Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:50

Kreml Qirg‘izistonning yangi rahbariyatini sovuq kutib oldi


Lavrov va Qazaqbaevning qo‘shma matbuot anumani - Moskva, 23 - oktabr, 2020
Lavrov va Qazaqbaevning qo‘shma matbuot anumani - Moskva, 23 - oktabr, 2020

Kreml oktabr oyida Qirg‘izistonda hokimiyat tepasiga kelgan yangi yetakchilarga sovuq munosabatda bo‘lmoqda. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining mintaqa bo‘yicha sharhlovchisi Bryus Panniyerning yozishicha, bu yangi bosh vazir hamda amaldagi prezident Sadir Japarovni xavotirga solib qo‘ydi.

Xabarlarga ko‘ra, Japarov mulohazasiz ish tutgan va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bilan muzokara olib borish uchun Moskva bilan oldindan kelishmasdan vakil yuborgan.

O‘tgan haftada sobiq tashqi ishlar vaziri va ayni damda Japarovning tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlayotgan Chingiz Aydarbekov Moskvaga xizmat safari bilan bordi, ammo Moskvada hech kim uni kutib olmadi.

Qirg‘izistonning 24.kg xabar agentligi bosh muharriri Asel Otorbayeva o‘z Facebook sahifasida Aydarbekov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya hukumati a’zolari hamda Rossiya Davlat Dumasi yetakchilari bilan «Kremlda uchrashuv o‘tkazishgani istagan» kunda ularning «har biridan rad javobini olgani» haqida yozdi.

Hukumatga qarashli Kabar agentligi esa muammoni kichraytirib ko‘rsatishga urindi va Aydarbekov «Rossiya tashqi ishlar vazirligi va moliya vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi» deb xabar qildi, ammo aynan kim bilan uchrashganini ochiqlamadi.

Joriy yilning 4 - oktabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin Qirg‘izistonda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Natijada Markaziy saylov komissiyasi bo‘lib o‘tgan saylov natijalarini bekor qildi, 6 - oktabrga o‘tar kechasi qamoqdan ozod qilingan Japarov esa bosh vazir etib tayinlandi. Japarovning kutilmaganda hokimiyat tepasiga kelgani ko‘pchilikni hayratga soldi.

15 - oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’foga ketdi. O‘sha kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qirg‘izistonga va’da qilingan 100 million dollar yordam pulini yuborish rejasi «vaqtincha to‘xtatilganini» ma’lum qildi.

Qirg‘izistonning yangi tashqi ishlar vaziri Ruslan Qazaqbayev 23 - oktabr kuni Moskvada Lavrov bilan uchrashgan edi. Uchrashuv davomida Qazaqbayev Lavrovga Qirg‘izistonda vaziyat normallashayotganini aytdi.

Ammo uchrashuv yaxshi o‘tmadi. Uning ortidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Lavrov Qirg‘iziston va’da qilingan 100 million dollar yordam pulini yaqin orada olmasligini aytdi.

Bundan tashqari, anjuman davomida qirg‘iz jurnalisti Qazaqbayevga qirg‘iz tilida savol berdi.

«Kommersant’» nashrining xabar berishicha, «Jurnalist beshinchi savolga qirg‘iz tilida aniqlik kiritishga kirishganidan keyin, Rossiya vazirining sabr-toqati tugadi. “Kechirasiz”, - dedi [Lavrov] g‘azablanib. “Siz mezbonni hurmat qilishingiz kerak, ma’qulmi?”», - dedi Lavrov. Vazir ortidan «har ma’noda» deya qo‘shimcha qilgan.

Qazaqbayev Lavrov bilan uchrashganidan bir kun oldin prezident Putin Qirg‘izistondagi vaziyatni «fojia» deya ta’riflab, Rossiya Bishkekdagi hodisalarni «afsus va xavotir» bilan kuzatib borayotganini aytgan edi.

Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Nikolay Udovichenko 15 - oktabr kuni Qazakbayev bilan, 21 - oktabr kuni Japarov bilan uchrashdi. Ammo bu uchrashuvlar Udovichenkoni yangi hukumat Kreml ishonchiga loyiq ekanligiga ishontira olmadi.

Kreml sobiq prezident Jeenbekovning qat’iy tarafdori emasdi. 28 - sentabr kuni Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Putin adashib Jeenbekovni Shariman deb atadi – Jeenbekov 2017 - yildan beri Qirg‘iziston prezidenti bo‘lib ishlab kelayotgani va Putin bilan bir necha marta uchrashganiga qaramasdan.

Rossiya hukumati Japarov hokimiyat tepasiga kelganiga qarshi bo‘lmasligi mumkin.

Ammo Rossiya hukumati MDH mamlakatlaridagi inqiloblarni yoqtirmaydi. Bugunga qadar Qirg‘izistonda uch marotaba ommaviy namoyishlar ortidan hokimiyat almashdi.

XS
SM
MD
LG