Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 22:12

Markaziy Osiyodagi ilk kinochiga oid xazina egasi Xorazmda kino muzeyi tashkil qilmoqchi


Abdulla Yusupov

Urganchlik 80 yashar kinohujjatchi va jurnalist Abdulla Yusupov Markaziy Osiyodagi ilk kinochi Xudoybergan Devonovdan meros qolgan fotosurat¸ negativ va kinotasmalarni 1972 - yildan beri saqlab keladi.

Ozodlik bilan 24 - fevral kungi suhbatda Yusupov «Nafaqat Markaziy Osiyoda balki butun yaqin Sharqda ilk kinostudiya yaratilgan Xorazm viloyatida kino muzeyini ochish» taklifini bildirdi. Suhbatdosh «Agar muzey ochilsa o‘z tasarrufidagi noyob kolleksiyani beg‘araz davlatga topshirajagini» ta’kidladi.

Abdulla Yusupov kolleksiyasidan Xudoybergan Devonov 1909 - yili Sankt-Peterburgdan olib kelgan kino-foto uskunalar hamda Devonovga oid arxiv materiallari va shisha negativlar o‘rin olgan.

Xiva Bosh vaziri suratini Xudoybergan Devonov olgan.
Xiva Bosh vaziri suratini Xudoybergan Devonov olgan.

Bu kolleksiya Abdulla Yusupovga otasi, taniqli fotograf Yusuf Hasanovdan meros qolgan. Yusuf Hasanov taniqli kinochi va siyosat arbobi Xudoybergan Devonovning shogirdi edi.

Devonov 1938 - yili repressiyaga uchrab qamalganida unga oid arxivning bir qismi NKVD tarafidan yo‘q qilinadi. Ammo arxivning katta qismi shogirdi Hasanov qo‘lida qoladi. Hasanov «xalq dushmani arxivini» saqlash kabi o‘sha davrda jinoyat sanalgan ishga qo‘l uradi.

Devonov haqidagi kitob muallifi , yozuvchi Erkin Madrahimovning Ozodlikka aytishicha¸ «Devonov XXSR Moliya vaziri va undan oldin xon saroyida qudratli amaldor bo‘lib ishlagani bois, undan qolgan oltinlar shogirdi Yusuf Hasanov qo‘lida qolganligi haqida mish-mishlar tarqalgan» edi.

Bu mish-mishlar ortidan Yusuf Hasanov 1972 - yilda o‘zining Urganchdagi fotolaboratoriyasida noma’lum talonchilar tarafidan o‘ldirib ketiladi.

O‘sha paytda Yusuf Hasanovning o‘g‘li Abdulla Moskvada kino san’atidan tahsil olayotgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Yusupov bu kun uning uchun burilish nuqtasi bo‘lganini aytadi:

«Men Moskvada qolib kino darg‘alaridan tahsil olishni davom ettirishim yoki Urganchga qaytib Xudoybergan Devonovdan qolgan ulkan boylikni saqlashim kerak edi. Keskin kontinental Xorazm iqlimida kinolenta va negatovlarni saqlash kundalik va muntazam e’tiborni talab qiladi. Men 1972 - yili Urganchga qaytib marhum otamning ishini davom ettirdim» .

Yusupov Urganchga qaytib, ota kasbini davom ettirish bilan birga, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan noyob kolleksiyani saqlash ma’suliyatini ham o‘z zimmasiga oladi:

«Otamdan qolgan kolleksiyani saqlash bilan birga hali odamlar qo‘lida bor bo‘lgan Devonovga taalluqli eski foto va kinolentalarni yig‘ib kollektsiyani boyitdim. Otamning shogirdi, kino arbob Malik Qayumov bilan bog‘lanib, bu arxivning iloji boricha texnologik bequsur saqlanishiga muvaffaq bo‘ldim. Bundan tashqari viloyat televideniyesida kinotasvirchi va jurnalist bo‘lib ishlash chog‘imda Devonov ijodini iloji boricha qadar targ‘ib qildim».

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Yusupov bu kolleksiyani shaharga sovg‘a qilish niyati borligini aytdi:

«Faqat ikki shartim bor. Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan kino tarixi muzeyi ochilishi va Urganchdagi kinoteatrga Xudoybergan Devonov nomi qaytarilishini istayman».

Xiva Markaziy Osiyoda ilk kinostudiya ochilgan shahar
Xiva Markaziy Osiyoda ilk kinostudiya ochilgan shahar

1938 - yili qamoqqa olinib, 1940 - yili Toshkent viloyat, Yangiyo‘l shaxridagi qamoqxonada otib o‘ldirilgan Xudoyberganov 1958 - yili oqlangani ortidan Urganchdagi kinoteatrga uning nomi berilgan edi.

Kinoteatr kiraverishida Devonovning bronza haykali va afsonaviy kinochi hayotidan hikoya qiluvchi diorama mavjud edi.

O‘zbek sovet ensiklopediyasida yozilishicha, bu kinotasvirchi nomi qo‘yilgan dunyodagi ilk kinoteatr bo‘lgan.

1993 - yilda ikki qavatli kinoteatr binosi qo‘ldan qo‘lga o‘tib ayollar kiyimlari bilan savdo qiluvchi magazinga aylantirilgan edi.

Avloddan avlodga o‘tgan maslak

Abdulla Yusupov 1968 - yili ilk farzandi tug‘ilganida unga ulug‘ kinochi nomini qo‘ydi.

Xudoybergan Yusupov bugun Moskvada taniqli kinochilardan. U 2005 - yildan boshlab Mosfilm kinokontsernida operator, rejissyor va prodyuser vazifalarida ishlab keladi. O‘nlab kinoloyihalarda ishtirok etgan. Xususan taniqli qo‘shiqchi Yuriy Shevchuk konsertlarini suratga olgan.

Xudoybergan Yusupov otasi Abdulla¸ bobosi Yusuf va ma’naviy ustozi Xudoybergan Devonovlar merosining ahamiyati haqida Ozodlik mubiri bilan gaplashgan paytda dunëning ko‘plab mamlakatlaridagi kabi kino tarixi muzeyiga ehtiyoj va imkoniyat borligini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 1909 - yilda dunyoda kam sonda kinokamera bo‘lgan va shu kinokameralardan biri Fransiyaning Pate firmasida ishlab chiqarilgan kinokamera Xivada bo‘lgan.

Devonov haqidagi kitob muallifi Erkin Madrahimovga ko‘ra¸ 1909 - yili Xivada kinostudiya tashkil qilish o‘ziga xos madaniy inqilob bo‘lgan:

«Kino namoyishi uchun elektr stansiyasi lozim edi. Buning uchun mini elektr stansiyasi qurildi. Fotostudiyadagi shisha negativlar uchun shisha tayyorlaydigan kichik ustaxona ham tashkil qilindi. Dunyo voqealarni yoritadigan Pathé-journal kinoxronika lentalari Xivada muntazam namoyish qilina boshlandi»

Yozuvchi Erkin Madrahimov (Oshiq Erkin) va kinotasvirchi G‘ayrat Bobojonov
Yozuvchi Erkin Madrahimov (Oshiq Erkin) va kinotasvirchi G‘ayrat Bobojonov

Yer yuzida yuz bergan voqealarni bir kinotasmaga muhrlash orzusi 1908 - yilda Fransiyaning Pate firmasi tarafidan amalga oshirildi va bir yil o‘tib bu lentalar Xivada namoyish qilindi.

Pate firmasi o‘zining Pathé-journal degan kinoxronikasida dunyoning turli mamlakatlarida, xususan Turkistonda bo‘lgan voqealarni aks ettirgan.

“Hamma narsani ko‘ramiz, hamma narsani bilamiz” degan shior ostidagi bu kino jurnalda xivalik kinooperator Xudoybergan Devonovga oid tasvirlar ko‘rsatilgan.

Lentalarda qolgan Devonov

O‘zbek shoiri Omon Matjonning Turkistondagi ilk kinochi Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan she’rida shunday satrlar bor:

Tarix nima derkan bizlarga qarab,

Biz - ertangi kinolentalar...

Xudoybergan Devonov Xorazmning Rossiya tarafidan mustamlaka qilingan payt Muhammad Rahimxon II hukmronlik qilgan bir davrda saroy amaldori oilasida tug‘ildi.

Yaxshi ma’lumot olib bir necha tilni bilgan yosh Xudoybergan saroyda madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchi mulozim vazifasida ishladi.

Devonov 1908 - yilda Xiva xoni hukumat delegatsiyasi safida Sankt-Peterburgga bordi. O‘sha paytdagi chor imperatori Nikolay ikkinchi qo‘lidan ismi yozilgan soat va maxsus yorliq oldi. Shu yorliq asosida Devonov ikki oy davomida Rossiyada foto va kino suratga olish sirlarini o‘rgandi.

Devonov pirovardida u Markaziy Osiyodagi ilk kinochiga aylandi.

Xonlik ag‘darilib yangi Xorazm respublikasi tuzilganida Devonov yangi davlatning Moliya vaziri bo‘lib tayinlandi.

1938 - yili qamoqqa olinib 1940 - yili Yangiyo‘lda otib tashlandi.

Stalin o‘limi ortidan 1958 - yilda boshqa minglab siyosiy qurbonlar qatorida Devonov ham oqlandi. Devonov nomi Urganchdagi kinoteatrga qo‘yildi. Kinohujjatchi Soliy Davletov u haqda hujjatli film suratga oldi.

Taniqli shoir va publitsist Erkin Madrahimov (Oshiq Erkin) ning “Chaqmoq” deb nomlangan hujjatli qissasida Devonov hayot yo‘lini tasvirlagan edi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Devonovning Xivadagi uy-muzeyi buzib tashlandi. Urganchdagi kinoteatr tujjorlar tarafidan do‘konga aylantirildi.

Devonov surati aks etgan taniqli rassom Bahodir Jalol ijodiga mansub freska tushirilgan «Kinochilar uyi» shahar hokimi qarori bilan vayron qilindi.

Abdulla Yusupovning Urganchdagi xovlisi "afsonaviy kinochiga oid so‘nggi iz sifatida o‘chib ketmasligi kerak" deydi Devonov haqidagi kitob muallifi Erkin Madrahimov.

Buzib tashlangan kinochilar uyida Devonov surati zarb qilingan freska bor edi
Buzib tashlangan kinochilar uyida Devonov surati zarb qilingan freska bor edi

XS
SM
MD
LG