Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:12

Milliy gvardiya kimni kimdan himoya qiladi?


Shakli-shamoyili Putinning Rosgvardiyasini eslatuvchi Mirziyoyevning Milliy gvardiyasi yangi vakolatlarga ega bo‘ldi. 3-may kuni Milliy gvardiyaga huquqbuzarlarga jarima solish vakolati ham berildi.

Marhum prezident Islom Karimov davrida MXX o‘zining qudrati ila aholini qo‘rquvda ushlab turgan bo‘lsa, bugungi kunda Mirziyoyev tuzgan Milliy gvardiya ham yil sayin vakolatlari oshirilib, qudratli tizimga aylantirilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, bundan buyon Milliy gvardiya xodimlari mayda bezorilik qilganlar va sovuq qurol olib yurganlarga nisbatan bayonnoma tuzish va uni sudga yuborish huquqiga ega bo‘ldi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, bundan buyon Milliy gvardiya xodimlari mayda bezorilik qilganlar va sovuq qurol olib yurganlarga nisbatan bayonnoma tuzish va uni sudga yuborish huquqiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari Milliy gvardiya voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga undaganlarni, jamoat joylarida alkogol ichganlarni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlagan, saqlagan yoki tarqatganlarni, tilanchilik qilganlarni va qimor o‘ynaganlarni jarimaga tortishi mumkin.

“Endi bularga xam xuquqbuzarlik turlari bo‘yicha plan beriladi. Tirnoqni orasidan kir axtargandek yo‘q yerlardan qora xalq bo‘yniga jarimalar ilinadi. Men tushunmayman bular jazolovchi organmi yo xalqqa to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib yordam beruvchi organmi?” deya yozdi Facebook foydalanuvchisi Shuxratjon Tojiboyev.

Endilikda Milliy gvardiya huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolatiga ham ega bo‘ldi.

Senat xabarida Milliy gvardiyaga ushbu vakolatlarni berish zarurati tug‘ilgani qayd etilgan.

Huquqbuzarlarga jarima qo‘llash vakolati shu paytgacha Ichki ishlar vazirligi zimmasida edi. Senat xabaridan ma’lum bo‘lishicha, bu vakolat Ichki ishlar organlaridan olib qo‘yilmagan ya’ni ular ham jarima qo‘llashda davom etaveradi. Faqat bundan buyog‘iga huquqbuzarni kim birinchi bo‘lib tutsa, o‘sha jarima soladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Milliy gvardiya borgan sari DXX va IIV vakolatiga kirgan vazifalarni egallab olmoqda yoki aksincha bu uch tashkilot bir paytning o‘zida bir xil vazifa bilan shug‘ullanmoqda. Buni bu tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunlarni varaqlasangiz, ishonch hosil qilasiz.

“Bir birini takrorlaydigan idoralar ko‘paysa, ish samaradorligi pasayadi”, deydi bloger Elmurod Odil.

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan bir yil o‘tib, Milliy gvardiyaga vazirlik maqomini berdi. Bungacha Milliy gvardiya kichik bir brigada edi. Milliy gvardiya dastlab 1992-yilda Ichki ishlar vazirligining 3408-harbiy qismi negizida tuzilgan va shu yili bu brigada Mudofaa vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Yillar davomida 1000 kishilik bu brigadaning bor-yo‘qligini birov bilib, birov bilmagan, uning asosan strategik obyektlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullangani aytiladi.

2017-yil avgustida Mirziyoyev farmoni bilan Ichki ishlar Vazirligi va MXXning ikkita brigadasi bazasida Milliy gvardiya tashkil etildi.

