Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2020, Тошкент вақти: 22:23

Manbalar: Qiynoqlarda ayblangan MXX zobiti DXX Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazildi


Taymuroz Alimovning rassom qayta ishlagan surati

Qiynoqlar bilan bog‘liq jinoyat ishi figuranti bo‘lgan sobiq MXX polkovnigi Taymuroz Alimov DXX Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgani iddao qilinmoqda.

Ozodlik manbalarining bildirishicha, 44 yashar Taymuroz Alimov joriy yil sentabr oyi oxirida yangi vazifaga tayinlangan.

Ozodlik manbasining bu haqdagi ma’lumotini O‘zbekiston hukumat doiralariga yaqin bir-biridan mustaqil uch mulozim tasdiqladi.

Polkovnik Taymuroz Alimov qamoqdan ozod qilinib, 2019 - yil oxirida DXX Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga boshliq etib tayinlangani haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

Taymuroz Alimov Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan birga (kamuflyajda)
Taymuroz Alimov Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan birga (kamuflyajda)

Taymuroz Alimov 2018 - yilning 26 - fevralida qiynoqlarda ayblanib, hibsga olingan.

MXXning Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (2018 - yil fevralida tugatilgan) boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Taymuroz Alimovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-modda, («Qasddan odam o‘ldirish»), 301-modda («Hokimiyatni suiiste’mol qilish») va 230-moddalari («Aybsiz odamni javobgarlikka tortish») asosida ayblov ilgari surilganini rasmiy manbalar tasdiqlagan.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ Taymuroz Olimjonovich Alimov O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi so‘roviga muvofiq hibsga olingan va Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatorida saqlangan.

“2018 - yilda Taymuroz Alimov ustidan xizmat tekshiruvi olib borildi. Bu paytda u tergov izolyatorida saqlandi. Alimov ishi o‘sha paytdagi Bosh prokuror Otabek Murodovning shaxsiy nazoratida bo‘lgan. 2019 - yilda Alimov qamoqdan sirli ravishda qutulib qoldi va Qashqadaryo DXXsi boshlig‘i lavozimiga yuborildi” , - dedi ismi sir qolishini istagan amaldor.

Shundan so‘ng Taymuroz Alimov viloyat hokimligidagi majlisda ko‘rinish bergan.

Ozodlik Taymuroz Alimovning ismi zikr qilingan Qashqadaryo viloyat hokimligi farmoyishini ko‘rgan edi.

Ozodlikda Taymuroz Alimovning viloyat hokimi Zoir Mirzayev bilan tushgan suratlari bor. Bu suratlardan biri joriy yil fevralida rasmiy matbuotda e’lon qilingan.

Taymuroz Alimov joriy yil sentabrida DXX raisi Abdusalom Azizov buyrug‘iga binoan DXXning Andijon viloyat boshqarasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Ozodlik suhbatlashgan mulozim buyruqni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ta’kidladi.

Ayni paytda hozircha Ozodlikda bu ma’lumotlarning rasmiy tasdig‘i mavjud emas.

Ozodlik muxbirining bu boradagi so‘rovini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati "Bu masala DXX tasarrufida, shuning uchun DXXdan so‘rang", deya rad etdi.

O‘zbekiston DXX matbuot xizmati bilan bog‘lanishga doir rasmiy ma’lumot ochiq manbalarda yo‘q.

"Raisning xos odami"

Taymuroz Alimov faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lgan rasmiyning Ozodlikka aytishicha¸ u o‘z vaqtida MXX raisining "xos buyruqlari"ni bajaruvchi alohida mavqega ega mulozim bo‘lgan.

"2007 - yildan 2014 - yilgacha MXXning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishladi. 2014 -yildan 2015 - yilgacha Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. 2015 - yildan 2017 - yilning may oyigacha Namangan viloyat MXXning korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2017 - yil may oyidan 2018 - yil 5 - fevralgacha MXXning korrupsiyaga qarshi bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishladi"¸ - deydi mulozim.

