Линклар

Шошилинч хабар
03 июл 2022, Тошкент вақти: 04:43

Kuch tizimlari va narkobiznes. Qirg‘izistonda narkotrafikda gumonlangan tojik militsioneri hibsga olindi


Qirg‘iziston militsiyasi. Illyustrativ surat.

Qirg‘izistonning Botken viloyatida Tojikistonning ikki fuqarosi 33 kilogramm giyohvand modda bilan qo‘lga tushdi. Ulardan biri qo‘shni mamlakat Ichki ishlar vazirligi xodimi bo‘lib chiqdi.

Tojikiston tomoni voqea yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Tojik fuqarolarining qo‘lga olinishi

Qirg‘iziston IIV xabarnomasiga ko‘ra, giyohvand moddalarni tashishda gumon qilinayotgan tojikistonliklar transmilliy guruh a’zolaridir. Vazirlik qaydicha, mazkur guruh Afg‘onistonda yetishtirilgan katta miqdordagi giyohvand moddalarni Tojikistondan Qirg‘izistonga, u yerdan Qozog‘istonga yetkazib berish va sotish bilan shug‘ullangan. “Narkodilerlar maxfiylik qoidalariga qattiq amal qilishgan va maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan”i, ammo Qirg‘iziston IIV Giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash xizmati xodimlarining samarali faoliyati natijasida jinoiy guruh a’zolari bilan aloqa bog‘lanishga va to‘daboshini aniqlashga muvaffaq bo‘lingani aytilmoqda.

“QR Jinoyat kodeksining 282-moddasi (Giyohvand moddalar, psixotrop vositalar va ularning analoglarini sotish maqsadida noqonuniy tayyorlash) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida muvaffaqiyatli maxsus amaliyot o‘tkazilib, transmilliy jinoiy guruhning barcha a’zolari – guruh tashkilotchisi, 1960-yilda tug‘ilgan, Tojikiston Respublikasi (TR) fuqarosi bo‘lmish O.A. hamda guruh a’zosi, 1982-yilda tug‘ilgan, TR fuqarosi, shuningdek militsiya katta serjanti va IIVning inspektor lavozimli xizmatdagi xodimi bo‘lib chiqqan I.M. qo‘lga olindi”, deya ma’lum qildi QR IIV matbuot kotibi Adinay Sharsheyeva.

Qo‘lga olish chog‘ida ulardan 11 kilogrammdan ortiq af’yun (opiy) va qariyb 22 kilogramm gashish olib qo‘yilgan, giyohvand moddalarning jami vazni 33 kg 241 grammni tashkil etadi. IIV “ushbu narkoguruh va uning jinoyatlariga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash tadbirlari” davom ettirilayotganini eslatgan.

Gumondorlar Bishkekdagi 1-sonli tergov izolyatoriga hibs qilingan. Mazkur ish doirasida yana necha kishi qo‘lga olingani ochiqlangan emas.

Qirg‘iziston IIV e’lon qilgan foto va videolarda Tojikiston huquqni muhofaza qilish idoralari xodimining xizmat guvohnomasini ko‘rish mumkin. Hujjatda u militsiya katta serjantiga berilgani va 2025-yilgacha amal qilishi ko‘rsatilgan. Videoda tojik militsiyasi xodimiga biriktirilgan xizmat quroli ham namoyish etilgan.

Tojikiston tomoni voqea yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

“Shimoliy yo‘nalish”da gullab-yashnayotgan narkobiznes

So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda giyohvand moddalar tashish yoki sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qo‘lga olingani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Ammo bu – qo‘lga olinganlardan biri qo‘shni davlat huquq-tartibot idoralari xodimi bo‘lib chiqqan ilk holatdir.

Jogorku Kenesh deputati, Botken viloyati sobiq gubernatori Sultonboy Ayjigitov viloyatda Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan giyohvand moddalar olib kelish avvaldan bo‘lganini, ushbu “biznes”ga homiylik qilayotgan kimsalar hanuz borligini aytadi:

“Muayyan shaxslar homiyligisiz narkotrafik bilan shug‘ullanish juda qiyin. Qoradori tujjorlarining yo‘lini ochib berayotgan katta guruh bor. Qo‘lga olingan anavi militsiya xodimi, aftidan, oddiy ijrochi bo‘lsa kerak. Qoidaga ko‘ra, avvalo giyohvand moddalarni qaysi yo‘llar bilan yetkazib berishni belgilab olishadi, shundan so‘nggina bu “tijorat”ga homiylik qiluvchilarni qidirishadi. Narkotrafik tabiati shunaqa”.

Darvoqe, katta miqdordagi giyohvand moddalarning musodara qilinishi Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi postlar yuk o‘tkazish uchun yopiqligicha qolayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Bishkek o‘tgan yilning may oyida Botken viloyatida yuz bergan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng qo‘shni davlat bilan chegarasini taqa-taq yopgan.

O‘shanda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) giyohvand moddalarning qariyb yarim tonnalik rekord darajada yirik partiyasi ushlab qolinganini ma’lum qilgan edi.

MXDQ xabarnomasiga ko‘ra, “mol” Yaqin Sharqdan Markaziy Osiyo orqali Yevropaga yetkazilishi kerak bo‘lgan. Qirg‘iziston og‘ir narkotiklar o‘tkaziladigan tranzit mamlakat sanaladi. Mutaxassislar Tojikiston va Qirg‘iziston orqali Rossiya hamda Yevropaga tonnalab qoradori tashilishini aytadilar va mazkur kanalni “Shimoliy yo‘nalish” deb ataydilar.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin QRning Botken viloyatida Afg‘oniston fuqarosi katta miqdordagi giyohvand moddalar bilan ushlangan edi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, u Yevropaga yetkazib berish va sotish uchun Qirg‘iziston hududida narkotrafik kanalini tashkil qilishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Tintuv chog‘ida uning yonidan salkam 7 kilogramm geroin va 10 kilogrammga yaqin gashish topilgan.

“Qizil geroin” savdosi

“Markaziy Osiyo narkosiyosat markazi” jamoat fondi direktori, ekspert Aleksandr Zelichenko Tojikiston orqali afg‘on giyohvand moddalari tashilishi xususida shunday deydi:

“Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari narkotijoratga bosh qo‘shgani haqida anchadan beri bong urib kelamiz. Hatto matbuotda “qizil geroin” degan ilmiy atamani muomalaga kiritdik. Bu yerda qizil rangni emas, balki huquq-tartibot idoralariga mansublikni bildiradi. Baxtimizga, “organ”lar saflari tozalanyapti, pogonli munofiqlar qo‘lga olingani haqida dam-badam eshityapmiz. So‘nggi paytlarda MXDQ hamda IIV shaxsiy xavfsizlik xizmati ham xiyla faollashdi. Biroq qo‘shnilarimizda ham shu ahvol: aftidan, u yerda ham qonun posbonlari ushbu noqonuniy biznesga sherik bo‘lib olishgan.

Qolaversa, Botkenda chegaraga ko‘pdan beri qulf solinganini yoddan chiqarmaslik kerak. U yerdagi postlardan asosan oziq-ovqat, yoqilg‘i, qurilish mollari, shu qatorda geroin ham tashilardi. Eshitishimizcha, tojik narkotijoratchilari juda norozi bo‘lib, o‘zlarining mahalliy ma’murlarga bosim o‘tkazishgan: Qirg‘iziston bilan kelishinglar, chegarani tezroq ochishsin, biznesimiz zarar ko‘ryapti, deb. Tojik huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari yuzaga kelgan bo‘shliqdan foydalanib, “mol”ni o‘zlari tashimoqchi bo‘lishgan, shekilli”.

Aprel oyi boshlarida O‘sh shahri IIBning ikki xodimi – militsiya podpolkovnigi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lmish 40 yoshli A.U.K. hamda militsiya patrul xizmati kichik inspektori, 34 yoshli T.U.A. giyohvand moddalar savdosida gumon qilinib, qo‘lga olingan edi.

Sobiq bosh vazir o‘rinbosari, hukumatda xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullangan Abdurahmon Mamataliyev aytishicha, narkotijorat gohida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojarolar chiqishiga sabab bo‘ladi:

“Chegara hududlaridagi ayrim to‘qnashuvlarda narkobizneschilarning qo‘li bo‘lishi mumkin. Ular otishma chiqarib, huquq-tartibot idoralari va chegarachilarni chalg‘itishadi va keyin ko‘pchilik bilmaydigan yo‘nalishlar orqali “mol” olib o‘tishga harakat qilishadi”.

May oyi oxirlarida Qirg‘iziston IIV Qozog‘iston maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliyot natijasida sun’iy giyohvand moddalar tashish va sotish kanallari yo‘q qilinganini bildirdi. Aytilishicha, mazkur amaliyot olti oy davom etgan.

Mart oyi oxirlarida esa Qirg‘iziston MXDQ Talas viloyatida IIVning sobiq xodimi, iste’fodagi militsiya mayori giyohvand moddalar savdogarlariga homiylik qilishda gumon qilinib, ushlangani haqida ma’lum qildi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Qirg‘izistonda o‘tgan yilda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq 990 ta holat qayd etilib, to‘rt tonnadan ortiq turli taqiqlangan moddalar musodara qilingan.

XS
SM
MD
LG