Линклар

Шошилинч хабар
25 май 2022, Тошкент вақти: 09:35

“Migratsiya kuchaygan. Tug‘ilish kam. O‘lim ko‘p”. Turkmaniston aholisi keskin kamaymoqda


Turkmanistonda aholi misli ko‘rilmagan darajada kamaymoqda. Mamlakatda hozirda 2.8 mln.ga yaqin odam yashaydi – bu hukumat e’lon qilgan raqamdan ikki baravar kam. Aholi soni qisqarayotgani haqida “Ozodlik”ning turkman xizmatiga uch davlat tuzilmasidagi turli manbalar ma’lum qilgan.

Rasmiy Ashxobodga ko‘ra, o‘tgan yil boshida mamlakat nufusi 6.2 mln kishini tashkil etgan.

Biroq 2022 - yilga belgilangan aholini ro‘yxatga olish kampaniyasi oldidan vaziyatni o‘rganish 2021 - yil boshlarida Turkmanistonda 2.7-2.8 million kishi yashaganini ko‘rsatdi, deydi “Ozodlik”ning uch manbasi.

Aholini ro‘yxatga olishga hozirlik ishlarida qatnashayotgan bu mulozimlar hukumat ta’qibidan cho‘chib, ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan ma’lumot berganlar.

Ularning fikricha, Turkmanistonda aholi keskin kamayishining asosiy sabablari uchta: tashqi migratsiya, tug‘ilish kamayishi va turmush darajasi tushib ketishi manzarasida o‘lim ko‘payganligi.

“Aholini sanash uchun uyma-uy yurdik, harbiy xizmatga chaqirilganlar, maktab bitiruvchilari, OTMlar talabalari, maktab yoshigacha yetmagan bolalar, mahbuslar soni, migratsiya, shuningdek, FHDYo idoralarining tug‘ilish va o‘limlar soni haqidagi ma’lumotlarini o‘rganib chiqdik”, deydi mulozimlardan biri.

Manbalarga ko‘ra, ularning hisob-kitobi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan aytarli farq qilmaydi.

Mulozimlar olingan ma’lumotlarni “odamni shokka soluvchi ma’lumotlar”, deb ataganlar. Holbuki, Turkmanistonda demografik inqiroz hukm surayotgani allaqachon sir bo‘lmay qolgan.

Mamlakatda aholi so‘nggi marta 2012 - yilda ro‘yxatga olingan edi, biroq hukumat uning natijalarini e’lon qilmagan.

2019 - yil mayda “Ozodlik”ning ko‘plab manbalari 2008—2018 - yillarda Turkmanistondan 1.9 mln.ga yaqin kishi chiqib ketganini bildirgan: bu muhojirlar chet elga doimiy yashash yoki doimiy ishlash uchun ko‘chib ketishgan. Ya’ni mavsumiy ishlovchi mehnat migrantlari bu hisobga kirmaydi.

O‘shanda, vaziyat bilan tanish manbalarimiz mamlakat aholisi soni 3.3 mln.dan sal ko‘proqligini aytishgan.

Iqtisodiyot falajligi, yalpi ishsizlik va mustabid tuzumdan bezgan turkmanistonlik muhojirlar asosan Rossiya, Turkiya va O‘zbekistonga ko‘chib ketmoqda.

“SURAYOTGAN”LAR VA ULAR YO‘LINI TO‘SISHGA URINISH

Pandemiya boshlanishidan oldin “Ozodlik”ning Ashxoboddagi muxbirlari Rossiya va O‘zbekiston elchixonalari oldida uzun navbatlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi. Odamlar viza olishga ariza topshirish uchun soatlab kutishardi. Chegaralar yopilib, kirish-chiqish cheklangach, viza berish jarayoni ham to‘xtab qoldi.

Ammo, pandemiyaga qaramay, 2020 - yilda Turkmanistonning 2451 fuqarosi Rossiya pasportini oldi, yana 2271 kishiga Rossiyada yashash ruxsatnomasi berildi.

Shu davrda 87 200 ga yaqin turkman fuqarolari Turkiyada yashashga ruxsatnoma olishdi.

Pandemiyadan oldin ham vizasiz borish-kelish haqidagi shartnomadan foydalanib, har yili yuz minglab turkmanlar Turkiyaga jo‘nab ketar, ularning aksari vataniga qaytmasdi.

Turkiyada istiqomat qilayotgan turkmanlarning aniq sonini hech kim bilmaydi. Taxminlarga ko‘ra, ularning ko‘pi pasporti muddati tugab noqonuniy yashab kelmoqda.

Turkman hukumati mamlakatdan chiqib ketishning oldini olish uchun har turli usullarni qo‘llaydi, ba’zan Istanbulga parvoz qilishga shay uchoqlar to‘xtatilib, yo‘lovchilarning yarmi reysdan olinadi.

Rossiyaga ko‘chib ketishni rejalagan ko‘plab turkmanlar mamlakatdan chiqib ketish uchun zarur hujjatlarni ololmay sarson. Aytishlaricha, hukumat tashqi migratsiyani cheklash uchun ularning arizasini asossiz rad etmoqda.

Mulozimlardan biri Turkmanistondan ko‘chib ketish 2013—2014 - yillardan, ya’ni mamlakatda iqtisodiy inqiroz boshlangan paytda jadal tus olganini aytadi.

O‘shandan beri inqiroz yanada chuqurlashgan: oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi seziladi, narx-navo kun sayin oshmoqda.

Aholining katta qismi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari nisbatan arzon narxlarda sotiladigan davlat do‘konlariga qaram bo‘lib qolgan. Bunaqa do‘konlarning zaxirasi kam bo‘ladi, shu bois odamlar do‘konga yangi mahsulotlar kelishini soatlab kutishga majbur bo‘ladi.

Mamlakatda mo‘l-ko‘l bo‘lgan energiya resurslaridan tushgan daromad oddiy odamlarga yetib bormaydi, ulardan faqat siyosiy elitagina bahramand bo‘ladi. Butun davlatni chirmab olgan korrupsiya oddiy fuqarolarning ahvolini badtar og‘irlashtirmoqda.

Minglab turkmanlar malakali tibbiy xizmatlardan mahrum, ayniqsa, qishloqlarda kasalxonalar va tibbiy jihozlar eskirib, hatto sanitariya me’yorlariga amal qilish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Bu paytda esa hukumat internetga kirishni cheklash, ijtimoiy tarmoqlarni bloklash va so‘z erkinligini bo‘g‘ish bilan fuqarolarni asosiy huquq va erkinliklardan mosuvo etayotir. Davlat barcha OAVni nazoratda tutadi va muxolifat paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Manbalar so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy tanglik manzarasida mamlakatda o‘limlar soni ko‘paymoqda, asrlardan beri yuqori bo‘lib kelgan tug‘ilish darajasi esa so‘nggi o‘n yillikda pasaya boshlagan.

“2019 - yilda Turkmanistonda oyiga besh mingdan o‘n mingtagacha o‘lim qayd qilinardi. 2020 - yilda bu raqam 8 mingga, ba’zan hatto 10 mingga chiqdi”, deydi mulozimlardan biri.

O‘lim ko‘payishi COVID-19 tarqalishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, albatta. Lekin hukumat, aksi bir necha bor isbotlanganiga qaramay, hamon Turkmanistonda koronavirus yo‘qligini va hech kim bu infeksiyadan o‘lmaganini iddao qilib keladi.

O‘limga oid rasmiy statistika e’lon qilinmaydi. Ammo tug‘ilish hatto rasmiy ma’lumotlarda ham so‘nggi yillarda muttasil kamaymoqda.

Qoidaga ko‘ra, agar tug‘ilish ko‘rsatkichi bir ayolga 2.1 bola nisbatidan past bo‘lsa, bu nufus kamaya boshlaganini anglatadi. Turkmanistonda mazkur koeffitsiyent 2014 - yildayoq 0,5 ga tushgan va pasayishda davom etib, 2020 yilda minus 3,2 ga etgan.

Taqqoslash uchun: Markaziy Osiyoning qolgan to‘rt mamlakatida aholi soni ortmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2015—2020 - yillarda aholi soni Tojikistonda +2 foizga, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda 1.4 foizga, Qozog‘istonda esa 1.1 foizga o‘sgan.

XS
SM
MD
LG