Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:28

"Katta og‘a" kuzatmoqda: Rossiyaning kuzatuv kameralari


Moskvaning "Muzeon" san’at xiyobonida sovet maxfiy politsiyasi asoschisi Feliks Dzerjinskiyga qo‘yilgan haykal va kuzatuv kamerasi
Moskvaning "Muzeon" san’at xiyobonida sovet maxfiy politsiyasi asoschisi Feliks Dzerjinskiyga qo‘yilgan haykal va kuzatuv kamerasi

2020 - yilda Rossiya kuzatuv kameralari eng ko‘p o‘rnatilgan mamlakatlar orasida 3-o‘ringa chiqib oldi. Hukumat shuningdek, yuz tanish tizimiga millionlab dollar sarfladi hamda Moskvada dunyoning eng mukammal kuzatish tizimlaridan birini ishga tushirdi.

Rasmiylar bu choralar jamoat xavfsizligi darajasini oshirishda hamda koronavirus pandemiyasini jilovlashda ko‘mak berishini aytmoqda. Inson huquqlari faollari esa bu borada oqsayotgan qonunchilik hamda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga ehtimoliy putur yetishidan xavotirda.

Boshqa mamlakatlarda qanday?

TelecomDaily axborot-tahliliy agentligi hisobiga ko‘ra, Rossiyada 2020 - yilda qariyb 13 mln kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Dunyoda kuzatuv kameralari faqat Xitoy (200 mln) va Qo‘shma Shtatlarda (50 mln) Rossiyadan ko‘proq o‘rnatilgan. Har 1000 odam boshiga to‘g‘ri keladigan kameralar soni bo‘yicha ham Rossiya Xitoy va AQShdan keyingi o‘rinda turibdi.

Rossiyadagi kameralarning katta qismi (deyarli 8 mln) tijorat tashkilotlari tomonidan xavfsizlikni ta’minlash, o‘g‘rilik va jinoyatlarning oldini olish uchun o‘rnatilgan. Kameralarning uchdan biri (tahminan 4,5 mln) 32,8 foizi davlat hisobidan maktablar, davlat muassasalari, yo‘llar va kasalxonalarda o‘rnatilgan. Qolgan 1,1 mln kameraga jismoniy shaxslar egalik qiladi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimlari "Ochiq media" muxolifat guruhi ofisida - Moskva, 9 - sentabr, 2020
Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimlari "Ochiq media" muxolifat guruhi ofisida - Moskva, 9 - sentabr, 2020

Kameralarni kim o‘rnatmoqda?

Avvalgi (masalan, CompariTech and PreciseSecurity.com tomonidan olib borilgan) tadqiqotlarda aniqlanishicha, Rossiya barcha shaharlardagi kameralar haqida hisobot bermagan. Bu boshqa davlatlar bilan solishtirishni qiyinlashtirgan. 2019 - yilda Moskvada 193 ming, Sankt-Peterburgda 55 ming kameralar o‘rnatilgani aniqlangan. Bu ikki shahar ham dunyodagi eng ko‘p videokuzatuv olib boriladigan 50 shahar ichida. Moskvada har 1000 odamga 15,4 kamera to‘g‘ri kelsa, Sankt-Peterburgda har 1000 odamga 10,1 kamera to‘g‘ri keladi.

Videokuzatuvdan maqsad nima?

Ko‘pgina davlatlarning rasmiylari videokuzatuv kameralari jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligi darajasini oshirish hamda yo‘llardagi vaziyatni boshqarishda ko‘maklashishini aytib kelmoqda. Lekin jamoat joylarida insonlarning daxlsizligi hamda kamera orqali olingan ma’lumotlar xatardan xoli saqlanishi borasida xavotirlar ham yo‘q emas.

2020 - yildagi koronavirus pandemiyasi davrida bu masalaga yana bir jihat qo‘shildi. Bir qator mamlakatlar karantinga olingan insonlar uyda bo‘lishini nazorat qilish uchun ushbu yuqori texnologiyalardan foydalangan. Masalan, Gonkongda insonlar qo‘lida karantin bilaguzugi bo‘lishi talab etilgan bo‘lsa, Janubiy Koreyada bemorlarning harakatlanishini telefonining lokatsiyasi orqali kuzatishgan.

Bir necha yillik sinovlardan so‘ng Rossiya 2020 - yilning yanvarida yuz tanish tizimini ishga tushirdi. Moskvada allaqachon o‘rnatilgan 100 ming kameradan aksari ushbu texnologiya bilan jihozlandi. Natijada, pandemiya boshlanganda, Rossiyada odamlar karantin qoidalariga amal qilayotganini nazorat etadigan tizim allaqachon yo‘lga qo‘yilgan edi. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, kameralar axlat tashlagani bir necha daqiqaga ko‘cha chiqqan “qoidabuzarlar” haqida ham mutasaddi organlarni xabardor qilgan.

Tibbiy niqob taqqan ayol Moskvadagi videokuzatuv kamerasi yonida - 1 - aprel, 2020
Tibbiy niqob taqqan ayol Moskvadagi videokuzatuv kamerasi yonida - 1 - aprel, 2020

Kameralarga qancha mablag‘ sarflangan?

