Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:49

Koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasining O‘zbekistonga kelishi kechikadi. Vaksina pullik bo‘lishi mumkin


Sputnik vaksinasi, oktabr 2020
Sputnik vaksinasi, oktabr 2020

Rossiya ishlab chiqargan "Sputnik-V" vaksinasini O‘zbekistonga keltirish vakolati berilgan O‘zbekistondagi Laxisam shirkati vaksinani qabul qilish uchun tayyorligini bildirdi.

Shirkat rahbariga ko‘ra, vaksinani saqlash uchun muzxonalar hozirlangan. Ammo 2020 - yil oxirigacha yetkazilishi va’da qilingan 10 million doza vaksina kechikishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozircha koronavirusga qarshi vaksina aholining kattagina qismi uchun pullik, ma’lum bir qatlami uchun esa, tekin bo‘lishi rejalangan. Ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.

Ayni paytda "Sputnik-V" vaksinasini bu qadar katta dozada olib kelish mas’uliyati nega aynan O‘zbekistondagi bitta shirkatga berildi va Rossiyadan boshqa davlatlar bilan bu borada muzokaralar bormi – bu savolga ham hanuz rasmiy javob berilmadi.

"Sputnik V" vaksinasining yil oxiriga kelishi dargumon

1994 - yildan beri O‘zbekiston farmatsevtika bozorida ishlayotgan Laxisam shirkati bosh direktori Shavkat Alimuhamedov o‘z shirkati Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) bilan erishilgan kelishuv doirasida vaksinani qabul qilib olishga tayyorligini bildirdi.

Direktorga ko‘ra, vaksina ta’minoti bo‘yicha hanuz Rossiya tomonidan javob kutilmoqda.

Shavkat Alimuhamedovning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, "Sputnik-V" vaksinasini saqlash uchun maxsus muzxonalar hozirlangan va ish rivojiga ko‘ra, uni O‘zbekistonda tayyorlash istiqbollariga ham hozirlik ko‘rilmoqda.

Shu yilning sentabr oyida erishilgan dastlabki kelishuvga ko‘ra, 10 million doza 2020 - yilning oxiriga qadar, yana 25 million doza esa 2021 - yil boshida O‘zbekistonga yetkazilishi ko‘zlangan edi.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi "Sputnik-V" vaksinasini O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazish rejalangani va buning uchun Rossiyaga 500 doza vaksina uchun buyurtma berilganini xabar qildi.

Ammo, Rossiyada esa vaksinani keng ko‘lamda ishlab chiqarish jarayoni hanuz boshlangani yo‘q.

Prezident Vladimir Putin bu borada Fransiya rahbari Emmanuel Makrondan yordam so‘ragan. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning AstraZeneca shirkati ham Rossiya vaksinasiga qiziqish bildirgan. Ammo, bu muzorakalar natijasi hanuz ochiqlangani yo‘q.

“Rossiya tomoni jim”

O‘zbekistondagi yirik farmatsevtika shirkatlaridan birida ishlaydigan hamda ikki davlat o‘rtasida vaksina xususida borayotgan muzokaralardan xabardor mutaxassisga ko‘ra, yil oxiriga qadar 500 doza vaksinaning O‘zbekistonga kirib kelishi hali savol ostida:

“Rossiya tomoni o‘zi jim bo‘lib qoldi hozir. Chunki ularda hali ishlab chiqarish jarayoni boshlangani yo‘q. Hali bu vaksina sinov jarayonining 3 bosqichi yakuniy natijalari ham tayyor emas, adashmasam. Shuning uchun hali 500 doza yil oxirigacha yetib keladimi va umuman, 35 million dozani biz Rossiyadan ololamizmi – bugungi vaziyatda bunga hali aniq javob yo‘q”, - dedi ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan mutaxassis.

Ozodlik RTIF shirkati matbuot xizmati bilan ham bog‘landi, ammo hozircha savollarga javob ololmadi.

