Линклар

Шошилинч хабар
27 феврал 2021, Тошкент вақти: 21:43

"Ketsak, ish yo‘q" - Bekobodda oylab maosh olmagan ishchilar o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilmoqda


O‘zbekistonda oylab ishlab maoshini ololmayotgan yoki pul yo‘qligidan xodimlari oyliksiz ta’tilga chiqishga majburlanayotgan faqat “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi ishchilari emas

Toshkent viloyatidagi “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi ishchilari olti oydan buyon oyliklari berilmayotgani, ayrim ishchilar esa o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlanayotganiga norozilik bildirmoqda.

Yuzdan ortiq ishchisiga ega bu shirkat beton qorishmalar va temir beton buyumlar ishlab chiqaradi.

Korxona rahbariyati ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagani va oylik to‘lashga pul yo‘qligidan ishchilarni oyliksiz ta’tilga chiqarishdan boshqa chorasi qolmaganini aytmoqda.

O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til xodimning o‘z roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

“Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasining qoliplash sexi mutaxassisi Abdujalil Qodirov 19 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana o‘nlab hamkasbi o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganini aytar ekan bunday dedi:

"Bitta ishchidan korxonaning kamida 25 million so‘m qarzi bor. Ba’zilarda 45 million so‘m yig‘ilib qolgan. Shunga hozir bessoderjaniya berib yuboryapti. Agregatlar to‘xtab yotibdi. Mart oyida ishga tushadi degan, shunda ishga chiqasizlar deyapti, endi kutyapmiz. Ariq chetiga qo‘yiladigan betonlarni chiqaramiz. Lekin, oilani boqishga pul yo‘q. Olti oygacha oylikni ham bermasdan, mana, bessoderjaniyaga ariza yozasan yo umuman ishdan ketasan, deyapti. Umuman ketsak, ish yo‘q. Ko‘pchiligini pensiya yoshi yaqinlashib qolgan, ishdan ketvorsa pensiyasiz qoladi, - deydi korxona ishchisi.

Korxonaning yana ikki nafar ishchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlanganini aytdi.

"Hozir mardikorlik qilib, amallab turibmiz. Lekin bu maoshsiz ta’til uzoqqa cho‘zilsa, ahvol chatoq bo‘ladi. Bu yerda malakali mutaxassislar bor, agar cho‘zilsa, hammamiz Rossiyaga, Qozog‘istonga ketishni o‘ylab turibmiz, - deydi “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ishchisi.

Ozodlik ishchilar e’tirozi yuzasidan izoh olish uchun korxona rahbari Abduvali Rahmonovning uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan odam Ozodlik savolini eshitishi bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

“Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi bosh hisobchisi Vohid Rahmonov xodimlarga oylik to‘lashga pul yo‘qligidan o‘z rahbariyati ishchilarni maoshsiz ta’tilga chiqarib turishga majbur qolganini aytdi.

"Hozir modernizatsiya bo‘lyapti, shunga ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagan. Korxonaning ishchilarga beradigan qarzi esa yig‘ilib qolgan. Chiqarilgan mahsulotlar turibdi, sotilganidan ozgina oylik qilib beryapmiz. Lekin qarzdorlik juda ko‘p. Shuning uchun ishchilardan o‘z hisobidan ta’tilga chiqib turish so‘raldi. Bu vaqtincha. Fevral oyi oxiriga ishlab chiqarish tiklansa, yana qaytishadi. Hozir sovuqchilik, baribir ishlab chiqarish yo‘q. O‘zim ham oyliksiz o‘tiribman", - dedi korxona bosh hisobchisi.

Mehnat qonunchiligi buzilyapti

O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til xodimning o‘z roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

Mehnat kodeksining 150-moddasiga ko‘ra, xodimga o‘z hisobidan majburiy ta’til berish mumkin emas, bunga faqat o‘zi rozi bo‘lishi shart.

159-moddaga ko‘ra, xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqtda uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi agar kimdir o‘z ish joyida o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlansa vazirlikka murojaat qilishni tavsiya qilgan.

Huquqlari buzilgan ishchilar vazirlikning 1176 qisqa raqamli hamda + 998 71 200 06 00 ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekistonda oylab ishlab maoshini ololmayotgan yoki pul yo‘qligidan xodimlari oyliksiz ta’tilga chiqishga majburlanayotgan faqat “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi ishchilari emas.

18 - yanvar kuni Ozodlik Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limining yuzlab ishchisi zavodda qisqartirish boshlanganidan norozi ishchilar har kuni ishdan so‘ng zavod oldidagi yo‘lni to‘sib qo‘yish bilan norozilik bildira boshlagani haqda xabar bergan edi.

Shu oy boshida Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining o‘nlab ishchisi o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlangani haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan.

So‘nggi uch oy davomida Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tiklashga safarbar etilgan o‘ndan ortiq shirkat ishchilari hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ning 200 dan ziyod ishchisiga oylik berilmagani haqida xabar berilgan.

"Toshkent viloyat maxsus montaj qurilish", "Nazar hamkor qurilish", "Bekobod invest gaz qurilish", "Suv bino ta’mir", "Faktor global", "Geo stroy", "Akmal yosh kuch", "PPM 33 qurilish" kabi shirkatlar "Sardobada ishlagan pulimizni bering!" deya Toshkent viloyat hokimligiga ochiq murojaat bilan chiqishgandi.

Maoshlarning vaqtida berilmasligi o‘tgan yil oktabrida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida qatnashayotgan ishchilarning ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan noroziligiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG