Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:51

Krasnodardagi o‘zbek talabalar "ko‘chada qoldi". Ular Farg‘onadagi OTMdan aldanganini aytmoqda


Krasnodar o‘lkasidagi universitetlardan birining talabalari mashg‘ulot paytida
Krasnodar o‘lkasidagi universitetlardan birining talabalari mashg‘ulot paytida

O‘zbekistondan Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi oliy ta’lim muassasalariga yo‘llangan o‘ttiz chog‘li talaba Toshkent rasmiylariga videomurojaat yo‘llab, o‘zlarini yotoqxonadan haydab chiqarayotganlarini ma’lum qilishdi.

30-avgustdan boshlab ko‘chada qolishlari mumkinligini aytgan talabalar prezident Mirziyoyevdan muammoni hal qilishda yordam so‘rashgan hamda “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rahbariyati tomonidan aldangan”larini bildirishgan.

Ularning aytishicha, shartnoma bo‘yicha ular uch yil O‘zbekistonda va ikki yil Rossiyada o‘qishlari lozim edi. Har bir talaba Farg‘onadagi tibbiyot institutiga o‘qish uchun har yili 3000 dollardan pul to‘lab kelgan. Biroq talabalar o‘qishni davom ettirish uchun Krasnodarga kelishganidan keyin ularning bir qismigina OTMga qabul qilingan, qolganlarni o‘qishga qabul qilishdan bosh tortishgan. Rossiya universiteti rahbariyati uch yil mobaynida shartnoma puli ularning hisobiga kelib tushmagani, shuning uchun ham O‘zbekiston bilan tuzilgan kelishuv bekor bo‘lganini ma’lum qilgan.

“30-avgust kuni bizni yotoqxonadan chiqarib yuborishadi. Bizning boradigan joyimiz yo‘q. Hozirda shartnoma bekor qilingan va “sizlar bizning studentimiz bo‘lib qabul qilinmaysizlar” deyishyapti”, degan videomurojaatda so‘zlagan tolibalardan biri.

“Bugun ertalabki soat sakkizdan kechki oltiga qadar biz dekan eshigining tagida o‘tirdik. Ularning aytishicha bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma buzilgan va shu paytgacha birinchi kursdan uchinchi kursgacha to‘lab kelingan kontraktning hech qaysi qismi bularga tushmagan, bular o‘qishimizni bu yerda davom ettirishimizni xohlashmayapti... O‘zimiz bilan olib kelgan mablag‘imiz ham tugab bormoqda. Tuzuk-quruq ovqat yo‘q, biz qiynalib ketdik. Sizdan yordam so‘raymiz, iltimos, muammoimizni hal qilib bering”, degan o‘qishini davom ettirish umidida Krasnodarga kelgan talaba.

Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan mazkur video bo‘yicha O‘zbekiston rasmiylari hali biror izoh berganlaricha yo‘q.

Koronavirus pandemiyasiga qadar Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarida 300 mingga yaqin chet ellik talaba o‘qir edi, ularning kattagina qismini Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘lmish O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelganlar tashkil qilardi. Pandemiyadan beri xorijliklarning Rossiya OTMlariga intiluvi susaygan, biroq ularning sonini hali ham kam deb bo‘lmaydi.

XS
SM
MD
LG