Vaksina aholiga sotiladimi? – SSV ochiqlamayotir

"Sputnik-V" vaksinasi sinovdan o‘tib, O‘zbekistonga yetib kelgan taqdirda aholi tekin emlanadimi yoki pullikmi, pullik bo‘lgan taqdirda necha puldan tushishi mumkin – Laxisam shirkat direktori hanuz bu savollarga javob yo‘qligini aytdi.

Ammo xususiy shirkat rahbariga ko‘ra, vaksina kredit hisobiga olib kelinadi va shirkat uni sotadi. Mas’ul bu boradagi boshqa savollarga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan javob olishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston SSV yoki bosh mas’ul idoralari koronavirusga qarshi emlash aholi uchun pullik bo‘ladimi yoki tekin, yoxud alohida bir qatlam uchun bepul bo‘ladimi – bu haqda hanuz bayonot bergani yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV)bu boradagi savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (SEOA)matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovga murojaat qilishni tavsiya qildi.

Bozorov muxbir bilan qisqa muloqotda savollarni Telegram kanali orqali yo‘llashni so‘radi, savollarni qabul qildi, Ozodlik hanuz bu savollarga javob kutmoqda.

Ammo Sog‘liqni saqlash tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozircha koronavirusga qarshi vaksina aholining kattagina qismi uchun pullik, ma’lum bir qatlami uchun esa, tekin bo‘lishi rejalangan. Ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.

Xalqaro matbuotda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, agar "Sputnik-V" vaksinasi Britaniyaning AstraZeneca shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqarilsa, o‘rtacha narxi taxminan 4 AQSh dollariga tushishi mukin.

Bu vaksina ikki ko‘rinishda – muzxonada –18 daraja haroratda saqlanadigan tayyor vaksina yoki 2-8 daraja haroratda saqlanadigan loifil (kukun) holida tayyorlanishi mumkin. Ko‘rinishi, yetkazilishi va emlash jarayoniga ko‘ra, vaksinaning yakuniy narxi shakllanadi. Rossiya matbuoti hozircha yakuniy narx 10 AQSh dollarini tashkil qilishini xabar qilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston va Rossiyadagi tegishli rasmiy idoralar hanuz ma’lumot bergani yo‘q. Xususan, Laxisam shirkati ma’muriyati bu haqda gapirishga hanuz erta ekanini bildirdi.

Ammo shirkat rahbariga ko‘ra, vaksinaning boshlang‘ich narxi, Rossiyada keng ko‘lamdagi ishlab chiqarish boshlanishi bilan pastlaydi va agar O‘zbekistonda ishlab chiqarish boshlansa, yanada arzonlashadi.

Vaksina importi nega yana faqat bir shirkatga berildi?

SSV bayonotiga ko‘ra, Rossiyadan 35 million doza vaksinani sotib olib, O‘zbekiston aholisiga tarqatish vakolati Laxisam shirkatiga berilgan.
Bu vakolat nega aynan bu shirkatga berilgan –bunga hanuz rasmiy izoh berilgani yo‘q.

Laxisam shirkati ma’muriyati, mamlakatdagi farmatsevtika bozorida 1994 - yildan buyon ishlayotgan yirik shirkat sifatida vaksina olib kelish uchun kiritgan so‘rovi qondirilganini bildirdi, bu boradagi boshqa savollarga ham SSVdan javob olishni tavsiya qildi.

Ozodlik SSV hamda SEOAdan savollarga javob kutmoqda.

O‘zbekistondagi yirik farmatsevtika shirkatlaridan birining ishlaydigan mutaxassisga ko‘ra, Laxisam shirkati va uning egasi Shavkat Ismoilov O‘zbekistonda tanilgan ko‘p yillik ta’minotchilardan biridir.

“Bu odam 1990 - yillarning boshida boshlagan edi bu biznesni. Avval dori olib kirishdi, 2000 - yillardan ishlab chiqarish liniyasini ham boshlagan. Bozorda buncha yil qolish osonmas, bilasiz. Lekin, endi bilasiz – hamma yirik bizneslarning bir cheti hukumatga borib taqaladi bizda. Men sizga bu shirkat falonchiga tegishli, deb aytmayin. Siz shu yo‘ldan qidirib borsangiz, topasiz”, - deb iddao qildi koronavirusga qarshi vaksina bo‘yicha Rossiya bilan borayotgan muzokaralarga aloqador mutaxassis ismi sir qolishi sharti bilan.

Bu boradagi tanqidiy fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda ham yangramoqda.

Jumladan, Telegram tarmog‘idagi bakiroo kanali muallifi shunday yozdi:

"Mamlakat va millat qashshoqligi va qoloqligining boshi - bir qo‘lli, yagona, monopol kompaniyalar... "Vedomosti"ning yozishicha, "Sputnik-V" vaksinasining yagona tarqatuvchisi Sberning (Sberbank nazarda tutiloqda - tahr.) sho‘’basi «Immunotexnologii» kompaniyasi bo‘ladi. Katta ehtimol bilan, bizda ham sifatiga milyonta savol bo‘lgan "Sputnik-V" vaksinasi sotib olinishi (shunchalik siyosiy darajada tiqishtirilmoqdaki, yo‘q deyiladigan bo‘lsa, xudo ko‘rsatmasin, o‘ris armiyasi chegaramizda paydo bo‘lishi mumkinga o‘xshaydi yoki biron provokatsiya chiqarishadi) va uning tarqatuvchisi sifatida yakdona kompaniya tanlab olinsa kerak".

Xitoy vaksinasiga nima bo‘ldi?

Ayni paytda SSV O‘zbekistonga sinovdan o‘tkazish uchun Xitoydan 6 ming doza vaksina keltirilganini ma’lum qilgan.

Noyabr oyi boshida bu vaksinani sinovdan o‘tkazishda 5 ming ko‘ngilli qatnashishi aytilgan edi. Bu sinovlar natijasi haqida ham hanuz rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

Agar Rossiyaning Buyuk Britaniya va Fransiya bilan ishlab chiqarishga oid muzokaralari kutilgan natijani bermasa, O‘zbekiston Xitoydan vaksina oladimi? - Ozodlik 2 - dekabr kuni SSVga bu borada ham savollar bilan murojaat qildi, ammo hanuz javob olmadi.

Ammo Sog‘liqni saqlash tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Xitoy vaksinasi sinovlariyu bu davlatdan vaksina olish ehtimollari haqida hozircha biror jiddiy harakat kuzatilmayotir.

“Hozir asosiy e’tibor Rossiyaga qaratilgan. Rossiyaga 20 dan ortiq davlat 1 milliard dozadan ortiqroq vaksina uchun buyurtma bergan, bilasiz. Biz 35 million dozaga kelishganmiz. Ishlab chiqarish iziga tushsa, O‘zbekiston uchun eng qulay mamlakat Rossiya bo‘ladi”, dedi bu mutaxassis.

COVID-19 uchun vaksinalar

Hozir dunyo miqyosida sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bir necha vaksinaning nomi ma’lum:

  • AQShning Pfizer shirkati bilan Germaniyaning BioNTech shirkati tayyorlagan vaksina, o‘rtacha samaradorligi 95 foiz, -70 gradus haroratda saqlanishi va tashilishi lozim, o‘rtacha taxminiy narxi 18 AQSh dollari,
  • Britaniyadagi AstraZeneca shirkati tayyorlagan vaksina, o‘rtacha samaradorligi 90 foiz, 2 dan 8 gradusgacha temperaturada saqlanishi mumkin, taxminiy o‘rta narxi 15 AQSh dollari.
  • AQShning Moderna shirkati tayyorlagan vaksina, o‘rtacha samaradorligi 94,5, - 20 daraja sovuqda saqlanishi lozim, o‘rtacha taxminiy narxi 25-37 AQSh dollari,
  • Rosssiyaning «Sputnik-V” vaktsinasi, o‘rtacha samaradorlik darajasi 95 foiz, 2 dan 8 gradusgacha temperaturada saqlanishi mumkin, narxi taqriban 10 AQSh dollarigacha.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga qarshi 25 ta vaksina klinik, 139 tasi esa klinikagacha bo‘lgan sinovlar jarayonida.

Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9 ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG