Линклар

Шошилинч хабар
17 феврал 2025, Тошкент вақти: 09:51

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo iste’foga chiqishini e’lon qildi


Jastin Tryudo
Jastin Tryudo

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Liberal partiya lideri maqomini, shu bilan birga hukumat rahbari lavozimini tark etishi haqida e’lon qildi.

Kanada parlamenti faoliyati 24-martgacha to‘xtatiladi. Kanada Liberal partiyasi Tryudoning vorisini tanlashi lozim bo‘ladi, u avtomatik ravishda mamlakatning yangi bosh vaziriga aylanadi.

Davlatning yangi lideri “umumxalq musobaqa jarayoni” natijasida saylanishi lozim, deya urg‘ulagan Tryudo. U partiya yangi rais saylashi bilan o‘z vakolatlarini topshirishini bildirgan.

Tryudoga ko‘ra, yaqin oylarda mamlakatda yangi saylov bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uning o‘zi saylovlarda ishtirok etmoqchi emas.

Shu yil oktyabrida Kanadada galdagi parlament saylovi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Endi esa saylov muddatidan ilgari o‘tkazilishi mumkin.

Tahlilchilar qaydicha, Tryudoning ketishi Kanada Konservativ partiyasini liderlik maqomiga qaytarishi mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda, uning raisi Per Pualevr Kanadaning keyingi bosh vaziriga aylanishi mumkin. Biroq Tryudo o‘z nutqida Pualevrning Kanada siyosiy istiqboliga oid qarashlarini “to‘g‘ri emas” deb atagan: “Bizga kelajagimiz borasida nekbinona qarash lozim. Pualevr buni taklif qilayotgani yo‘q”.

Ommaviy axborot vositalari Tryudo iste’foga ketishi mumkinligi haqida so‘nggi bir necha haftadan buyon yozib kelishayotgandi. U moliya vaziri Xristina Friland kutilmaganda iste’foga chiqishi ortidan muammolarga duch kelgan.

Friland Tryudoga yo‘llagan va keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan maktubida bosh vazir unga hukumatda boshqa lavozimga o‘tishni taklif qilganidan keyin o‘zida iste’foga chiqishdan boshqa chora qolmaganini bildirgan.

Xristina Friland Tryudoning iqtisodiyotni boshqarishga yondashuvini ham tanqid qilgan va bosh vazirni AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampdan kelayotgan xatarga qarshi tura olish uchun Kanada provinsiyalari rahbarlari bilan birgalikda ishlashga chaqirgan.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, 2024-yil dekabr holatiga ko‘ra Tryudo boshqaruvini kanadaliklarning faqat 22 foizigina ma’qullaydi, bu Tryudo hokimiyat tepasiga kelganidan beri eng quyi ko‘rsatkichdir. U Kanada Liberal partiyasiga 2013-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi. 2015-yilda esa Tryudo mamlakat tarixida eng yosh bosh vazirga aylangan.

XS
SM
MD
LG