Ekspertlar fikricha, Mirziyoyev Milliy gvardiyani qudratli tuzilmaga aylantirib, Karimov MXXsi o‘rnini egallashini reja qilgan va shu maqsadda bu tizimni rivojlantirishni o‘zining eng ishonchli odamlaridan biri-katta kuyovi Oybek Tursunovning otasi Botir Tursunovga topshirgan. Sovet KGB sidan chiqqan general Botir Tursunov 2020-yilgacha Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Keyinchalik general Tursunov MXXga o‘rinbosar bo‘lib o‘tdi, biroq O‘zbekiston kuch tizimlariga yaqin manbaning aytishicha, Tursunovning Milliy gvardiya ustidan qudratini saqlab qolgan va hozirga kelib u naqafat Milliy gvardiya¸ balki O‘zbekiston kuchishlatar tizimlarida katta ta’sirga ega.

"Bir narsani tushunib olishimiz kerakki, mazkur idoraga nafaqat istalgan

Nadejda Ataeva
Nadejda Ataeva

tashkilot faoliyatiga, balki O‘zbekistonning istalgan fuqarosi va mamlakatda bo‘lib turgan har qanday inson hayotiga aralashish vakolati berilgan. Jamoatchilik nazorati yo‘qligi bois, bu cheksiz hokimiyat, shak-shubhasiz, juda jiddiy repressiya quroliga aylangan. U prezidentning mutlaq xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi, ayni chog‘da istalgan kishining huquqlariga daxl qilish vakolatiga ega”, deydi Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva.

Tahlilchilar, Mirziyoyev prezidentlik kursisini egallagach, Karimovga sodiq bo‘lgan kuchishlatar tizimlarga ishonmagani bois yangi tizim barpo qilishgan uringan.

Mirziyoyevning prezident sifatida ilk amalga oshirgan ishlaridan biri ham aynan DXX va Bosh prokuratura vakolatlarini qisqartirishdan iborat bo‘lgan.

DXX va Ichki ishlar bo‘limlarining qator vakolatlari Milliy gvardiyaga o‘tkazildi. Ayni paytda kuzatuvchilar ushbu organlarning vakolatlari bir birini takrorlashini ham aytishadi. Ammo ularning orasida vakolatlari muttasil kengayib borayotgani Milliy gvardiyadir.

2020-yilda qabul qilingan “Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘ra, ushbu tizim vazifalaridan biri-ommaviy tadbirlar, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazilgan paytda jamoat tartibini saqlashdir.

Milliy gvardiyaning bu vazifasi o‘tgan yili 1-2-iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukusdagi qonli voqealar chog‘ida yaqqol ko‘rindi.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

Xalqaro tashkilotlar Nukus voqealarida namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurol qo‘llanilganini aytishgan va haddan tashqari kuch ishlatilgan ehtimoliy holatlarni tergov qilishga chaqirganlar.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nukusdagi o‘sha voqealarda 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.

Namoyishlar kuch bilan bostirilgan, biroq o‘zbek rasmiylari harbiylarning namoyishchilarga qarata o‘q uzganini rad etgan, Milliy Gvardiya namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish qilgan.

Hozirda sud davom etmoqda, ammo ayblanganlar orasida bironta kuch qo‘llagan xodim yo‘q.

Prezident Mirziyoyev haddan tashqari kuch ishlatgan xodimlar aniqlansa, ular qonun doirasida jazoga tortilishini aytgan edi.

Qonunga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiylari xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega hisoblanadi. Shu o‘rinda qonunda belgilangan boshqa bir jihatga e’tiboringizni qaratsam.

  • Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonun, 7-modda: “Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘z faoliyatini amalga oshirishda bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi”.

Demak, Mirziyoyev ruxsatisiz Milliy gvardiya biror ishga qo‘l urmaydi.

Milliy gvardiya, amaldagi qonunga ko‘ra, Qurolli Kuchlarni jangovar qo‘llash va Davlat chegarasini qo‘riqlash, Favqulodda holatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalarda ham ishtirok etadi.

“Bu cheksiz hokimiyatga ega harbiylashtirilgan tuzilma va O‘zbekistondagi har qanday norozilik kayfiyatini bostiruvchi jiddiy quroldir. Bu O‘zbekiston prezidentining shaxsiy armiyasi, uning imkoniyatlari mutlaqo cheklanmagan”, deydi Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva.