Moskva 2019 - yilning o‘zida yuz tanish texnologiyasining jihozlari uchun 53 mln dollar sarflagan.“MBX media” nashriga ko‘ra, 2020 - yilda Moskva meriyasi bu uchun qo‘shimcha 35 mln dollar ajratgan. Mablag‘larning asosiy qismi (taxminan 19 mln dollar) Moskva metropolitenida poyezdlarni videokameralar bilan jihozlashga sarflangan. Qolgan pullar tramvay va avtobuslarda yuz tanish tizimini o‘rnatishga sarflangan.

Keyingi rejalar qanday?

2020 - yil iyunida Rossiya barcha (43 ming) maktablarini “Oruell” nomli yuz tanish tizimi bilan jihozlash borasida shartnoma tuzgan. Rasmiylarning aytishicha, bu tizim o‘quvchilarning maktab vaqtida xavfsizligini oshirish uchun joriy qilinmoqda.

Uch oy o‘tib, qo‘shimcha yuz tanish tizimlari butun Rossiya bo‘ylab o‘rnatilishi e’lon qilingan. Moskvadan tashqari yana 10 ta shaharning jamoat joylarida hamda ko‘p qavatli uylarning ostonasida kameralar o‘rnatiladi. Shaharlar ro‘yxati keltirilmagan, lekin, masalan, Nijniy Novgorodda 3000 ga yaqin kameralar o‘rnatilar ekan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Rossiya politsiyasi insonlarni ularning tatuirovkalari, ko‘z qorachig‘i, ovozi yoki harakatlaridan tanib oladigan tizim ustida ishlamoqda. Harakatlanish tarzidan tanish tizimi insonni 50 metrlik masofadan, u kameraga qaramayotgan bo‘lsa ham tanib olish qobiliyatiga ega. Bu tizim qadam uzunligi, oyoq qo‘yish darajasi yoki qo‘llarning harakatlantirish xosligiga qarab insonning harakatlanishini tahlil qiladi. Tizimni adashtirish oson bo‘lmaydi.

Barcha kuzatuv texnologiyalari ma’lumotlar bazasiga qaram bo‘lgani uchun, Rossiya yuz, barmoq izlari va boshqa biometrik ma’lumotlarning markazlashgan bazasini yaratmoqchi. Bazaga barcha rossiyaliklar va chet elliklarning ma’lumotlari kiritiladi. Bu baza keyingi uch yil davomida shakllantiriladi.

Moskva markazidagi kuzatuv kameralaridan biri
Moskva markazidagi kuzatuv kameralaridan biri

Rossiyaliklar videokuzatuv haqida qanday fikrda?

Yuz tanish tizimi Moskvada ishga tushirilganidan beri sizib ketgan ma’lumotlar haqida xabarlar tarqamoqda. Masalan, raqamli huquqlarni himoya qiluvchi “Roskomsvoboda” tashkiloti “qora bozor”da shaxsiy ma’lumotlari sotilayotgan moskvaliklar haqida hisobot chiqargan. ”Roskomsvoboda” faoli Anna Kuznetsova Moskvaning 79 kamerasidan olingan ma’lumotlarni, jumladan, o‘ziga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. U Moskvaning Informatsion texnologiyalar bo‘limi ustidan sudga shikoyat qilgan. Lekin moskvaliklarning o‘zi bu masalada bo‘linganga o‘xshaydi. Moskvaliklarning 47 foizi videokuzatuvlarga ijobiy munosabatda bo‘lib, kameralar jinoyatchilikka qarshi kurashishini aytmoqda. 42 foiz moskvaliklarning bu boradagi qarashlari salbiy. Ular videokuzatuv o‘z erkinliklarining suiiste’mol qilinishiga olib kelishidan cho‘chimoqda. Ba’zilarning fikricha, kameralar shart bo‘lmay, ortiqcha xarajatdan boshqa narsa emas.

Ne’matmi, la’natmi?

Pandemiya davrida yuz tanish tizimlaridan foydalanish o‘zini oqlagandek tuyulishi mumkin. Lekin huquqbonlar ushbu choralar vaqtincha hamda vaziyatga munosib ekani, yomon niyatda suiiste’mol qilinmasligini ta’minlaydigan tartibni o‘rnatishga chaqirmoqda. Masalan, Rossiya, Belarus yoki boshqa nodemokratik davlatlarda bunday texnologiyalardan joriy hukumatga qarshi namoyishlar ishtirokchilarini aniqlash uchun foydalanilishi mumkin.

Human Rights Watch va Amnesty International kabi xalqaro tashkilotlar Rossiyada inson huquqlari borasidagi vaziyat yomonlashayotganini qayd etgan. Savol ochiq qolmoqda: pandemiya tugagach, Rossiya xavfsizlikni ta’minlash bilan insonlarning daxlsizligi o‘rtasida muvozanatni topa oladimi?

XS
SM
MD
LG