Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:30

Migrantofobiya - Rossiyaning yangi siyosatimi?


Politsiya reydi, Xabarovsk, 2024-yil
Politsiya reydi, Xabarovsk, 2024-yil

Ukrainaga qarshi uchinchi yil urushayotgan va iqtisodiyoti inqirozga yuz tutib borayotgan Rossiya mehnat migrantlariga cheklovlarni kuchaytirmoqda. Bu holat urush fonida rossiyaliklarda migrantofobiya kayfiyatini oshirdi. Mutaxassislar Rossiya hukumati ko‘rayotgan choralar xorijiy ishchi kuchiga talab oshib borayotgan bu mamlakatga migrantlar oqimi keskin kamayishiga olib kelganini aytishmoqda.

Tinimsiz tekshirishlar, korxona, yotoqxona va bozorlarga reydlar, ishdan bo‘shatishlar, ish haqini bermaslik, mintaqa davlatlaridan Rossiyaga va ortga parvozlarni kechiktirish, Qozog‘iston bilan chegaradan o‘tish uchun turnaqator navbatlar, korrupsiya, politsiya bedodligi, asossiz deportatsiya yoki jinoiy javobgarlik tahdidi ostida Ukrainaga urushga jo‘natish, qiynoqlar – bularning barchasi Rossiyadagi mehnat muhojirlari yashayotgan yangi voqelikdir.

Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi 2022-yildan keyin kovidgacha bo‘lgan davr darajasiga qaytmagan, ammo O‘zbekiston hali ham ishchi kuchining asosiy "eksportchilari" ro‘yxatida qolmoqda. RANXiGS tadqiqotlariga ko‘ra, 2023-yilda Rossiyada mehnat migrantlari soni taxminan 3,5 million kishini tashkil etgan, bu 2019-yilga nisbatan bir millionga kam. Amaldagi tartibga ko‘ra, vizasiz kirish huquqiga ega O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiyaga asosiy ishchi kuchi yetkazib beruvchi mamlakatlar sanaladi. Rossiyaga mehnat migratsiyasining 87 foizini aynan shu mamlakatlardan kelgan migrantlar tashkil qilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida migrantlarning chiqib ketishi ko‘paygan, bu esa ish bilan band bo‘lgan chet elliklar umumiy sonining pasayishiga olib kelgan. Moskva va Sankt-Peterburg esa hali ham migrantlarni jalb qilayotgan asosiy markazlar bo‘lib qolmoqda, bu yerda barcha band bo‘lgan chet elliklarning yarmidan ko‘pi jamlangan.

Yil sayin Rossiyaga ish izlab kelayotgan o‘zbek muhojirlari soni kamayib bormoqda. “Rosstat”ning mehnat migratsiyasi bo‘yicha ilgariroq e’lon qilgan statistikasiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zbekistonliklar soni mehnat migrantlari umumiy sonining atigi 4 foizini tashkil etgan. Rossiyaga tashrif buyuruvchi ishchilarning 31 foizi Tojikistondan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda - 10 foiz - bu Qirg‘iziston fuqarolari; Ukraina, Armaniston va Qozog‘istonga esa 9 foizdan to‘g‘ri keladi.

Migrantofobiya

Biroq, 2024-yilda migratsiya qonunchiligining kuchayishi Rossiyaga mehnat migrantlari oqimini kamaytirishi mumkin.

So‘nggi paytlarda Rossiya propagandasi yana “migrantlar xavfi”, “migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘payishi”haqida bong ura boshladi. Buni ko‘rib turgan ayrim populist va millatchi siyosiy guruhlar Rossiyaning eng katta muammosi aynan “ruslardan ish o‘rinlarini tortib olayotgan va oilalari bilan shaharlarni egallayotgan migrantlar” ekaniga ko‘proq e’tibor qarata boshladi.

Millatchilik va irqchilik ritorikasi hatto Rossiya rasmiy idoralari uchun odatiy holga aylandi:

"Bizning bevosita boshlig‘imiz Viktor Kuzmich Paukov bu yo‘nalish prezident, Ichki ishlar vazirining alohida nazoratida ekanini ta’kidladi. Asosiy vazifa, u aytganidek, Moskva viloyatini chet el fuqarolari tomonidan "qoralanmasligi"ni ta’minlash, ya’ni "oqartirish"dir", deydi politsiya mulozimi.

Ekspertlarga ko‘ra, Ukrainadagi urush va xalqaro sanksiyalarning joriy etilishi ortidan Rossiyada boshlangan iqtisodiy inqiroz ruslar jamiyatida tushkunlik kayfiyatini paydo qildi, odamlar o‘z ruhiy va iqtisodiy beqarorligida aybdorlarni izlashga tushdi. Albatta, doimgidek, bunday “aybdor” etib Kreml tomonidan huquqsiz va haqsiz mehnat muhojirlari, ularning oila a’zolari tayinlandi.

Rossiyaning eng yuqori lavozimli shaxslari, deputatlar va siyosatchilari barcha balo migrantlardan ekani va “migratsiya masalasini jilovlash vaqti kelgani” to‘g‘risida gapirib qoldi.

Ayniqsa, "Krokus Siti"dagi tojikistonliklar ayblangan teraktdan keyin Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ahvoli keskin taranglashdi. Reydlar, tahqirlash, politsiya bosimi, asossiz deportatsiya va jarimalar odatiy tus oldi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan oxirgi 7 oy davomidagi migratsiya statistikasiga ko‘ra, o‘tgan yrim yilda Rossiyaga 143 ming muhojir kiritilmagan. Rossiya aeroportlari va chegara punktlaridan tushuntirishlarsiz qaytarilayotgan yuzlab xorijliklar haqida Ozodlik xabar bergan.

Cheklovlar

Xo‘sh, Rossiya oxirgi vaqtda joriy qilgan migratsiya cheklovlari nimalardan iborat?

2024-yilning 21-avgustida Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin hozirda qabul qilingan oltita qonundan tashqari, quyi palatada migrantlar bilan bog‘liq yana sakkizta qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Ulardan oltitasi avgust oyida joriy qilingan.

Hujjatlarda past malakali migrantlarning Rossiyaga oilasini olib kelishini taqiqlash, ularning sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ishga joylashish imkoniyatlarini cheklash, shuningdek, mehnat muhojirlarini mamlakatga kirishda barmoq izlarini ro‘yxatga olishni joriy etish taklif etilgan.

Rossiyaning o‘ndan ortiq viloyatlarida turlik sohalarda muhojirlar mehnatiga cheklovlar joriy qilindi. Yoqutistonda migrantlarga taksi va transportda ishlash taqiqlandi.

Sankt-Peterburg viloyatida ham migrantlarga taksida ishlash taqiqlandi.

Novosibirsk viloyati hukumati aprel oyi o‘rtalarida migrantlarga taksi haydashni, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlari sotiladigan do‘konlarda ishlashni man etdi.

Samarada migrantlarga bozorlarda, taksida, ta’lim tizimida, umumiy ovqatlanish joylarida ishlash va binolarni ijaraga berish taqiqlandi.

Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin…

Migrantlarga cheklovlarni joriy etish va ular orasida qancha odam nolegal holatda ekanini aniqlash uchun esa ular sonini aniq bilish lozim. Buning uchun Kreml migratsiya amnistiyasi e’lon qilinishi va 2025-yilda Rossiyada "nazorat ostidagi shaxslar" reyestri ishga tushirilishini bildirdi.

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy fikricha, Rossiyada migratsiya va mehnat qonunchiligi sohasida nisbatan yengilroq huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarga amnistiya e’lon qilinsa, “oqilona ish bo‘lur edi”.

Unga ko‘ra, Rossiyada nolegal maqomidagi migrantlar soni 630 ming kishini tashkil qiladi.

Hukumat politsiya qarori bilan Rossiyadan ma’muriy deportatsiya qilinadigan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ushlab turish muddatini 48 soatgacha qisqartiradi. Ilgari muddat 90 kungacha edi. Kuzatuvchilar sudsiz “badarg‘a qilish” tashabbusining politsiyaga to‘liq topshirilishi usiz ham korrupsiyalashgan ichki ishlar xodimlari uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylanadi, demoqda.

Shu kunlarda Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmati xodimlari Rossiya koloniyalaridagi xorijliklarga o‘z vatanlariga jo‘natilishi va jazoni o‘tashda davom etishlari haqida yozma rozilik berishni taklif qila boshlagani xabar qilindi.

Bu haqda xabar bergan “Vajniye istorii” nashriga ko‘ra, Rostov va Volgograd viloyati qamoqxonalaridagi g‘alayonlar ortidan qamoqxona ma’muriyati Markaziy Osiyo, Belarus va hatto Ukraina davlati vatandoshlarini o‘z yurtida jazo o‘tash to‘g‘risida ariza yozishga majburlamoqda.

Rossiyalik siyosatchilarga, ayniqsa muhojirlar oilalari, ular farzandlarining ta’lim olishi va davolanishi masalasi tinchlik bermayotgan ko‘rinadi.

Rossiya Davlat Dumasiga mamlakat bog‘chalari va maktablarida migrantlar farzandlarining bepul o‘qitilishini bekor qilish taklif qilinayotgan qonun loyihasi kiritilmoqda.

Mazkur g‘oya muallifi, Davlat Dumasi deputati Yaroslav Nilov fikricha, “xorijlik bolalarni Rossiya byudjeti hisobidan o‘qitish bo‘yicha xayriya epopeyasini tugatish” vaqti kelgan.

