Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 16:42

Klaster shou: Qiziriqda 500 fermer yerlari tortib olinayotganiga norozilik bildirmoqda


Qiziriqlik fermerlar yerlari tortib olinayotganiga norozilik bildirib, prezidentga murojaat qildi. (Videodan skrinshot)

Surxondaryoning Qiziriq tumanidagi 500 nafar fermer o‘z yerlarining bosim va tazyiq bilan tortib olinayotganiga norozilik bildirib, prezident Mirziyoyevga video murojaat bilan chiqdi.

Fermerlarning Ozodlikka aytishicha, tumanda fermerlar faoliyati zo‘ravonlik yo‘li bilan tugatilib, ularning yeri yangi tashkil qilingan xorijiy klaster korxonasiga berilmoqda.

Tuman hokimi Ilhom Yusupov fermerlarning zo‘ravonlikka oid shikoyatini na inkor qildi va na tasdiqladi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev qiziriqlik fermerlar muammosi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati kiritgan.

Prezidentga murojaat

Qiziriqlik fermerlar ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentga yo‘llagan ochiq murojaatida tumandagi 500 fermerning yeri noqonuniy yo‘llar orqali tortib olinayotgani aytilib, bunga norozilik bildiriladi.

“Fermerlardan arizani olmay turib, yopiq sessiya qilib, fermer xo‘jaliklarini tugatish haqida qaror qilgan. Bizda haqiqat, qonun yo‘qmi? Barcha fermer norozimiz”, - deydi qiziriqlik fermerlardan biri.

Mahalliy bloger Elmurod Muqimovning YouTube tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan murojaatda o‘nlab fermer navbati bilan chiqib, prezidentdan yordam so‘raydi.

25 yildan buyon fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganini aytgan fermer prezidentdan Qiziriqdagi fermerlarni xonavayron qilmaslikni so‘rab, ularga klaster bilan shartnoma asosida ishlashga imkon berilishini talab qiladi:

“Klaster biz bilan fyuchers shartnomasi asosida ishlashini talab qilamiz”.

Fermerlarga ko‘ra, xarid qilinadigan mahsulotga oldindan haq to‘lanadigan fyuchers bitimlari kredit va lizing to‘lovlarini to‘lig‘icha to‘lab bo‘lmagan fermerlar uchun yaxshi imkoniyatdir. Aks holda fermerlar bu qarzlarni qaytarish imkoniga ega emasligini aytadi.

“Fayziyev Nodirbek” fermer xo‘jaligi rahbari bankdan 2,5 milliard so‘mlik kredit olib, Germaniyadan 92 ta chorva moli olib kelganini va fermer xo‘jaligi tugatilsa, bu qarzni to‘lash imkoniga ega emasligini aytadi.

Parrandachilik fermasi qurish uchun 1 milliard so‘m kredit olganini aytgan boshqa bir fermer ham o‘zining xonavayron bo‘lishidan tashvishda.

Majburiy ariza

Qiziriqlik fermerlar iddaosiga ko‘ra, joriy oy boshida tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyatini butunlay tugatish haqida qaror chiqarilib, keyin fermerlardan majburiy ravishda ariza olish jarayoni boshlangan.

Ozodlik o‘ndan ziyod qiziriqlik fermer bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi fermer xo‘jaligini tugatish haqidagi arizaga majburiy ravishda qo‘l qo‘ydirish holatlari bo‘layotganini aytdi.

“Dekabr oyining boshida tumandagi barcha fermerlarni hokimiyatga chaqirib, “pechat bilan kelinglar” dedi. Hamma pechatini ko‘tarib bordi. Hokim fermerlar faoliyati tugatilganini aytib, hammadan arizaga pechat bosishni so‘radi. Hokim muovini kompyuterda yozilgan tayyor ariza blankasini hammaga tarqatib chiqdi. Hammamizni majlislar zaliga qamab, eshiklarga IIB xodimlarini qo‘yib qo‘yishdi. “Pechat bosmasanglar, zaldan chiqmaysanlar” deyishdi. Ko‘pchilik qo‘rqqanidan arizaga pechat bosib berdi”, deydi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qiziriqlik fermer.

Qiziriq tuman hokimligida bo‘lgan bu holatni Ozodlik gaplashgan boshqa fermerlar ham tasdiqladi. Ularning aytishicha, arizaga muhr qo‘ymagan fermerlarga huquq-tartibot idoralari xodimlari bosim qilishni boshlagan.

