Линклар

Шошилинч хабар
28 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:02

“Krokus”dan so‘ng: Teraktning oldini ololmagan maxsus kuchlar migrantlarni siquvga olmoqda


Rossiya poytaxtida terrorchilik hujumi sodir bo‘lgani va migrantlarga nisbatan nafrat olovlanayotgani manzarasida Qirg‘iziston o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormay turishni tavsiya qildi.

Tojik diasporasi esa migrantlarga nisbatan zo‘ravonlik qilish holatlari ko‘payganidan xavfsirab, o‘z a’zolarini juda ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Rossiya Davlat Dumasida mamlakatga kirish cheklovlari va deportatsiya mezonlarini kuchaytirishga doir takliflar allaqachon bildirildi.

Rossiyaliklar tojikistonlik taksi haydovchilar xizmatidan foydalanishdan bosh tortishmoqda, “Krokus”dagi terakt gumonlanuvchilaridan biri ishlagan Yaroslavldagi sartaroshxona sohibi va xodimlariga tahdidlar bo‘ldi. Yekaterinburgda politsiya ko‘cha-ko‘yda “sharqona qiyofali” odamlarni to‘xtatyapti, bir savdo markazi rahbariyati esa ijarachilaridan markaziy osiyolik xodimlari haqida ma’lumot talab qilgan.

“Ijozat mujdasi”: Rossiya hukumati va terakt manzarasidagi ksenofobiya

“Memorial” aksildiskriminatsiya markazi eksperti Stefaniya Kulayeva Rossiyada ksenofobiya kayfiyati ortayotganini, juda zo‘rayib ketganiga amin bo‘lmasa-da, bunaqa holatlar yuzaga chiqa boshlaganini aytadi.

“Sobiq prezident Dmitriy Medvedev o‘z og‘zi bilan “teraktga aloqador kimsalarning barchasi o‘lishi kerak, o‘ldiriladi ham” deb turganidan so‘ng yana nima deyish mumkin. Albatta, bu hamma narsa mumkin, har qanday beboshlikka izn berildi, degan signal va xuddi shu narsadan qo‘rqqulik”, deydi Kulayeva.

Москвадаги терактдан кейин мигрантларга босим кучайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:03 0:00

Siyosiy fanlar doktori, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha ekspert, Begin-Sadat nomidagi markaz ilmiy xodimi Andrey Kazansev Rossiya hukumatining xatti-harakatlari va teraktga doir bayonotlaridagi “telba-teskarilik”ka e’tibor qaratadi.

“Ular bir tarafdan: “Rossiyaning jamiki aholisi va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar G‘arbga qarshi birlashishi kerak”, deb turishibdi. Ikkinchi tomondan esa, Ukrainaga qarshi urush bahonasida o‘ta o‘ng kayfiyatlarga o‘zlari moy sepib qo‘yib, endi bu jangari kayfiyat migrantlarga qarshi qaratilishining oldini olishga aqllari yetmayotir, – izoh beradi olim. – Qolaversa, ular yaqinda patriarx Kirilldek nufuzli odam tili bilan “migrantlar, ayniqsa markaziy osiyoliklar Rossiya uchun xatarli, chunki ular boshqa din mansublari bo‘lib, rossiyaliklarning tamadduniy birligiga putur yetkazadi”, degan gapni aytishdi. Boshqa tarafdan esa, Ukraina urushi munosabati bilan Rossiyada demografik inqiroz keskinlashgan va Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlarisiz hukumat inqiroz oldida ojiz qoladi”.

“Radikal millatchilarning kuni tug‘di”

Hukumat toqatsizlikka ijozat mujdalarini yo‘llagach birinchi bo‘lib radikal millatchilardan sado chiqdi, deydi Stefaniya Kulayeva: “Nazarimda, ularning ko‘pchiligi o‘z nafratini namoyish qilish, Markaziy Osiyodan kelganlar uchun turli-tuman segragatsiyalar, vizalar joriy etish va ularni badarg‘a qilishga chaqirish fursati yetganini his etishdi. Hatto, afsuski, hujumkorlikka, jismonan o‘ldirishga da’vatlar ham yangramoqda”.

