Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:30

Masjiddagi poyabzal o‘g‘riligi: Iqtisodiy ahvol og‘irlashgan Turkmanistonda jinoyatchilik ko‘paydi


Bolqonobodda shisha yig‘ib yurgan bolakay. Turkmaniston, 27-iyun, 2015.
Bolqonobodda shisha yig‘ib yurgan bolakay. Turkmaniston, 27-iyun, 2015.

Turkmanboshi shahridagi masjidda bir necha kishining poyabzallari, hamyonlari va mobil telefonlari o‘g‘irlab ketilgani xabar qilindi.
Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbiriga ko‘ra, o‘g‘rilik namozxonlar juma namozini o‘qiyotgan vaqtda sodir bo‘lgan.


Namozxonlardan biri masjid hududida poyabzali o‘g‘irlanganidan shikoyat qildi. "O‘zi bir juft oyoq kiyimim bor edi", deydi u.

So‘nggi oylarda mamlakatda o‘g‘rilik va talonchilik haqidagi xabarlar tobora ko‘paymoqda. Ko‘plab turkmanlar jinoyatchiliklar ortayotganini mamlakatdagi inqiroz bilan bog‘laydi.

Ismi sir qolishini so‘ragan politsiya xodimining Ozodlikka aytishicha, huquq-tartibot idoralari yana bir qancha masjidlarda ham shunga o‘xshash jinoyatlarni qayd etgan.

Turkmanistondagi iqtisodiy inqiroz va qashshoqlik manzarasida mamlakatda o‘g‘rilik va talonchilik avj olmoqda.
Turkmanistondagi iqtisodiy inqiroz va qashshoqlik manzarasida mamlakatda o‘g‘rilik va talonchilik avj olmoqda.

Turkmaniston rasmiylari bu haqda ma’lumot bermaydi. Mamlakatda mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyati cheklangan.

Politsiya xodimining aytishicha, Bolqonobodda "ko‘chada yolg‘iz yurgan ayollarning sumkalari va mobil telefonlarini tortib olish" holatlari "sezilarli darajada o‘sgan".

Talonchiliklar asosan kunduzi sodir etilmoqda, deya qo‘shimcha qildi politsiya xodimi.

Aksariyat turkmanlar buni Turkmanistondagi inqiroz va qashshoqlikning chuqurlashishi bilan izohlasa, boshqalar jinoyatchilikni ortishiga politsiya tizimidagi korrupsiya ham sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.

Turkmaniston so‘nggi o‘n yil ichida og‘ir iqtisodiy davrni boshdan kechirmoqda. Ortib borayotgan ishsizlik, oziq-ovqat tanqisligi va narxlarning oshishi aholini nochor ahvolga solib qo‘ydi.

Mari viloyatining Bayramali shahridagi supermarket egasi uning do‘konidan oziq-ovqat o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan bolalar haqida gapirdi.

O‘z ismini aytishni istamagan tadbirkorga ko‘ra, 2022-yilning oktabrida bir bola uning do‘koniga kirib, bir paket pechenyeni o‘g‘irlashga uringan.
"O‘spirin o‘z harakatini uyda ikkita kichik ukasi och o‘tirgani va yeyishga hech vaqosi yo‘qligi bilan izohlagan.

Do‘kondor voqea haqida xabar bermaslikka qaror qilgan va bolaning oilasiga ovqat jo‘natgan.


Aksariyat turkmanlar yetarli ijtimoiy ta’minot tizimi yo‘qligidan shikoyat qiladi. Aholi hukumatni so‘nggi o‘n yil ichida millionlab turkmanlarni mamlakatni tark etishga majbur qilgan qashshoqlik va ishsizlik bilan kurasha olmayotganlikda ayblamoqda.

Turkmanobod shahri aholisi ham chorva mollari va maishiy texnika o‘g‘irlash holatlari ko‘payganidan shikoyat qilmoqda.

Politsiya juda band ekanligini ro‘kach qilib, shikoyatlarni ko‘rib chiqishdan bosh tortmoqda, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya pora berilmaguncha tergov qilishni rad etgan.

Ozodlik Turkmanobod militsiya bo‘limiga izoh so‘rab murojaat qildi, ammo hech qanday javob olmadi.

XS
SM
MD
LG