Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 10:46

Liviyadagi Rossiya yollanma askari planshetida “Vagner” amaliyotlariga doir ma’lumotlar topildi


Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi jangchilari Tripoliga muvaffaqiyatsiz hujum oldidan (arxiv surati)

Liviyadagi Rossiya yollanma harbiy xizmatchisiga oidligi taxmin qilinayotgan planshetda “Vagner” xususiy harbiy shirkati (XHSh) dunyoning bir necha mamlakatida o‘tkazgan harbiy amaliyotlarga doir ma’lumotlar topildi.

Hujjatlar orasida Liviya poytaxti Tripoli shahri tevaragidagi minalangan maydonlar xaritasi, Liviyadagi janglar ishtirokchilarining shartli ismlari (pozivnoy), urushayotgan kuchlar egallab turgan pozitsiyalar joylashuvi kabi ma’lumotlar mavjud. Mazkur hujjatlarni Britaniyaning Bi-bi-si telekanali o‘rganib chiqqan.

Telekanal manbalaridan biri tahririyatga Liviya g‘arbidagi janglar hududidan topilgan planshetni bergan edi. Gadjet xotirasida Rossiya yollanma askarlarining ushbu mamlakatda bo‘layotgan qurolli harakatlardagi ishtirokini isbotlovchi o‘nlab fayllar borligi aniqlandi.

Katta ehtimol bilan planshet respublikada davom etayotgan fuqarolar urushi qatnashchilaridan biri – Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar qo‘shinining rossiyalik yollanma harbiy xizmatchisi tomonidan 2020 - yil bahorida unutib qoldirilgan.

Bi-bi-si telekanali bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan sobiq “vagnerchi”lardan biri Liviyada doimo ushbu XHShning ming nafargacha jangchisi bo‘lganini aytdi. Ularning katta qismi fuqarolar urushi ishtirokchilari o‘rtasida sulh tuzilganidan so‘ng mojaro hududidan olib chiqib ketilgan bo‘lishi mumkin. Sulh shartlaridan biri – mojaroning asosiy ishtirokchilari tarafida urushgan ajnabiy jangchilarni olib chiqib ketish edi.

Bi-bi-si planshetdagi hujjatlarda ismi tilga olingan jangchilardan birining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. U “Vagner guruhi” safida Donbassda jang qilgani taxmin etilayotgan 36 yoshli Rossiya fuqarosi Fyodor Metyolkin bo‘lishi mumkin.

Planshetdan topilgan xaritadagi belgilardan biri Liviyadagi janglar hududida “Troya” bazasi bo‘lganini ko‘rsatadi – Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Rossiya bo‘lginchilariga oid harbiy bo‘linmalardan biri shunday atalgan. Donbassdan so‘ng jangchilarning boshqa mojaro hududlariga “xizmat safari”ga jo‘natilishi “Vagner” XHSh uchun oddiy amaliyotdir, deya qayd etgan Bi-bi-si.

Britaniya telekanali planshetdan tashqari qurol-aslaha va texnika so‘rab 2020 - yil 19 - yanvar sanasi bilan rus tilida yozilgan 10 sahifalik talabnomani ham qo‘lga kiritdi. Ushbu ro‘yxatni jurnalistlarga “Vagner”ning mamlakatdagi amaliyotlarini o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan Liviya razvedkasi xodimi yetkazib bergan. Hujjat Tripoli janubidagi janglar chog‘ida liviyaliklar qo‘liga tushgani taxmin qilinadi.

“Bosh direktor” hamda “brigada komandiri”ga yo‘llangan matnda Rossiyada ishlab chiqarilgan aloqa vositalari, o‘q-dori va zamonaviy qurol-aslaha, xususan, tankka qarshi raketa komplekslari, “Val” shovqinsiz avtomatlari, shovqinsiz to‘pponchalar hamda T-72 tankini yetkazib berish so‘ralgan.

Bundan tashqari, Bi-bi-si ixtiyorida “Vagner”ning Mozambikda shikastlangan texnikasi o‘rnini to‘ldirish haqidagi talabnoma ham mavjud. Qator xabarlarga ko‘ra, rossiyalik yollanma askarlar u yerda hukumat qo‘shinlari tarafida turib isyonchilarga hamda Rossiyada taqiqlangan “Islom davlati” jangarilariga qarshi jang olib bormoqda. Ushbu hujjat ostiga Vagnerning o‘zi imzo chekkan.

Hujjatda Suriyadagi konlardan neft va gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi “Yevro Polis” shirkatiga murojaat qilingan. Qator jurnalistik surishtiruvlar ushbu shirkat ko‘pincha “Vagner” XHSh sohibi sifatida tilga olinadigan peterburglik tadbirkor Yevgeniy Prigojinga aloqadorligini ko‘rsatadi. Darvoqe, u 1918 - yil noyabrida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning general Haftar bilan uchrashuvida qatnashgan yagona noharbiy shaxsdir.

Bi-bi-si bilan muloqotda Prigojin o‘zining “Yevro Polis” hamda “Vagner”ga daxldorligi haqidagi ma’lumotlarni inkor etgan. Rossiya TIV esa kanal so‘roviga javoban vazirlik bu mavzuda bir necha bor izoh berganini va avvalgi izohlarga qo‘shimcha qilish mumkin bo‘lgan hech qanaqa ma’lumot yo‘qligini bildirgan.

Avvalroq TIV rasmiy Moskva “Liviyada o‘t ochishni to‘xtatish va inqirozni siyosiy yo‘llar bilan bartaraf etishga har tomonlama ko‘maklashmoqda”, deya bayonot bergan.

XS
SM
MD
LG