Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

1 million dollarga O‘zbekiston vatandoshligi: Sarmoya yoki "pul yuvish"?


O‘zbekistonda ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakatdagi investitsiya loyihalariga kamida 1 million dollar mablag‘ kiritgan xorijlik yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ammo kuzatuvchilar bu dastur O‘zbekistonni “katta pul yuvish mashinasiga” aylantirishi va ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘zbekiston vatandoshligi narxi - 1 mln. dollar

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi O‘zbekistonga 1 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritganlar uchun mamlakat fuqaroligini hech qanday shartlarsiz olish imkonini nazarda tutadi:

“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 mln. AQSh dollari ekvivalentida sarmoya kiritgan jismoniy shaxsga yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va san’at arbobiga nisbatan tadbiq etiladi”.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan kiritilgan loyiha muhokamasi 8 dan 23-noyabrga qadar davom etishi belgilandi.

2019-yilda O‘zbekistonda 8500 bazaviy hisoblash ( bu taqriban 2,55 milliard so‘m) miqdorida hissa qo‘shgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar ta’sischilari va ularning oila-a’zolari uchun “investitsiya vizalari” joriy etilgandi. Bundan tashqari, hozirda O‘zbekistonga 3 million dollar va undan ortiq miqdordagi sarmoya kiritganlar uchun yashash uchun ruxsatnoma soddalashtirilgan tartibda beriladi.

Shuningdek, bir qator davlatlar vatandoshlariga O‘zbekistonda ma’lum miqdorga ko‘chmas mulk sotib olayotganda yashash uchun ruxsat olish huquqi berilgan.

"Pul yuvish" xavotirlari

Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha siyosat yurituvchi davlatlar qatoriga kirish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Agar to‘g‘ri rejalashtirilsa va boshqarilsa, fuqarolik evaziga investitsiya dasturlari mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi. Davlat qarzi kamayadi, infratuzilma va turizm rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yuqori malakali mutaxassislar soni ko‘payadi...

Ammo “1 million dollarga fuqarolik” dasturi O‘zbekiston uchun hozirgi jarayonda qanchalik daromadli?

Shveysariyada yashovchi o‘zbekistonlik sobiq diplomat va mustaqil jurnalist Alisher Taksanov bu dastur O‘zbekistonni “katta pul yuvish mashinasiga” aylantirishi mumkinligidan ogohlantiradi:

Mustaqil jurnalist¸ siyosatshunos Alisher Taksanov
Mustaqil jurnalist¸ siyosatshunos Alisher Taksanov

- Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi paytlarda Rossiya bilan tovar ayirboshlash, sarmoya hajmi, mehnat muhojirlaridan Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan bank transferlari keskin oshdi. Bu “gastarbayterlar” pullari ekaniga ishonchingiz komilmi? Bu Rossiyadan olib qochilayotgan mablag‘. Bunday tarzda fuqarolik sotish hozirgi kunda Rossiyani himoya qilishdek ko‘rinayapti va Shavkat Mirziyoyev olov bilan o‘ynashyapti. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga, siyosiy imidjiga juda qattiq zarba bo‘lishi mumkin: O‘zbekiston ikkilamchi sanksiyalar ostiga tushib qolishi xavfi mavjud. Aynan shu paytda O‘zbekiston Alisher Usmonovdan sanksiyalarni olib tashlashni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilyapti va bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonga sarmoya kiritganlarga fuqarolik berishni joriy etmoqda.

"Investitsiya orqali fuqarolik" tizimi boshqa mamlakatlarda

O‘zbekiston poytaxti issiq iqlim, nisbatan arzon turar-joylar va past soliq stavkalari bilan o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi tufayli O‘zbekistonga qochib kelayotgan rossiyaliklar uchun shaxsiy daromad solig‘i o‘zbekistonliklar bilan bir xil - 12% qilib belgilangan.

Markaziy Osiyo davlatlarida bunday tajriba hozircha joriy etilmagan va O‘zbekiston fuqarolikni sotishni boshlagan mintaqadagi birinchi davlatga aylanishi mumkin.

