O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi RFning Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga bu viloyatlardagi vaziyat munosabati bilan “zarur ehtiyot choralarini ko‘rishni, o‘ta zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslikni, shuningdek jamoat joylariga borishni cheklashni” tavsiya qildi.
Elchixona matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarnomada ushbu hududlarda tahsil olayotgan talabalarga imkon qadar “vaqtincha masofaviy ta’lim formatiga (onlayn) o‘tish” tavsiya qilingan.
“Agar konsullik yordami yoki maslahat kerak bo‘lsa, O‘zbekistonning Moskvadagi Elchixonasining Konsullik bo‘limining Call-markaziga murojaat qilish mumkin: +7 499 238-36-20; +7-499 230-00-76. Elektron pochta manzili: uzkorus@mail.ru”, deyilgan diplomatik vakolatxona xabarnomasida.
Joriy yilning 6-avgustida Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyati hududiga kirib, ichkarilay boshlagan. Rasmiy Kiyev Ukraina Rossiyaning chegaraoldi hududlarida “xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar”ni hal qilayotgani hamda “bu hududlarni ishg‘ol qilishdan manfaatdor emas”ligini bildirgan.