“Uyga IIB bir necha bor keldi. “Bormayman” degandim, “qo‘lingga narushnik solib, majburlab olib ketaman”, dedi. Mahallada sharmanda bo‘lmay deb, ular bilan ketdim. Meni prokuraturaga olib borib, bosim qilishdi. Bitta xonaga qamab qo‘yib, arizaga pechat bosmaguncha, shu xonadan chiqmaysan, deyishdi. Qo‘limga kompyuterda chiqarilgan arizani berib, pechat bosishni talab qilishdi. “Fermerlik faoliyatingni tekshirib, xato topib, qamatib yuboramiz” deyishdi. Arizada yer maydonining gektari yozilishi kerak ekan. Gektarni noto‘g‘ri yozib, qochib chiqdim”, deydi ismini ochiqlasa, unga nisbatan yana bosim bo‘lishidan qo‘rqqanini aytgan fermer.

Ozodlik gaplashgan boshqa fermerlar ham ayni holatga tushganini aytishdi. Keyin fermerlar yuqori tashkilotlarga shikoyat arizasi yo‘llab, bosim bo‘layotganidan shikoyat qilishgan.

“Eng qizig‘i, portalga yozgan arizamizni yana prokuraturadagi o‘sha bizga bosim qilgan xodimning o‘zi tekshirdi. Meni yana prokuraturaga chaqirtirib, tushuntirish olmoqchi bo‘lishdi. Men bormadim”, deyi qiziriqlik fermer yigit.

“Bizdan xalq dushmani yasashmoqchi”

Ozodlik gaplashgan qiziriqlik fermerlarning aytishicha, ularning prezidentga murojaati YouTube tarmog‘ida chiqqanidan so‘ng ularga nisbatan bosim yanada kuchaygan.

“Meni yana IIB kelib, olib ketdi. “Sen davlatga qarshimisan”, deb menga rosa bosim qilishdi. Meni xuddi jinoyatchi kabi qo‘limga qog‘oz ushlatib, rasmga tushirishdi. Keyin qandaydir qog‘ozga ham qo‘l qo‘ydirib olishdi. Meni qamashyapti, deb o‘ylab, juda qo‘rqib ketganimdan nimaga qo‘l qo‘yganimga ham qaramadim. O‘sha qog‘ozga qo‘l qo‘yganimdan so‘ng meni chiqarib yuborishdi”, - deydi ismini aytishga qo‘rqishini bildirgan fermer yigit.

Prezidentga video murojaat Internetda e’lon qilingach, IIBga chaqirtirilib, bosim qilinganini Ozodlik gaplashgan boshqa fermerlar ham aytishdi.

“Bizdan xalq dushmani yasashga harakat bo‘lyapti. Aybimiz - tumanda bo‘layotgan noqonuniy harakatlarni oshkor qilayotganimiz. Bu kimlargadir yoqmayapti”, - deydi qiziriqlik yana bir fermer.

Na inkor, na tasdiq

Ozodlik Qiziriq tumani hokimi Ilhom Yusupov bilan telefon orqali bog‘lanib, fermerlarning bosim va tazyiqlari haqidagi iddaolariga izoh so‘radi.

Yusupov bu iddaolarni na inkor qildi, na tasdiqladi. Faqat “Birpas turib, axborot beramiz”, deya telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi. Hokim bilan boshqa bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Qiziriq tuman prokuraturasi va IIB bo‘limlaridan ham fermerlar iddaolari borasida biror izoh ololmadik.

Ozodlikdagi hujjatga ko‘ra, Qiziriqdagi 500 fermer yeri “Surxon Cotton Textile Cluster” MChJga berilayotgani aytilgan.

Hujjatda joriy yilning 2 - dekabr kuni tashkil qilingan ushbu MChJ xorijiy klaster korxonasi sifatida keltirilgan, biroq aynan qaysi xorijiy davlatga qarashli ekani aytilmagan.

Deputat so‘rovi

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev qiziriqlik fermerlar muammosiga e’tibor qaratib, bu borada Bosh prokuraturaga so‘rov xati kiritilganini ma’lum qildi.

“Bizlarga kelayotgan murojaatlar Surxondaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash masalasida xavotirlar paydo qilmoqda. Hudud va soha mas’ullaridan mazkur masalalar bo‘yicha qonuniy ish ko‘rib, asosli izoh berishlarini so‘raymiz”, deya yozdi Rasul Kusherbayev.

O‘zbekistonda fermerlarning yerlarini noqonuniy yoki turli bosimlar ostida tortib olish hollari keng tarqalgan. 2000-yillar boshida "fermer xo‘jaliklar yerlarini optimizatsiya qilish" dan boshlangan jarayon oxirgi yillarda klasterlashtirish bilan davom etmoqda. 29 - dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatida prezident Mirziyoyev yerlarni "bozor aktivi"ga aylantirish haqida gapirdi, ammo buning qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG