Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

"Ko‘cha"ga qarshi reydlar: "Dolzarb 40 kunlik"dan ikki oy o‘tib ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda


"Salimboy" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev bungacha o‘zbek matbuotida tadbirkor va metsenat deb ta’riflangan.
"Salimboy" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev bungacha o‘zbek matbuotida tadbirkor va metsenat deb ta’riflangan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari o‘tgan yil noyabrida boshlangan va "ko‘chaga qarshi reydlar" nomini olgan ommaviy hibsga olishlarga doir tergov tafsilotlarini ochiqlamayotir.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi vakili Ozodlikning bu boradagi so‘roviga javoban "hamma savollarga tergov yakuniga yetgach rasman javob berilishi"ni ta’kidladi.

"Dolzarb 40 kunlik" nomi berilgan amaliyotlarda o‘nlab odam hibsga olingan.

Ular orasida bunga qadar mafiyaga aloqadorligi rad etib kelingan o‘zbek jinoyat olamining ko‘zgan ko‘ringan vakillari, jumladan, Salim Abduvaliyev ham bor.

Hibsga olinganlarning yaqinlari va ularni himoya qilayotgan advokatlar matbuot bilan gaplashishdan bosh tortmoqda.

O‘tgan yil noyabrida Toshkentda “ko‘cha”ga aloqadorligi aytilgan shaxslarga qarshi ommaviy hibsga olishlar boshlanib ketgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, bu IIV, Toshkent shahar IIBB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning “kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan” birgalikdagi amaliyoti ekani aytildi.


Rasman “Kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbir”, deb izohlangan va 27-noyabrda boshlangani aytilgan “Dolzarb 40 kunlik” davomida kriminal avtoritet sifatida nomi chiqqan shaxslar qo‘lga olindi.

Ular orasida O‘zbekiston va postsovet hududda “Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, "Baxti Tashkentskiy" nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, Toshkent "smotryashchiy"si sifatida nomi chiqqan Abbosxon Xo‘jayevlar bor.

Bundan tashqari, keng jamoatchilikka "Saidaziz medgorodok" nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev singari kriminal dunyodagi yangi nomlar ham e’lon qilindi.

Reydlar bo‘yicha matbuotga hisob bergan Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev o‘tgan yilning 12- dekabriga kelib JKning 6 ta moddasi bilan jami 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan:

  • 165-moddasi tovlamachilik (15 yilgacha qamoq);
  • 168-moddasi firibgarlik (10 yilgacha qamoq);
  • 248-moddasi qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalarga qonunga xilof ravishda egalik qilish (20 yilgacha qamoq);
  • 273-moddasi giyohvandlik yoki psixotrop vositalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash va qonunga xilof ravishda o‘tkazish (20 yilgacha qamoq);
  • 276-moddasi giyohvandlik vositalar yoki psixotrop vositalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash ( 5 yilgacha qamoq);
  • 277-moddasi bezorilik (5 yilgacha qamoq).


Bu jinoyat ishlari, 12-dekabr holatiga, 116 shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Rasmiy va Internet nashrlarida katta shov-shuvlar bilan yoritilgan reydlar boshlanganidan beri qariyb 2 oy o‘tdi.

Путин, Салим ва Ғафур. Тошкентдаги рейдлар ва рус жосусининг иддаоси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:40 0:00


Ochilgan jinoyat ishlari yoki hibsga olingan shaxslar borasidagi eng so‘nggi ma’lumot ochiqlangani yo‘q. Jamoatchilik avval boshdan bu reydlar borasida qo‘ygan asosiy savollar ham ochiq qolmoqda.

Jumladan, reydlarning asl sababi nima, nega aynan hozir o‘tkazildi, jami qancha odam ushlandi, “Salimboy” va “Baxti Tashkentskiy” kabi kriminal avtoritetlar nega aynan hozir qo‘lga olindi - bu kabi qator muhim birlamchi savollarga hanuz rasmiy javob yo‘q.

Ozodlik 23-yanvar kuni bunday savollar bilan ushbu reydlarni o‘tkazgan O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga murojaat qildi.

G‘iyosov, hozircha bu savollarga javob bermasligi, tergov yakuniga yetishi bilan rasman bayonot berilishini bildirish bilan cheklandi.

Ayni mazmundagi javobni Ozodlik, shu kunda hibsda saqlanayotgan shaxslardan ba’zilarining qonuniy himoyachilaridan ham oldi.

Advokatlardan biriga ko‘ra, tezkor amaliyot paytida ushlangan shaxslar ustidan tergov tafsilotlarini oshkor qilmaslik haqida har bir advokatdan alohida-alohida tilxat olingan.

Ismini oshkor qilmaslikni istagan advokatga ko‘ra, hatto tergovchilardan ham shu mazmunda tilxat olingan:

“Eng boshida shunday amaliyot o‘tishidan IIV va prokuratura tergovchilarining kattagina qismi ham bexabar bo‘lgan. Hozir bu ish mutlaqo maxfiy shaklda yuritilyapti”.

Ozodlik ushbu tezkor-amaliyot paytida ushlangan ayrim shaxslarning ota-onalari bilan ham aloqada. Ular ham matbuotga gapirmaslik haqida qattiq ogohlantirilganini aytmoqdalar.

Ammo, muqaddam ko‘rilmagan ko‘lamda o‘tkazilgani va xususan, sobiq sovet davridan beri “ko‘cha”ni qo‘ldan bermagan avtoritet Salimboyning ham qo‘lga olingani bu reydlarga jamoatchilik qiziqishiga sabab bo‘lib qolmoqda.

Boisi, Salimboy yoki uning kabi nufuzi baland ko‘rilgan yana bir avtoritet - G‘ofurboy - G‘afur Rahimov kabi jinoyat olami yetakchilarining, O‘zbekiston va umuman postsovet o‘lkalarida hokimiyatdagi shaxslar yoki guruhlar bilan bog‘lanib ketgani kuzatiladi.

Jumladan, hibsga olinguniga qadar mahaliy matbuotda rasman yirik tadbirkor va metsenat, deb ta’riflangan hamda 2017-yil yanvaridan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelgan Salim Abduvaliyev hanuz diqqat markazida.

Hibsga olinishidan biroz oldin ham Abduvaliyev o‘zini Shavkat Mirziyoyevning tarafdori va himoyachisi, deb taqdim qilayotgandi.

Mirziyoyev esa, 2016-yilda hokimiyatga kelishi bilan Abduvaliyevni mukofotlagan ham.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi vebsaytidagi ma’lumotga qaralsa, Abduvaliyev hanuz Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari sifatida qolmoqda.

Ayni paytda, Salim Abduvaliev AQSH diplomatlarining 2006-yilda internetga sizdirilgan yozishmalarida “Toshkent mafiyasining otasi”, katta davlat lavozimlarini “sotgan” va foydali davlat shartnomalarini o‘ziga aloqador biznes tuzilmalariga “olib bergan” shaxs o‘laroq ta’riflangan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, “Salimboy” to hibsga olinguniga qadar “ayni faoliyatini davom ettirgan, go‘yoki, davlat lavozimlari va hatto, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik korpuslaridagi lavozimlarni ham sotishda davom etgan”.

Bunday iddaolarga avval ham, keyinchalik ham Abduvaliyev biror bir shaklda munosabat bildirmadi. Abduvaliyev Ozodlikning intervyu haqidagi so‘rovini rad etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 5-dekabr kuni qo‘lga olingan Abduvaliyevga nisbatan tekshirilayotgan ayblovlarning hech biri bu iddaolarga aloqador emas.

5-dekabrda Toshkent shahar IIBB bergan ma’lumotga ko‘ra, 73 yashar Salim Abduvaliyev JKning 248-moddasi bilan “o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash”da gumon qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozir Abduvaliyevga nisbatan tergovga qadar surishtiruv harakatlari davom etmoqda, ammo boshqa tafsilot berilmayotir.

Ammo, Ozodlikning bir necha manbasiga ko‘ra, hozirda Abduvaliyev ishida yangi ayblov epizodlari paydo bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, Salimboy avvaliga Toshturma, keyin esa Gvardeyskiy hibsxonasida saqlangan. Ammo, ishda yangi epizodlar paydo bo‘lganidan beri u saqlanayotgan joy qattiq sir tutilmoqda.

Zero, Abduvaliyev hibsga olinganidan so‘ng, uni qo‘shni Qirg‘izistonda uning nomi yirik siyosiy mojaro markaziga tushdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev, Jogorku Kenesh (parlament) deputati Emil Jamg‘irchiyev «Salimboy»dan ularni yo‘q qilishda yordam so‘raganini ma’lum qildi:

«Menga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, [Jamgirchiyev] Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, “Salimboy” laqabli kriminal avtoritet Salim Abduvaliyev bilan uchrashib, “ikki do‘stni” yo‘q qilishga yordam berishni so‘ragan».

“Ikki do‘st” yoki qirg‘iz tilida “eki dos” deyilganda - qirg‘izistonliklar prezident Sadir Japarov va Davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni tushunadi.

Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevga ko‘ra, ular hozir qamoqda o‘tirgan Salimboyni bu masalada so‘roq qilishgan:

“Menda Jamgirchiyevning Salim Abduvaliyevga yozgan 10 varaqlik xati bor, xatda kriminal avtoritetdan Tashiyevni javobgarlikka tortishda yordam so‘raydi. Salimboy ko‘rsatma berdi va Jamgirchiyev Qirg‘iziston rahbariyati o‘rtasida tartib o‘rnatish bo‘yicha yordam so‘raganini tasdiqladi. Bunga javoban, Salimboy o‘z avtoriteti Qirg‘izistonda o‘tmasligini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, Jamgirchiyev Abduvaliyevning yordamchisini aldab ketgan. Bir necha kun mehmonxonada turib, pulini to‘lamay ketvorgan. Hozir unga nisbatan O‘zbekistonda ham 2 ta ish ochilgan - “tovlamachilik” va “chegarani noqonuniy kesib o‘tish” aybi bilan”.

Ozodlik manbalari, Salim Abduvaliyevga aloqador jinoyat ishida paydo bo‘lgan yangi epizodlarning aynan Qirg‘iziston prezidenti va xavfsizlik xizmati rahbari aytgan da’volar bilan aloqasi borligini taxmin qilmoqdalar.

Ozodlik bunday taxminlarning hech biriga rasmiy tasdiq ololmadi. IIV bu boradagi barcha tafsilotlar tergovdan so‘ng oshkor qilinishini aytmoqda.

Ammo, muqaddam IIV tizimida ishlagan bir manbaning aytishicha, “Salimboy”ga nisbatan tergov-surishtiruv kengayib ketmoqda va bu faqatgina Qirg‘iziston rahbariyatidagi “ikki do‘st” ilgari surgan da’vo bilan cheklanmaydi.

Bu manbaga ko‘ra, Qirg‘izistonda tanilgan Qamchi Kolbayevning o‘limidan so‘ng Markaziy Osiyodagi jinoiy dunyoda uning kabi lider o‘rni bo‘shab qolgan.

AQSH sanksiyalariga uchragan “Kolya qirg‘iz” laqabli Qamchibek Kolbayev 4-oktabr kuni maxsus xizmatlarning Bishkek markazidagi operatsiyasi chog‘ida otib tashlangandi.

Buning ortidan Qirg‘iziston hokimiyat idoralaridagi 200 dan ortiq ishchi va mulozimlar, jinoiy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib, ketma-ket ishdan ham olindi.

Shu tariqa, Toshkentda “ko‘cha” liderlari ustidan o‘ta maxfiy tergov davom etarkan, tarmoqlarda O‘zbekiston “ko‘cha”sini Qirg‘izistonga ulagan yana bir bahs bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iz tilidagi tarmoqlarda Japarovning o‘g‘li va O‘zbekistonda “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan va hozir hibsda saqlanayotgan sportchi Saidaziz Saidaliyev, go‘yoki, bir stol atrofida o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi.

Surat atrofida bahs ko‘p. Na O‘zbekiston, na Qirg‘iziston tomonidan bu suratga rasman munosabat bildirilmadi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining sobiq rahbari Nurgazi Anarkulov, avvaliga tarmoqlarda tarqalgan bu surat “bir jinoyat dalil emas” mazmunida sharh qoldirdi.

Keyinroq, bu surat soxta, aslida undagi Rustam Japarov emas, boshqa odam, degan xabar paydo bo‘ldi.

Shu tariqa, yana bir karra “Saidaziz medgorodok” nomini eng yuqori siyosiy doiralar e’tiboriga ko‘targan bu surat haqqoniymi yoki soxta - bu haqda Ozodlikda hech bir ma’lumot yo‘q.

Ammo, aslida o‘zbek ijtimoiy tarmoqlari, ayniqsa tarmoqlarning O‘zbekiston mustaqilligi davrida etishgan yosh segmenti orasida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan sportchi Saidaziz Saidaliyev juda ommabop.

Tarmoqlar uni Salimboyning odami sifatida taniydi, uning shaxsiy Instagram sahifasida ham “Salim akaning shogirdi” deyilgan olqish sharhlar ko‘p uchraydi.

Bundan tashqari, dekabrda bo‘lgan “ko‘cha”ga qarshi reydlar fonida, “Saidaziz medgorodok” - ko‘chaning asosiy “razborshchigiga” aylangan yosh sportchilar zehniyatini tushunish uchun bir misol o‘laroq qiziqishni tortadi.

2016-yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, Toshkentda yakkakurash yoki aralash yakkakurash - MMA sport klublari ko‘zga ko‘rina boshladi.

Bunday klublar O‘zbekiston aralash yakkakurash assotsiatsiyasiga prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov rahbarlik qilgan paytda ijtimoiy tarmoqlarda tanildi.

Klub sportchilari esa “ko‘cha”dagi jinoiy guruhlar aralashgan kriminal razborkalar va samosudlarda tez-tez ko‘rina boshladi.

Jumladan, hibsga olinishi haqidagi rasmiy bildiruvga ko‘ra, 1987-yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev ham “sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga yig‘ib, bezorilik, tamagirlik kabi jinoyatlarni sodir etgan”:

“Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidandir”.

Toshkent shahar IIBB xabarida aytilishicha, jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Saidaliyev Saidaziz - asli sportchi. Ijtimoiy tarmoqlar uni boks bilan professional shug‘ullanadigan atlet sifatida tilga oladi.

Bundan tashqari, aralash yakka kurash, erkin kurash va boks bo‘yicha yosh sprortchilarni birlashtirgan @saidalievteam nomli guruhi ijtimoiy tarmoqlarda ancha tanilgan.

Bu guruhning o‘z logosi, logosi tushirilgan kiyimlari bor. Klubning kurashchilari turnilarda klub logosi tushirilgan bayroqni ko‘tarib chiqadi.

Bundan tashqari, Saidaliyev mahalliy matbuotda ham tez-tez chiqib turardi va asosan, sport haqida gapirgan. O‘z chiqishlarida u doimo prezident Mirziyoyevni olqishlab kelgan.

Saidaliyev O‘zbekiston triatlon federatsiyasi va MMA - O‘zbekiston aralash yakkakurash assotsiatsiyasi rahbari bo‘lgan Otabek Umarovni ham minnatdorlik bilan tilga olgan.

“Saidaziz medgorodok”ni yaqindan tanigan yosh sportchilardan biri ham uni “odamlarni pulini undirib berish bilan shug‘ullangan” deb ta’rifladi:

“Masalan, kim uchundir pulini davlat orqali undirib berish ishlamay, sud orqali uzoqqa cho‘zilib yurgan bo‘lsa, “ko‘cha” tez ishni hal qilib bergan. “Medgorodok” aslida yaxshi bola, birinchi bo‘lib Toshkentning Qoraqamishida nomi chiqqan, o‘sha yerda tug‘ilgan. Yordam bergan kambag‘alga, sportsmenlarning ko‘tarilishiga. Asosiy ishi pul undirish bo‘lgan. O‘zi Salimning odami”.

