Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2021, Тошкент вақти: 21:24

"Malibudagi brat". Ijtimoiy tarmoqlar Olmaliqda qoidabuzar haydovchining qo‘yib yuborilishi haqida


«Malibu» rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmaganligi sababli to‘xtatilgan.

Toshkent shahar IIBBning Olmaliqda YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib, "yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun" qo‘yib yuborilgan Malibu haydovchisi bilan bog‘liq rasmiy izohi tarmoqlarda yanada ko‘proq savollarni paydo qildi.

28 - iyul kuni sodir bo‘lgani aytilgan va "Toshkent" telekanali orqali namoyish etilgan qoidabuzarlikda, YPX xodimi A.Ismoilov tomonidan “OʼZTEMIRYOʼLMASHTAʼMIR” unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan «Malibu» rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmaganligi sababli to‘xtatilgan.

IIBB haydovchiga nisbatan MJtKning 125-moddasi 1-qismga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan bayonnomani bayonnomani rasmiylashtirish jarayonida YPX xodimining komandiri aloqaga chiqib, ko‘p ushlab turmasligini, haydovchiga nisbatan «xushmuomala»da bo‘lishini aytib, transport vositasini qo‘yib yuborishni"so‘raganini tasdiqlagan.

"Shundan so‘ng haydovchi harakatni davom ettirgan, deyiladi bayonotda.

Ratsiya orqali bog‘langan "2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi me’yoriy hujjatlar talablarini buzganligi uchun intizomiy jazolangani" aytilgan rasmiy xabarga jarima rasmiylashtirilgani aytilgan bayonnoma nusxasi ilova qilingan, ammo unda haydovchining ism-sharifi yashirilgan.

Tarmoq foydalanuvchilari shuningdek, hujjatda bayonnomani rasmiylashtirgani aytilgan YPX xodimi Abror Ismoilov o‘rniga boshqa xodimning ismi-sharifi keltirilganiga e’tibor qaratishmoqda.

Qoidabuzarlik sodir etilgan 29 - iyulda prezident Shavkat Mirziyoyev yangi mis boyitish kombinatining tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etish uchun Olmaliq shahriga tashrif buyurgan va shu kuni shaharda Toshkentdan borgan mansabdor shaxslarning ko‘p bo‘lgani aytilmoqda.

Telegramdagi "TentakMinds" kanali avtomobilni boshqargan haydovchi bosh vazirning qudratli o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning "jiyani" ekanini yozdi.

"...o‘sha Malibuda Ochilboy Ramatovning jiyani R. N. A. (ismi to‘liq keltirilgan-tahr.) harakatlanadi, u xalq tilida TRZ deb nom olgan “O‘zbektemiryo‘lmashta’mir”ning norasmiy xo‘jayini hisoblanadi.

Endi ham hech narsa qila olmaysizlar, sizlarga bu ham kam", deb yozdi Telegram-kanal muallifi.

Toshkent shahar IIBB rasmiy xabarga ilova qilgan bayonnoma.
Toshkent shahar IIBB rasmiy xabarga ilova qilgan bayonnoma.

Telegramdagi "Muxbir Daliyev" kanali esa Ramatovning jiyani ekani iddao qilinayotgan shaxsning kimligi va egallab turgan lavozimi haqida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning rasmiy saytidan olingan batafsil ma’lumotni joyladi.

Ammo na "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va na "Ramatovning jiyani" ishlashi aytilgan “O‘zbektemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi bu xabarlarga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

"Adliya vazirligi amaldorlarga yo‘l qoidalariga amal qilinglar, demadimi hali?" deya istehzo qildi Davletovuz.

"Malibudagi brat esa shu arzimagan pul uchun telefon qildirgan. Bunday insonlarda pul simidan, lekin ular qonundan yuqoriroq turishlarini his qilishni istashadi", deb yozdi Alimof Telegram-kanali.

"To‘xtatgan gai xodimi nima bo‘ladi degandik, qo‘yvor degan boshlig‘ini jazolashibdi. Kelajagimiz chirigan davlat", deb yozdi Adam K ismli Tvitter foydalanuvchisi.

"1| 584 AAA qora Maluba kimga tegishli ekanligini aytsam, yana urib ketishmasmikan-a?" deya tvit qildi Mufasa.

Malibuni boshqargan haydovchisining shaxsi sir qolarkan, ayni paytda tarmoqlarda "Qora Malibu" ga atalgan she’riy satrlar paydo bo‘ldi.

Aksar tarmoq foydalanuvchilari O‘zbekiston yo‘llaridagi bu kabi ko‘rinish oddiy hol ekanini aytarkan, ayrimlar "Qora Malibu"ni to‘xtatgan YPX xodimini mukofotlashni taklif qilishdi.

"Abror Ismoilov qo‘rqmasdan qopqora va kamiga AAA nomerli mashinani to‘xtatib qonun talab qilgani uchun mukofot berilsin!" deb yozdi Telegramdagi Alimoff Live kanali.

"Janob vazir Po‘lat Bobojonov! (Ichki ishlar vaziri) mana shu xodimga (Abror Ismoilov) medal taqsangiz sizni boshqa tanqid qilmayman. Chin so‘zim!" deya istehzo qildi Muxbir Daliyev.

Ichki ishlar vazirligi bu tanqid va takliflarga munosabat bildirmadi. "Qora Malibu" egasining ham, uni xushmuomalalik bilan qo‘yib yuborish haqida topshiriq bergan "komandir"ning ham shaxsiga aniqlik kiritilganicha yo‘q.

Ayni paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatni o‘rganayotgani aytilmoqda.

Mahalliy nashrlarning agentlik vakiliga iqtibosan xabar berishicha, "holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tegishli murojaat yuborilgan".

XS
SM
MD
LG