Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:04

Mirziyoyev O‘zbekiston chetga gaz sotmayotganini aytdi, ammo Xitoyga eksport davom etgan


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan. Pekin, 25-aprel, 2019-yil
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan. Pekin, 25-aprel, 2019-yil

18-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisi ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda neft va gaz chetga sotilmasligi, balki ichki ehtiyoj uchun ishlatilishini aytdi.

“Biz ayrim mamlakatlar kabi neft va gaz resurslarini sotish evaziga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Mana shuni hammamiz bilishimiz kerak. Bizda bunday resurslar yo‘q. Bori ham, xalqimiz ko‘paymoqda, o‘zimizga kerak, chetga sotolmaymiz. Biz bu borada ko‘p ishlar qilyapmiz. Bu yil xalqimiz nima ishlar qilganimizni qishda sezadi”, dedi Mirziyoyev.

Ayni paytda Xitoy tomoni bergan rasmiy raqamlar Xitoyga o‘zbek gazi eksporti nafaqat davom etgani, balki iyul oyida yanada oshganini ko‘rsatmoqda.

Xitoy bojxona idorasi ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent joriy yil iyun oyida Pekinga 85,27 mln dollarlik zangori olov sotgan bo‘lsa, iyul oyida bu ko‘rsatkich 7,2 foizga oshib, qariyb 92 mln dollarga yetgan.

Joriy yil yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq payti energetika tizimi deyarli falajlanib qolgani hali odamlar yodidan chiqqani yo‘q. Mamlakat bo‘ylab gaz bosimi keskin pasayib, isitishda muammolar kuzatildi. Metan “zapravka”lar qariyb uch hafta davomida taqa-taq yopildi. Tarmoqlarda svet va gaz yo‘qligidan odamlar ko‘chada olov yoqib jon saqlagani aks etgan videolavhalar tarqaldi.

Avji qahratonda kuzatilgan bo‘hron aholining energetika tizimidan noroziligini kuchaytirdi.

Soha rasmiylari inqiroz vaqtida gaz eksporti to‘xtatilishini ma’lum qildi. Ammo faollar o‘shandayoq bu va’daning samimiyligini savol ostiga olgan edi.
Tahlillar O‘zbekiston asosiy xaridor – Xitoyga tabiiy gaz eksportini ko‘paytirayotganini ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bu yil qish qanday kechishi borasida xavotirlar kuchayarkan, “O‘zbekneftgaz” shirkati mas’uli gaz taqchilligi sababini aholi soni oshgani bilan bog‘lashga urindi.

“Hali ko‘p gazimiz bor. Gaz qazib olish hajmi kamaygani yo‘q. Hozir ishlab chiqarilgan gaz yetishmasligi aholi sonining oshayotgani bilan bog‘liq. Odamlar ham ko‘paymoqda, ishlab chiqarish quvvatlari ham oshmoqda”, degan “O‘zbekneftgaz” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov.

Ammo energetika mulozimining gaz qazib olish hajmi kamaymagani haqidagi da’vosini o‘zi mansub shirkat ham rad etmoqda: “O‘zbekneftgaz” 2023-yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 34,1 milliard kub metrdan 32,3 milliard kub metrga pasaytirgan.

Кремль чангалидаги ўзбек гази
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 1:19:16 0:00

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston 2021-yilda 53,8 milliard kub metr, 2022- yilda esa 51,6 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olgan.

2023-yilda O‘zbekiston rasman gaz eksport qiluvchi davlatdan gaz import qiluvchi davlatga aylandi. Energetika vazirligi 19-iyunda tarqatgan rasmiy bildiruvida Rossiyadan 2 milliard 800 million kubometr, kuniga 9 million kubometr gaz sotib olinishini ma’lum qilgan edi. Mazkur bildiruvda ham gaz narxi oshkor etilmagan va “tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan”i aytilgandi. Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur shartnoma “iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora tadbirlardan biridir”.

O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish ishlari shu yilning uchinchi choragidan boshlanishini ma’lum qilgandi. Ekspertlarga ko‘ra, gaz qazib chiqarishning kamayishi ortidan O‘zbekiston Xitoy oldida gaz yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmay qolgan.

Ozodlikning shu yil fevralida e’lon qilgan surishtiruvi o‘zbek gazi va gaz inshootlari maxfiy va shubhali kelishuvlar orqali Kremlga yaqin oligarxlar hamda shirkatlarga berilganini o‘rtaga chiqargandi.

O‘zbekiston hukumati Ozodlik surishtiruvining xulosalari, jumladan, milliardlab dollar investitsiyalarga qaramasdan nima uchun gaz qazib olish kamayib ketgani haqidagi savollarini javobsiz qoldirgan.

XS
SM
MD
LG