Agar xorijlik ota-onalar istasa, marhamat qilib, o‘z bolalarini ta’lim muassasalarimizga tijoriy asosda (ya’ni muayyan haq evaziga demoqchi — tahr.) joylashtirishlari mumkin. Buning uchun alohida tijorat sinflari ochaverishsin. Bizning rossiyalik bolalar xorijlik ishchilar farzandlarining bu qadar ko‘pligidan aziyat chekmasligi lozim”, deydi Duma deputati.

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin migratsiyani tartibga solish masalasi parlament ishidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini bildirgan edi. LDPRchi Leonid Slutskiy yurish-turishni nazorat qiluvchi “Muhojir kodeksi”ni joriy etishni taklif qilgan. “Kelding, ishlading - uyingga jo‘nab qol!” deya o‘z g‘oyasini izohladi Slutskiy.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev TASSga bergan intervyusida migrantlarning o‘z oilalarini Rossiyaga olib kelishini taqiqlash va migrantlar bolalari rus tilini o‘rganishga majburlanishi zarurligini aytdi.

Ishchi kuchi yetishmovchiligi

Rossiyaga ishlash uchun kelayotganlar sonining qisqarishi, asosan mehnat muhojirlari ishlayotgan hududlarda kadrlar tanqisligini yanada kuchaytirdi. Uraldagi sanoat korxonalari, jumladan, harbiy-sanoat kompleksi kadrlar yetishmasligini boshdan kechirmoqda. Shunga qaramay, masalan, bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar va sholi yetishtirish bo‘yicha Rossiyada birinchi o‘rinni egallovchi Krasnodar o‘lkasida sun’iy o‘rnatilayotgan migratsiya cheklovlari allaqachon qishloq xo‘jaligida ishchilar yetishmasligiga olib kelgan. Dog‘istonda axlatni olib tashlash uchun ishchilar yetishmayapti.

Ammo rasmiylar, aftidan, “vatanparvarlik va aholiparvarlik” shiori ostida muhojirlarga qarshi kurashni to‘xtamoqchi emas.

Agar muhojirlarga nisbatan bosim davom etsa, bu Rossiyada 2022-yil 24-fevraldan beri kuchaygan kadrlar yetishmasligi muammosini yanada avj oldiradi. Rossiya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, bugunda kadrlar yetishmovchiligi 4,8 million kishiga yetgan. Bu sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo, qurilish, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida, ya’ni migrantlar eng ko‘p ishlaydigan segmentlarda ko‘proq seziladi.

Migratsiya ekspertlari ishchilar yetishmasligi tufayli ish beruvchilar ish haqini oshirishga majbur bo‘lmoqda, degan fikrda.

Rasmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 2024-yil boshidan buyon turli sohalarda ishlayotgan mehnat muhojirlarining maoshlari 30-40 foizga oshgan va o‘rtacha 150 ming rublga yetgan.

"Rosstat" ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda ruslarning o‘rtacha oylik nominal ish haqi 73 709 rublni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, muhojirlar ish haqining rasmiy bozorda oshirilishiga obyektiv sabablar bor.

Munosabat

Markaziy Osiyo rasmiylari Moskva bilan munosabatlarni buzmaslik uchun odatda bunday muammolarni e’tiborsiz qoldirib kelardi, ammo bosim oxirgi oylarda shu darajaga yetdiki, bu muammoga e’tibor qaratmaslikning ilojisi qolmadi.

Tojikiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirliklari Rossiya elchilariga norozilik notalariga javoban Moskva terrorchilik hujumlari xavfi tufayli xavfsizlik kuchlarining harakatlarini "majburiy chora" deb atagan.

Prezident Emomali Rahmon shu yilning may oyida Vladimir Putin bilan uchrashuvda tojiklarga qarshi emas, terrorizmga qarshi kurashishga chaqirgan edi. Ammo muhojirlarga nisbatan bosim to‘xtagani yo‘q.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi oliy darajadagi har bir uchrashuvda “migratsiya masalasi” ko‘tarilayotgani aytiladi. Shu hafta Toshkentdagi Bosh vazirlar Mishustin va Aripov uchrashuvi chog‘ida ham ayni masala muhokama qilingani bildirildi.

Bugungi Rossiyada cheklovlar faqat migrantlarga qaratilgan emas. Tanqidchilarga ko‘ra, demokratik erkinliklar va inson haqlari poymol etilayotgan bu mamlakatda Putin o‘rnatgan rejim hukumatga qarshi har qanday ovozni o‘chirishga, har qanday qarshilikni yo‘q qilishga bor kuchini sarflamoqda.

XS
SM
MD
LG