Milliy gvardiya xodimlari faol jalb qilinadigan yana bir holat - ommaviy tartibsizliklar. Ammo O‘zbekistonda kuzatiladigan holatlarda bu tartibsizlik yoki noroziliklar unchalik ham ommaviy bo‘lishi shart emas.

Milliy gvardiyaning boshqa bir vazifasini esga olsak. Ikki yil avval Mehribonlik uylari O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qaramog‘iga o‘tdi.

Mirziyoyev qarori bilan har bir Mehribonlik uyida gvardiyachilar uchun direktor muovini lavozimi kiritildi. O‘sha paytda tahlilchilar bu qarorni qo‘llamagan bo‘lsa, Xorazmdagi Mehribonlik uyi voqeasi ortidan tanqidlar kuchaydi.

Ikki oy avval fosh bo‘lgan Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyidagi 3 nafar voyaga yetmagan qizning viloyatdagi rahbarlar tomonidan 10 oy davomida zo‘rlanishi jamoatchilik tomonidan juda jiddiy norozilik bilan qarshi olindi.

Biroq rasmiylar Mehribonlik uylari uchun javobgar Milliy gvardiyani ushbu hodisa bo‘yicha umuman tilga olmadi.

O‘z vazifasini qo‘riqlash xizmatidan boshlagan Milliy gvardiyaning bugungi kunda kirib bormagan sohasi deyarli yo‘q.

Ko‘pchilik Milliy gvardiyani Putining Milliy gravdiyasi bilan qiyoslashadi. Mirziyoyevning Milliy gvardiyasidan 1 yil avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin bevosita o‘ziga bo‘ysinuvchi Milliy Gvardiyani tashkil qildi.

O‘shanda Putinning shaxsiy qo‘riqchisi Viktor Zolotov boshliq etib tayinlangan Rosgvardiya Putinning shaxsiy hokimiyatini kuchaytirish harakati o‘laroq baholangan edi.

Bugungi kunda Rossiyadagi asosiy kuchishlatar tizimiga aylangan Rosgvardiya jangchilari odamlarga nisbatan ogohlantirishlarsiz o‘qotar qo‘rol va kuch ishlatishi mumkin.

Rosgvardiya jangchilari Rossiyaning xorijdagi, jumladan, Suriya va Ukrainadagi jangovar harakatlariga ham jalb qilingan.

Putinning Milliy gvardiyasi harbiylari Mirziyoyev o‘zining Milliy gvardiyasini tashkil qilgach, ularga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tgani xabar qilingan.

2018-yil 19-oktabr kuni Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi bilan Rossiya Milliy gvardiya qo‘shinlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid kelishuvlar ham imzolangan.

Ikki davlatning Milliy gvardiyalari nafaqat ish tizimi bo‘yicha bir biriga o‘xshash. Balki ularning harbiy kiyimlarida ham farq yo‘q. Rosgvardiyachilar kiyimidagi yozuv Milliy gvardiyaga o‘zgartirilgan xolos.

“Rossiyada qatag‘onlar kuchaygan pallada Rosgvardiyaning maqomi oshirilgan edi. 2017- yilda, Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng Rosgvardiya xodimlari ishtirokida mashqlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi va bu mashqlar deyarli uzluksiz davom etmoqda. Yana bir karra ta’kidlaymanki, bu ayni chog‘da Rossiyaning O‘zbekistonga ta’sir o‘tkazish vositasi ham sanaladi. Chunki ushbu tuzilmani yaratish bilan Putin Mirziyoyevning hokimiyat tepasiga kelishiga ko‘maklashdi va yana shu Milliy gvardiya orqali uning iqtidorda qolishini ta’minlamoqda. Shavkat Mirziyoyevning Putinga tobeligi sababi shu bilan izohlanadi”, deydi Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva.

XS
SM
MD
LG