini qaror bilan muvofiq holga keltirishlari” lozim. Bu ish “Novosibirsk viloyatida milliy xavfsizlik, turmush xavfsizligi va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida” amalga oshirilayotgani aytilgan.
16-aprel kuni Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov patent asosida ishlayotgan migrantlarga o‘lka hududida taksichilik qilishni taqiqlab qo‘ygan. Hudud rahbari bu qarorni “mintaqada turli jinoyatlarni sodir etayotgan noqonuniy migrantlar ko‘pincha taksida ishlaydi”, deya izohlagan.
“Qabul qilingan chora va migratsiya siyosatining kuchaytirilishi taksilarda yo‘lovchi tashish bozorini yanada xavfsizroq qiladi, deb hisoblayman”, deb yozgan Solodov o‘z telegram-kanali orqali.
2023-yil oktyabrida Rossiya Davlat dumasiga xorijlik fuqarolarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlatga qarashli tibbiy muassasalarda, taksi va yuk tashish sohalarida ishlashni taqiqlash taklif etilgan qonun loyihasi kiritilgan edi.
2023-yil noyabrida Davlat dumasi spikerining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy “Rossiyaning migrantlarga nisbatan pozitsiyasi passiv”ligidan taassufda ekanini aytgan. U ayrim postsovet mamlakatlaridan kelgan kishilarga kuryer, taksi haydovchisi va sotuvchi bo‘lib ishlashni taqiqlashni taklif qilgan edi.
Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchayib ketdi. Rasmiy versiyaga ko‘ra, mazkur konsert zalidagi terror xuruji Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan. Buning ortidan Rossiyaning turli hududlarida huquq-tartibot idoralari xodimlari xorijlik ishchilar yashaydigan va ishlaydigan joylarda yoppasiga tekshiruvlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlarni harbiy komissariatda qaydga qo‘yish kuzatilgan.