O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga bordi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ostona xalqaro aeroportida Mirziyoyevni qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev kutib olgan.
Tashrif doirasida 8-avgust kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
“Dasturga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi muloqotda ishtirok etish ham rejalashtirilgan”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-8- avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ostonada bo‘lishi haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan. O‘zbekiston prezidenti ham ishtirok etadigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ostonadagi oltinchi maslahat uchrashuvi esa 9-avgustga belgilangan.