Prezident qahriga uchragan xizmat

Rashid Qodirov. Ixtiyor Abdullayev va Shavkat Mirziyoyev
Rashid Qodirov. Ixtiyor Abdullayev va Shavkat Mirziyoyev

Taymuroz Alimovning MXX da ishlagan davri O‘zbekiston prezideni tarafidan "simyog‘ochni ham qamaydiganlar" deya talqin qilingan edi.

2019 - yilning 10 - yanvar kuni jinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev kuch ishlatar tizimlar, xususan DXX rahbarlarini “arqonni uzun tashlab qo‘ygani” haqida ogohlantirib, yaqin kunlarda “jilovni tortishini” aytgan edi.

8 - fevral kuniga kelib, DXX raisi Ixtiyor Abdullayev lavozimidan bo‘shatildi¸ 11 - fevral kuni esa, qamoqqa olingani xabar qilindi.

Bosh prokuratura Ixtiyor Abdullayev Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)¸ 210-moddasi (Pora olish)¸ 211-moddasi (Pora berish) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotganini bildirgan edi.

2019 - yilning 15 - iyul kuni sobiq Bosh prokuror¸ Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ustidan mahkama jarayoni boshlandi.

Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, 10 - yanvardan 11 - fevralga qadar O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining 100 ga yaqin xodimi ustidan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llangani haqida yozgan edi.

2019 - yilning 27 - sentabrda O‘zbekiston Harbiy sudi Ixtiyor Abdullayev va “u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolari”ga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilgan va jinoiy uyushma tuzganlikda aybdor topilgan Ixtiyor Abdullayev 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Ayni mahkamada DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Mulozimlarning rasman tasdiqlanmagan iddaosiga ko‘ra, DXX tarafidan Mirziyoyev oila-a’zolarining telefon so‘zlashmalari tinglangani va nazorat ostiga olingani bois? Ixtiyor Abdullayev prezident uchun “istalmagan shaxsga” aylangan.

Qiynoq iddaolari

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Ozodlik bilan 2018 - yilgi suhbatda Taymuroz Alimovning aynan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi ( «Qasddan odam o‘ldirish») bo‘yicha hibsga olingani va Alimovning mahbuslarni muntazam qiynaganiga oid ma’lumotlarga ega ekanini bildirgan edi.

Huquq faoli iddaosiga ko‘ra¸ Alimov “MXX nazaridagi istalmagan shaxslar¸ sir saqlanishi zarur bo‘lgan hodisa guvohlarining likvidatsiya qilinishi doirasidagi jinoyat ishi figuranti" bo‘lgan.

Moliyaviy jinoyatlarda ayblanib¸ 2015 - yili Alimov guruhi tomonidan tergov qilingan sobiq mahkum Ozodlik bilan 2018 - yilning 28 - fevral kungi suhbatda Taymuroz Alimovning "qilmishlariga guvoh bo‘lgani"ni aytgan edi.

"Shaxsan Taymuroz Koson jazoni ijro etish muassasasiga borib¸ 44 yashar mahkum B.N.Q.ga (bu shaxsning to‘liq ismi Ozodlikka ma’lum - tahr.) mahbuslarni jismonan yo‘q qilish bo‘yicha topshiriq berganiga guvohman"¸ - deya iddao qilgan Ozodlik suhbatlashgan sobiq mahkum.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va sud idoralari sobiq MXX zobitiga qarshi ayblov tafsilotlarini ochiqlamagan, qiynoq va odam o‘ldirishga buyruq berganlik haqidagi iddaolarni sharhlamagan.

Polkovnik Taymuroz Alimov 2011 - yil 11 - avgustida o‘sha paytdagi prezident Islom Karimovning UP 4356 farmoni bilan ikkinchi darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangandi.

XS
SM
MD
LG