Qo‘plab mamlakatlar yirik sarmoya kiritganlarga vaqtinchalik yashash guvohnomalarini berish bilan kifoyalanadi.

Masalan, qo‘shni Qozog‘istonda 10 yilga vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish uchun biznesmenlarga 300 ming dollar sarmoya yotqizish talab qilinadi.

Qozog‘istonlik iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev faqat qozoq millatiga mansub shaxslargina osonlashtirilgan tartibda vatandoshlik olish imkoniga ega, deydi.

- Qozog‘istonda fuqarolik olish uchun chet eldan kelgan odam 23 ming dollarni bank hisobraqamiga qo‘yishi kerak. Agarda u puli bor ekanligini isbotlasa, Qozog‘iston fuqaroligiga ariza bersa bo‘ladi. Fuqarolik berish bo‘yicha komissiya mavjud – shu komissiya hal qiladi. Undan tashqari Qozog‘iston tarixi, tilini bilsin degan talab bor. Bunday talab qozoq bo‘lmagan millat vakillariga tegishlidir. Qozoqlarga bunday talablar yo‘q. Qozoqlarga hech qanday cheklovsiz fuqarolik beriladi. Bizda pul evaziga yoki sarmoya kiritganiga fuqarolik berish tartibi yo‘q.

Vatandoshlik berish orqali iqtisodiyotga sarmoya jalb qilish jahon tajribasida yangilik emas.

Birgina Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning investitsion migratsiya dasturlari so‘nggi 10 yil ichida 25 milliard yevroga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar olib keldi. Bu dasturlar, ayniqsa, kichikroq iqtisodiyotlar (masalan, Gretsiya, Portugaliya, Malta, Karib havzasi) uchun ulkan iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltirmoqda.

Shunga qaramasdan, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Yevropa fuqaroligini “sotib olish” mumkinligidan unchalik mamnun emas. 2019-yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqi rasmiylari Bolgariya, Kipr va Maltani jiddiy tanqid ostiga olgan hisobot e’lon qildi. Yevropa komissiyasi “sarmoya evaziga vatandoshlik” dasturlari pul yuvish, korrupsiya va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tgan.

So‘nggi paytlarda xorijiy investorlar tomonidan ko‘chmas mulk xaridlari keskin o‘sgan davlat Turkiyadir. Ayniqsa Kremlning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Rossiya, Ukraina va Belarusdan ko‘plab investorlar kela boshladi.

Turkiyadagi “Arba Toms” ko‘chmas mulk va qurilish agentligi rahbari Osim mamlakatida vatandoshlik olish tartibi yil sayin soddalashtirib borilayotganini aytadi:

- Agarda xorijlik kadastr narxidan 400 ming dollardan ziyodga mulk sotib olsa, turk vatandoshligini olish huquqini qo‘lga kiritadi. Buning hammasi rasmiy firmalar orqali bankda rasmiylashtiriladi. 3 oydan keyin vatandoshlikka ega bo‘lasiz. Rasmiylashtirish jarayoni tez va oson kechadi. Turkiyada odamlar biznes qilish, yashash, dengizdan rohatlanish, hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun vatandoshlik oladilar. O‘zbekistonga 1 million dollar kiritgan odam nima qilishi mumkinligini tasavvur qilolmayapman.

Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri Turkiya o‘z tarixidagi eng yuqori oylik daromad o‘sishni qayd etdi. Ammo so‘nggi paytlarda, xususan, arab davlatdaridan kelgan qochqinlar oqimi Turkiya, xususan, Istanbul singari yirik shaharlarda muhojirlarga qarshi kayfiyatlarni kuchaytirgan.

Turkiyaning muxolifatdagi Jumhuriyatchi xalq partiyasi (JHP) Istanbul kengashi deputati O‘zgur Karabat ko‘plab xorijlik, jumladan, O‘zbekistondan Turkiyaga kelganlar "noqonuniy yo‘llar bilan uy-joy sotib olayotgani"dan norozilik bildirgan.

XS
SM
MD
LG