Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:13

Keyingi haftadan rossiyaliklarning Norvegiyaga kirishi taqiqlanadi


Norvegiya-Rossiya chegarasidagi Sturskog nazorat-o‘tkazish maskani (arxiv surati)
Norvegiya-Rossiya chegarasidagi Sturskog nazorat-o‘tkazish maskani (arxiv surati)

Norvegiya Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishi bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlarni joriy qildi. Joriy yilning 29-mayidan Norvegiyaga turizm yoki “birinchi darajali bo‘lmagan ahamiyatga ega” maqsadlarda kelayotgan rossiyaliklarning mamlakatga kirishi taqiqlanadi. Istisno tariqasida faqat yaqin qarindoshlarinikiga kelayotganlar yoki Norvegiya va Shengen hududida ishlash va o‘qish maqsadida kelayotganlar rossiyaliklar uchungina mamlakatga kirishga ruxsat berilishi mumkin.

Norvegiya hukumati xabarnomasida mazkur cheklov 2022-yil bahorigacha Norvegiya tomonidan berilgan vizaga ega bo‘lganlarga ham, Shengen shartnomasini imzolagan boshqa mamlakatlar tomonidan berilgan vizaga ega bo‘lgan fuqarolarga ham tegishli ekani qayd etilgan.

Norvegiya Moskva qo‘shinlari Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan keyin rossiyaliklarning mamlakatga kirishiga cheklov joriy qilgan va turistik vizalar berishni qariyb to‘xtatib qo‘ygan edi.

Avvalroq G‘arbiy Norvegiyadagi politsiya xavfsizlik xizmati (PST) rahbari Torgils Lutro NRK telekanaliga bergan intervyusida mintaqada Rossiya razvedkasi agentlari faoliyat yuritayotganini aytgan edi. Mulozimga ko‘ra, Rossiya o‘ta muhim bo‘lgan infratuzilma obyektlariga qarshi diversiyalar hozirlashi mumkin.

G‘arbiy Norvegiyada Shimoliy Yevropadagi eng yirik Xokonsvern harbiy-dengiz bazasi hamda muhim neft-gaz obyektlari, elektr stansiyalari va elektr ta’minoti bilan bog‘liq boshqa obyektlar joylashgan.

PST so‘nggi paytlarda Rossiyaning bir necha agenti fosh qilinganini bildirgan, biroq ular soniga aniqlik kiritgan emas.

XS
SM
MD
LG