Линклар

Шошилинч хабар
03 май 2024, Тошкент вақти: 02:43

“Krokus”ga hujum: Rossiya armiyasiga oid avtomatlar terrorchilar qo‘liga qanday tushib qolgan?


Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 22-mart kuni “Krokus”ga hujum chog‘ida 144 kishi o‘lgan, 500 dan ortiq odam jabrlangan. Terrorchilar odamlarning bir qismini otib tashlagan bo‘lsa, ko‘pchilik yong‘in vaqtida dimiqib o‘lgan. Terakt uchun javobgarlikni “Islom davlati” guruhi (AQSH va YIda terrorchi tashkilot deb topilgan) o‘z zimmasiga olgan.

“Vajniye istorii” suhbatdoshlariga ko‘ra, “Krokus”ga hujumda qo‘llangan AK-74 yarim dunyoga eksport qilingan va hatto franshiza huquqi asosida Pokistonda ishlab chiqarilgan ham. Biroq AK-12 yangi qurol bo‘lib, hozircha faqat Rossiya maxsus bo‘linmalarida va ayrim xususiy harbiy shirkatlarning yollanma jangchilarida bor, xolos. Bu avtomat 2018-yilda yalpi ishlab chiqarishga qo‘yilib, o‘sha yiliyoq Rossiya armiyasiga qabul qilingan. Xo‘sh, bu avtomat “Krokus”ga hujum qilganlar qo‘liga qanday tushib qoldi?

“Har bir harbiy xizmatchiga biriktirilgan qurol bor: uning raqami harbiy guvohnomaga yozib qo‘yiladi. Harbiy kerak bo‘lganida uni oladi, keyin omborga qaytaradi yoki qulflanadigan javonga solib qo‘yadi, – deydi “Vajniye istorii” jurnalisti Nikita Kondratyev. – Ammo birinchi qulay fursatdayoq u qurolni o‘lja qiladi, ya’ni halok bo‘lgan safdoshining yoki ukrain askarining qurolini oladi”.

Kondratyevga ko‘ra, Rossiya armiyasi askari bir nechta qurolni o‘lja qilib olishi, so‘ng ularning bir qismini Ukrainaning bosib olingan hududlarida yashovchi odamlarga yoki darknet orqali pullab yuborishi mumkin.

“Terrorchilar bilan bo‘lgan holatda biz suhbatlashgan savdogarlar, ekspertlar va harbiylar AK-12 avtomatlari ularning qo‘liga tasodifan tushib qolgan, degan fikrni haqiqatga yaqin deb topishdi. Shunchaki, ular qurol qidirgan paytda “bozor”dan AK-12 avtomatlari chiqib qolgan. Kimdir yashirib qo‘ygan o‘ljalarini ularga pullagan”, deya so‘zida davom etadi jurnalist.

U tergovning “Krokus”ga hujumda qo‘llangan qurollar Dog‘iston orqali kelgan, degan fikrida jon borligini aytadi.

“Harbiylar Kavkazga ko‘p-ko‘p kontrabanda qurollar jo‘natib turishadi. Talabgor u yerga borib, izlagan qurolini topishi va savdolashib, olib ketishi mumkin”, deydi Kondratyev.

Rossiya armiyasi 42-motoo‘qchilar brigadasining sobiq ofitseri, 2022-yil mayida xizmatdan bo‘shab AQSHga ko‘chib ketgan Konstantin Yefremov “Vajniye istorii” jurnalistlariga Rossiya harbiylari qurollarni arzon-garovga sotishi haqida so‘zlab bergan: Ukraina bilan urush boshlangunicha to‘pponcha 50-100 ming rubl (taxminan 500-1000 dollar) turgan bo‘lsa, hozir “Maxsus harbiy amaliyot” hududida to‘pponchani 20 ming, avtomatni esa 30 ming rublga (yoki 300 dollarga) sotib olish mumkin ekan.

Bunaqa qurollar qisman xorijga ham chiqariladi.

“Muammo shundaki, Yevropada qurol kontrabandasi ustidan nazorat juda sust. Qora bozor savdogari Yevropaga jangovar qurolni hatto pochta orqali jo‘natishi mumkin. Deyarli xavfsiz usul bu”, deydi Kondratyev.

Jurnalist fikricha, to‘la o‘lchamli Kalashnikov avtomatlari “xaridorgir emas”, shu bois ular kam olib chiqiladi.

“Qandaydir buyurtma bo‘lmasa, bunaqa qurollarni birov so‘ramaydi”, deya izohlaydi Kondratyev.

Qora bozorda to‘pponchalar, granatalar va AKSU – Kalashnikov yig‘ma qo‘ndoqli kalta avtomatlariga talab yuqori ekan. “Chunki ular ixcham, yashirin olib yurish oson”, deydi “Vajniye istorii” jurnalisti.

“Rossiya Federatsiyasi hududida yoki boshqa biror joyda qandaydir yovuz ish qilmoqchi bo‘lgan odam AKSU kabi kichik va qulay avtomat topishga urinadi”, xulosa qiladi Kondratyev.

Rossiya shaharlarida bunaqa qurolni, masalan, politsiya xodimlarida ko‘rish mumkin.

Rossiya IIVning 2022-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng Rossiyada o‘qotar qurol qo‘llangan jinoyatlar soni 30 foizga oshgan. Bunaqa jinoyatlardan eng ko‘pi Ukrainaga chegaradosh Kursk va Belgorod viloyatlarida qayd etilmoqda. Xususan, Kursk viloyatida o‘qotar qurol bilan sodir etilgan jinoyatlar soni 675 foizga ko‘paygani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG