Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:46

Kreml: O‘zbekiston 1-yanvardan BRICSda sherik-davlatga aylanadi


O‘zbekistonga BRICSda sherik-davlat maqomi shu yil oktyabrida tashkilotning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida berilgan edi.
O‘zbekistonga BRICSda sherik-davlat maqomi shu yil oktyabrida tashkilotning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida berilgan edi.

2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran Belarus, Boliviya, Indoneziya, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Tailand, Uganda davlatlari qatorida O‘zbekiston ham rasman BRICSda sherik-davlat maqomiga ega bo‘ladi. TASS xabariga ko‘ra, bu haqda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov bildirgan.

Amaldagi tartibga muvofiq, sherik-davlatlar BRICS doirasidagi alohida majlislarga va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlariga taklif etiladi.

Biz sherik-davlatlarni xavfsizlik masalalarini muvofiqlashtiruvchi yuqori martabali vakillar majlislari, parlamentlar forumi va boshqa tadbirlarga ham jalb etish to‘g‘ri bo‘ladi deb hisoblaymiz”, degan Kreml vakili.

Joriy yil 22-24-oktyabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti yakunida O‘zbekistonga mazkur tuzilmada sherik-davlat maqomi berilgan edi.

Hozircha rasmiy Toshkent mamlakat kelgusi yildan BRICSda rasman sherik-davlat maqomiga ega bo‘lishi xususidagi Kreml bayonotiga munosabat bildirganicha yo‘q. Bu xabar dastlab Rossiya mulozimlari tilida yangragani mahalliy faollarda e’tiroz tug‘dirgan.

Ozodlik avvalroq Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga iqtibosan “O‘zbekistonning BRICSga a’zoligi mamlakat siyosiy kun tartibiga qo‘yilmagani” haqida xabar qilgan edi.

2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIC nomli tashkilotga birlashdi. 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilishi bilan tashkilot BRICSga aylandi.

Ushbu tuzilma dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarini birlashtirish orqali Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropaning siyosiy, iqtisodiy qudratiga qarshi muqobil kuch yaratishni maqsad qilgan.

Kengaygan BRICS 3,5 milliardga yaqin nufusga ega. Bu dunyo aholisining 45 foizi demakdir. BRICS davlatlarining umumiy iqtisodiyoti 28,5 trillion dollardan ortiq bo‘lib, bu jahon iqtisodiyotining qariyb 28 foiziga teng.

XS
SM
MD
LG