Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi rasmiylari xorijliklarga taksida ishlashni, shuningdek, maxsus do‘konlarda tamaki va alkogolli mahsulotlarni sotishni taqiqlab qo‘yishdi.
Mazkur qonun, ish beruvchilar “hozirlik” ko‘rib olishlari uchun, 2025-yilning 1-martidan kuchga kiradi. Bu haqda Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.
Rasmiylarni bunday qarorga kelishga qanday sabab undaganini ochiqlamagan mulozim bu kabi cheklovlar boshqa sohalarda ham paydo bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.
Avvalroq “Agentstvo” nashri Rossiya viloyatlarining uchdan birida hamda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda migrantlar faoliyati uchun taqiq qo‘yilganini o‘rgangan edi.
Rossiya viloyatlarida migrantlarga eng ko‘p taksida ishlashni taqiqlashadi. Bunday taqiq 27 ta mintaqada amalda. Migrantlarning savdo sohasida ishlashiga cheklov Rossiyaning kamida 18 ta mintaqasida kiritilgan. Ayrim hududlarda ularga mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish sohasi, kutubxonalar va hatto moliyaviy xizmatlar sohasida ham ishlash man etilgan.
Rossiya rasmiylari versiyasiga ko‘ra Tojikiston fuqarolari uyushtirgan “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan so‘ng RFda migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchayib ketgan.
Rossiyaning ayrim mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijlik ishchilar yashagan va ishlagan joylar bo‘ylab reydlar uyushtira boshlashgan. Ba’zi paytlarda migrantlarni harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazish holatlari kuzatilgan. Bu bilan bir vaqtda millatchilar “reydlar”i ham boshlanib, ularda ish beruvchilardan migrantlarni ishdan bo‘shatish yoki qizlardan boshidagi ro‘molini yechib talab qilingan.
2024-yil boshidan buyon IIV xodimlari 65 mingdan ziyod xorijlikni Rossiyadan chiqarib yuborishgan, shuningdek, 120 ming migrantning mamlakatga kirishiga to‘sqinlik qilishgan. Bu orada Rossiyada kadrlar yetishmasligi manzarasida migrantlar oqimi so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushgan.