Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:16

Kreml: Tog‘li Qoraboqqa Turkiya harbiylari kiritilmaydi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Xitoydagi sammitda - Pekin, 26 -aprelь, 2019
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Xitoydagi sammitda - Pekin, 26 -aprelь, 2019

Seshanba kuni ertalab Kreml saytida Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari hamda Armaniston bosh vazirining Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

Uning matni avvalroq «Sputnik-Armaniston» agentligi tomonidan tarqatilgan matnga mos tushadi. Shunday bo‘lsa-da, Kreml e’lon qilgan bayonotda ba’zi bir kichik farqlar mavjud. Xususan, Kreml saytida chop etilgan matnda Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bir-biriga bog‘lab turuvchi Lachin koridori «Rossiya Federatsiyasining tinchlikparvar kontingenti nazorati ostida qolishi» ta’kidlangan.

Bayonotda 10 - noyabr kuni soat 0:00 dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida, bundan tashqari, Lachin, Kelbajar va Agdam tumanlari hududlarini Ozarbayjonga o‘tkazish muddati va Tog‘li Qorabog‘dagi va Lachin koridoridagi aloqa liniyasida 1 960 nafar rus tinchlikparvari joylashtirilishi e’tirof etildi.

Avvalroq Rossiya harbiylari va texnikasi ortilgan samolyotlar mintaqaga uchib ketgani haqida xabar berilgan edi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev dushanba kuni kechqurun bayonotga imzo chekishdan oldin Vladimir Putin bilan videoaloqa orqali suhbatda «bugungi bayonot bandlaridan biri Rossiya va Turkiyaning qo‘shma tinchlikparvar missiyasi to‘g‘risida» ekanligini aytgan. Prezidentlar suhbatining matni Ozarbayjon prezidentining rasmiy saytida e’lon qilindi. Putin Aliyev bilan muloqotda uning so‘zlarini rad etmagan, ammo Kreml saytida chop etilgan hujjatda turkiyalik tinchlikparvar kuchlar haqida hech nima deyilmadi.

Seshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov turkiyalik tinchlikparvar kuchlar Rossiya bilan birga Qorabog‘da joylashtirilishi to‘g‘risidagi savolga salbiy javob berdi. Ammo u uch mamlakat rahbarlari Qorabog‘ tashqarisida Turkiya ishtirokida kuzatuv markazini tashkil etish masalasini muhokama qilishganini tasdiqladi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bunday markaz tafsilotlari alohida kelishuvda belgilanishi kerak.

E’lon qilingan bayonotda «Kelishuv shartlari mojaro ishtirokchilari tomonidan bajarilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirish maqsadida sulhni nazorat qilish uchun tinchlikparvarlik markazi tashkil etiladi» deyiladi. Hujjatda Turkiya bevosita tilga olinmadi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Turkiya Ozarbayjonni qo‘llamoqda. Anqara Boku mojaroni kuch bilan hal qilish huquqiga ega, deb hisoblaydi.

Uch davlat rahbarlari qo‘shma bayonot imzolagani haqida dushanba kuni kechqurun – Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi tumanlarda muvaffaqiyatli ilgarilab borishi ortidan ma’lum bo‘ldi.

10 - noyabr kuni Yerevanda erishilgan kelishuvdan norozi bir necha ming odam politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tib, hukumat uyini ishg‘ol qildi va parlament spikerini do‘pposladi. Muxolifat bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda. Pashinyanning o‘zi harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatishning yagona yo‘li shu ekanligi, mamlakat armiyasi bu tashabbusni qo‘llaganini aytdi.

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) qoshidagi Minsk guruhining Rossiyada boshqa hamraislari, ya’ni Fransiya va AQSh uch mamlakat yetakchilarining qo‘shma bayonotini hali izohlagani yo‘q.

Agar kelishuv amalga oshsa, Tog‘li Qorabog‘ bilan tutash barcha tumanlar (Lachin yo‘lagidan tashqari), shuningdek, Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan, Shusha shahri ham Ozarbayjon nazoratiga qaytadi. Mintaqa poytaxti Stepanakert va boshqa bir qator hudud Ozarbayjon nazorati tashqarisida qolmoqda.

Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabr kuni boshlanib ketgan janglarda bugunga qadar kamida 1 000 odam halok bo‘lgani xabar qilindi. Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 -yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi.

XS
SM
MD
LG