Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:00

Markaziy Osiyo mahsulotlari Afg‘oniston bozorini egallamoqda


Afg‘onistondagi do‘konlar peshtaxtalaridan Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham o‘z o‘rnini topyapti.
Afg‘onistondagi do‘konlar peshtaxtalaridan Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham o‘z o‘rnini topyapti.

So‘nggi yillarda Afg‘onistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari: Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahsulotlari ancha ommalashgan. Nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari (un, yog‘, shirinliklar), balki boshqa tovarlar, chunonchi qurilish mollariga ham talab katta. Ko‘p afg‘onlarning aytishicha, Markaziy Osiyodan kelgan mahsulotlar sifat bobida Eron va Pokistonnikidan ustun bo‘lgani uchun e’tibor qozonmoqda.

Biroq bu masalada siyosiy faktor ham mavjud: Ashraf G‘ani hukumati shimollik qo‘shnilar bilan tijorat aloqalarini mustahkamlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi.

Poytaxt Kobulda supermarket sohibi bo‘lgan Akbarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mahsulotlar keskin ommalashgan. Savdogarlar boshida bir oz cho‘chib, bu mamlakatlardan kam-kam mahsulot keltirib turishdi. Ammo mahalliy xaridorlar mollar sifatiga yaxshi baho bergach import hajmi birdaniga oshib ketdi. Oxirgi yillarda Afg‘oniston bozoridagi bir qancha mahsulotlar toifalarini Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari egallab olishdi.

“Talab kun sayin o‘smoqda. Masalan, un, moy va shokolad ko‘plab turlarini biz hozir faqat Markaziy Osiyodan olyapmiz, — deydi Akbar. — Xaridorlar mahsulotlar sifatidan mamnun”.

Bashir Navidga qarashli firma birinchilardan bo‘lib Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mol keltirishni boshlagan edi. Tadbirkor Qozog‘istondan kungaboqar moyining ilk partiyasini vataniga qanday olib kelganini hamon yaxshi eslaydi. Uning aytishicha, yog‘ning sifati mahalliy iste’molchilarni hayratga solgan va olib borgan mahsulotlari ikki-uch kunda sotilib ketgan.

“Ilgari yog‘ni Pokistondan keltirardik. U qattiq moy edi. Shu bois, Qozog‘istonning suyuq kungaboqar yog‘ini ko‘rganda odamlar picha ajablandi, hadiksirab turishdi, lekin mahsulotning ta’mi va sifati bir marta tatib ko‘rgandayoq ularga manzur bo‘ldi, — deydi Afg‘onistonga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi firma direktori Muhammad Yoqub. — hozirda talab tobora ortib bormoqda. Shimoliy mamlakatlarning boshqa turdagi mahsulotlarini ham keltirib sotish niyatimiz bor”.

Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mahsulotlari importi hajmi ortayotgani, shuningdek Afg‘onistonning tranzit imkoniyatlari tobora kengayayotgani bilan bog‘liqdir — mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘ziga xos “savdo ko‘prigi”ga aylanmoqda.

Qolaversa, tadbirkor Xon Jan Alkozay fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari har xil siyosiy shartlar bilan tijoratni tushovlamaydi va har qanday rejim bilan savdo-sotiq qilaverishadi.

“Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari bilan ishlash juda qulay, shu bois ham tobora ko‘proq firmalar aynan ushbu mintaqa mamlakatlari bilan savdo qilishni afzal ko‘rishmoqda, — ta’kidlaydi Xon Jan Alkozay. — Zero biznes yuritishning qulayligi har bir tadbirkor uchun nihoyatda muhimdir. Siyosiy ob-havoning haddan ortiq ta’siri tijoratni inqirozga yetaklaydi”.

Ayni chog‘da Afg‘onistondan Markaziy Osiyo mamlakatlariga mahsulot eksport qilish mahalliy biznes xohlaganidek tez o‘sayotgani yo‘q. Va buning o‘z sabablari bor.

“Shimoliy o‘lkalarga eksport qilishni ko‘paytirishni istaymiz, albatta. Biroq mahsulotlarimizning birxilligi va sifati pastligi hali bunga imkon bermayotir. Hozircha biz raqobatlashadigan ahvolda emasmiz”, — tan oladi Xon Jan Alkozay.

Afg‘oniston Savdo va sanoat vazirligidagilar, bugungi kunda hukumat savdoni diversifikatsiya qilish va Markaziy Osiyo hamda Yevropa mamlakatlaridan import qilingan mahsulotlarning bir qismini boshqa mintaqalar bozoriga kiritishni yo‘lga qo‘yish ustida jiddiy ish olib bormoqda.

“2020 - yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalari kengayganiga guvoh bo‘ldik. Hozirda bu masala hukumatning iqtisodiy rejalarida ustuvor ahamiyatga ega”, — ta’kidlaydi vazirlik vakili Favad Ahmadiy.

Biroq Kobulning uzoqni ko‘zlagan savdo-iqtisodiy rejalariga hozircha siyosiy barqarorlik va xavfsizlik masalalari to‘g‘anoq bo‘layotir. Ekspertlar esa afg‘on iqtisodiyotiga Markaziy Osiyodan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kelishi ham yuqoridagi omillar bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlashadi.

XS
SM
MD
LG