Ozodlikning Ichki ishlarda muqaddam yuqori lavozimlarda ishlagan manbasiga ko‘ra, “Saidaziz medgorodok” atrofida odam ko‘payib borayotgani uchun keyingi yillarda huquq-tartibot idoralarining nazarini tortgan edi.

Aslida O‘zbekistonda 2023-yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan reydlar - ko‘lami nuqtai nazaridan ilk katta amaliyot bo‘ldi.

IIV “kriminogen muhitni yaxshilashga qaratilgan bu reydlarga” salkam ikki oy tayyorgarlik ko‘rilgani, qo‘lga olingan shaxslar uzoq vaqt kuzatuvda bo‘lganini aytmoqda.

Aksariyat manbalar, reyd o‘tkazish uchun shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatma berganini ham aytmoqdalar. Ammo, prezidentning o‘zi bu haqda hali bayonot bermadi.

Ammo, bunga qadar o‘tkazilgan yirik reyd - 2018-yildagi qama-qamalar paytida Mirziyoyev “ko‘cha” haqida alohida chiqish qilgandi:

“Ko‘chada bitta xuligan hammani upravlyat qilib yursa, Toshkent viloyatida ham bor bir-ikkitasi. Haliyam ikki-uchtasining dumini uza olmay, oxiriga yeta olmayapman. Ko‘pining dumini uzdik, ammo ikki uchtasi yuribdi hali “ha biz unaqa, biz aytgan bo‘ladi”, deb. Mana ko‘pi turmada o‘tiribdi biz aytgan g‘o‘ddayganlar. O‘tiradiyam bundan buyog‘i. Men hammasini bilaman, xudoga shukr. Arqonni uzun qo‘yib qo‘yibman hozircha”.

O‘shanda prezident “haliyam ikki uchtasi yuribdi” deganda kimni nazarda tutganini aytmagan edi. Ammo, “Salimboy”ni nazarda tutayotgandir, deb taxmin qilganlar ko‘p bo‘lgandi.

Hozir ham hukumat va rasmiy nashrlar, 2 oy oldingi reydlarni aynan Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi hamda O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash va’dasiga vafosi o‘laroq katta hayajon bilan yoritdi.

Ammo, mamlakatdagi buguni boshqaruv - xususan, bugungi hokimiyat va uning jinoiy olam bilan aloqalaridan xabardor Ozodlik manbalari bu reydlarga sabab bo‘lgan asl vaziyat rasmiy versiyadan tamoman boshqacha ekanini iddao qilmoqdalar.

“Bu yerda “ko‘cha”dagi kuchlarni yangidan taqsimlashga to‘g‘ri keldi. Shu pallada, kuyovlar bir-biriga qarshi chiqishdi. Endi hammasi “ko‘cha”dan keladigan pul kimning qo‘liga o‘tishiga bog‘liq. Aslida, Qamchi o‘lganidan keyin, Salimboy Markaziy Osiyoga qarashi uchun Baxtini qo‘ygandi. Bu hududga keladigan kontrabanda Qamchini qo‘lida edi. Keyin Baxtining kontrabandasi Hojining “Abu Saxiy” ga keladigan kontrabandasini to‘sishni boshladi. Baxti farmatsevtlarga ham yuk tashishga yordam berishni boshladi. Grafga ham butun Markaziy Osiyoni Baxti, Salimboy, Tursunovlar qo‘liga olishi yoqmadi, albatta. U bu joyga Axtamni surayotgan edi”, dedi IIV sobiq xodimi.

Ammo, Ozodlik manbalari berayotgan bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Xali aytib o‘tganimizdek, bu reydlar tugadimi, “Salimboy” va “Baxti Tashkentskiy” kabi kriminal avtoritetlar nega aynan hozir qo‘lga olindi - bu kabi qator muhim savollarga hanuz javob yo‘q.

XS
SM
MD
LG