Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 03:49

Kelgusi yil issiq suv tarifi ikki marta oshiriladi


O‘zbekistonda isitish va issiq suv ta’minoti tariflari 2025-yil davomida ikki marta oshirilishi mumkin. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Issiqlik ta’minoti tizimlaridan foydalanish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom To‘rayev ma’lum qilgan.

“Joriy yilda hududlarda narxlar bir marta oshgan bo‘lsa, kelgusi yilda ikki marta oshadi. Gap [zararlarni] qoplash uchun davlat subsidiyalariga borib taqaladi. Issiqlik ta’minotida davlat subsidiyalarining ulushi juda katta. Shu munosabat bilan biz tizimni yangilash va yaxshi sharoit yaratish uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak va buning uchun mablag‘ kerak”, deya iqtibos keltirgan Ilhom To‘rayev so‘zlaridan Gazeta.uz nashri.

Mulozimga ko‘ra, kelgusi yilda elektr energiyasi va tabiiy gaz qimmatlashi sabab isitish va issiq suv tariflari 15 foizdan ikki marta oshishi prognoz qilinmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston poytaxtida 31-oktyabrdan e’tiboran aholi va yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari tariflari 15 foizga oshirilgani haqida xabar qilgan edi.

Poytaxtda markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmati ko‘rsatuvchi “Veolia Energy Tashkent” MCHJga ko‘ra, shahar aholisi asosiy tarifning 14 foizini to‘laydi, qolgan qismi esa shahar budjetidan subsidiya sifatida qoplanadi.

2025-2027-yillar uchun Byudjetnoma loyihasida aholiga pasaytirilgan narxlarda issiqlik yetkazib berishdagi zararni qoplash uchun g‘aznadan 4,2 trillion so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan. Shu maqsadda 2023-yilda 1,6 trillion so‘m sarflangan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkich 1,97 trillion so‘mga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti narxi 2024-yilning 2-aprelida ham 15 foizga oshirilgandi.

XS
SM
MD
LG