Ekspert ksenofoblar nafratiga eng avvalo Tojikiston fuqarolari hadaf bo‘layotganini, biroq ayni vaziyatda g‘ayrislavyan ko‘rinishli har qanday odamning hayoti tahlikada qolishini urg‘ulaydi:

“Go‘yo bizga biron xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lganlarni vizual aniqlash jarayoni ketyapti, ammo Rossiyada odamlar bir muhojirni ikkinchisidan tezda farqlay olishi amri mahol. Bu birinchidan. Ikkinchidan, ko‘pchilik, jumladan politsiyachilar farqlashni istamaydi ham. Umuman, markaziy osiyolik barcha migrantlarga bir ko‘zda qarash, ularni farqlay olmaslik, hatto istamaslik tendensiyalari mavjud. Bu musulmon mamlakatlardan kelganlarga, ehtimolki, ozarbayjon va afg‘onlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Ha, barchaning boshi xatarda, lekin hammadan ko‘ra Tojikiston fuqarolariga qiyin bo‘lganga o‘xshaydi”.

Mehnat migrantlariga qarshi politsiya reydlari

Rossiyada ishlayotgan muhojirlarga bepul maslahatlar berish bilan shug‘ullanadigan huquq himoyachisi Valentina Chupik “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan keyingi dastlabki ikki kun ichida unga Rossiyadagi xorijlik fuqarolardan 2,5 mingdan ortiq qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytadi. Xabarlarning yarmidan ortig‘i politsiya reydlari va noqonuniy hibsga olishlar haqida bo‘lgan. Muhojirlarning aytishicha, ularni politsiya yoki Rosgvardiya xodimlari to‘xtatib, FSB vakillari bilan “suhbat”ga olib ketishayotganini so‘zlab berganlar. Bundan tashqari, politsiya muhojirlar yashaydigan yotoqxonalarga bostirib kirayotgani haqida ma’lum qilishgan.

Chupikka murojaat qilganlarning aksari – Moskvadan. Shuningdek, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgdan kelgan shikoyatlar ham bor. Politsiya nafaqat Tojikiston, balki Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bilan ham qiziqmoqda. Huquqbonga ko‘ra, qariyb 30 kishi ushlanganidan so‘ng qiynoqqa solinganidan arz qilgan.

“Крокус Сити Холл”га ҳужум: Суд яна 4 кишини ҳибсга олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:35 0:00

Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha ekspert Andrey Kazansev fikricha, kuchishlatar idoralar reyd va oblavalar orqali o‘zlarining “samaradorligi”ni ko‘rsatishga urinmoqda.

“Rossiyada migrantlarni siquvga olish kuchayishi turgan gap, chunki kuchishlatar tuzilmalar qo‘l qovushtirib turmayotganini ko‘rsatib qo‘ymog‘i darkor. Chunki mana shu terakt jamiyatda Rosgvardiya, politsiya va boshqa idoralar haqida juda yomon taassurot qoldirdi, endi ular o‘z reaksiyalarini ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Xo‘sh, qanday qilib? Bechora migrantlarga g‘azab sochish bilan-da”.

“Memorial” aksildiskriminatsiya markazi eksperti Stefaniya Kulayeva ham kuchishlatar idoralar terakt va ksenofobiya jinoyatlarining oldini olish borasida real ish qilish o‘rniga eng oson yo‘lni – mehnat migrantlariga bosim o‘tkazishni tanladi, deb hisoblaydi. U “yaqin orada politsiya masjidlar, bozorlar va yotoqxonalarda yangi reydlar uyushtiradimi?” degan savolga shunday javob beradi:

“Bunaqa ishlar biron kor-hol ro‘y berishining oldini olish uchun navbatchilikka o‘xshash preventiv chora sifatida tashkil qilinsa, tushuncha bo‘lardi. Biroq ular etnik nafratga tayanib harakat qilayotgan va, mehnat migrantlari boshqaruvidagi barcha taksi mashinalarini to‘xtatib qo‘yayotgan ekan, bunda hech bir ijobiy ma’no yo‘q. Dahshatli teraktdan bexabar qolib, endi o‘zlarini jon koyitib ishlayotgandek ko‘rsatishyapti. Ajoyib huquqbon Sergey Kovalyov ta’biri bilan aytganda, “banditlarni emas, qorako‘zlarni ovlashyapti”. Bu shunchaki, ko‘zbo‘yamachilik, ayni chog‘da ksenofobiya kayfiyatini olovlantirishdan boshqa narsa emas. Aslida ayni paytda ularning asosiy vazifasi zo‘ravonlik yoyilishining oldini olish bo‘lishi kerak edi”.

XS
SM
MD
LG