Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2022, Тошкент вақти: 18:22

Mirziyoyev odamlar dunyoqarashini o‘zgartirishni tovuqlarga yukladi 


Prezident Mirziyoyev 21-aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘zining 6 yillik tovuq boqish rejasi muvafaqqiyatli bo‘layotganini ta’kidladi:

“Har bir odam, har bir xonadonda qachon ertangi kunga ishonadi? Agar manfaat bo‘lsa. 1 ta sigiri 2 ta bo‘lsa, 1 qo‘yi 4 ta bo‘lsa, 50 ta tovug‘i 100 ta bo‘lsa bu — manfaat”.

Prezident bayonoti turli viloyatlarda yana tovuqchilik poygasini jonlantirdi. Har bir mahalla yuqori turuvchi idoralarga tovuqchilik bo‘yicha hisobot bermoqda.

Andijonda har bir mahallaga 800ta tovuq olish majburiyati qo‘yilgan bo‘lib, tovuqlar kasalmand bo‘lgani va bozor narxidan ikki hissa qimmatligi bois xaridor topilishi qiyin bo‘lmoqda.

Ayrim mahallalarda aholiga chalajon tovuqlar kredit hisobidan majburan tarqatilmoqda.

Buni Ozodlik suhbatlashgan Andijondagi mahalla faollari va mulozimlar ham tasdiqladi.

Prezident Mirziyoyevning tovuq boqishni kooperatsiya asosida amalga oshirish rejasi 15- martda yakunlanishi lozim edi.

Biroq nafaqat Andijonda balki mamlakatning boshqa ayrim hududlarida ham moliyaviy muammolar sabab prezidentning bu loyihasini amalga oshirish imkonsiz qolmoqda.

Endilikda mahalliy hokimliklar Mirziyoyev rejasini amalga oshirish harakatida ushbu loyiha asosida yetishtirilgan tovuqlarni aholiga qimmat narxda pullashga harakat qilmoqda.

Chalajon tovuqlar

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida mahalla faollari uyma-uy yurib, aholini tovuq olishga majburlamoqda. Bu haqda Ozodlikka aytgan paxtaobodlik ayolga ko‘ra, tovuqlar chalajon bo‘lgani bois odamlar ularni olishni istamayapti.

“Mahallako‘mlar har bir uyga kirib tovuq olishga majburlamoqda. “Bola puli” oladiganlarni ayniqsa, qo‘rqitishmoqda. Lekin hech kim bu tovuqlarni olishni istamayapti. Birinchidan, tovuqlar qimmat, bitta donasini 84 ming so‘mdan sotishyapti. Bozorda 35-40 ming so‘mga olsa bo‘ladi. Ikkinchidan, tovuqlari chalajon. Olgan odamlarniki ham bir haftaga bormasdan o‘lib qolmoqda”, dedi anonim qolishni so‘ragan paxtaobodlik ayol.

Buni qisman tasdiqlagan Paxtaoboddagi mahalla faoli esa MFY xodimlari o‘zi mahalliy hokimlik tomonidan 800ta tovuqni olishga majburlanayotganini aytdi.

“Har bir mahallaga 800ta tovuqni olish majburiyati yuklangan. Tovuqlarni olishga odam topa olmasa, mfy xodimlarining o‘zi olishi shart. Har kuni kechki payt tovuq bo‘yicha ro‘yxat bermaganlarni bittalab so‘roq qilishmoqda. Lekin odamlar tovuqlarni qimmat bo‘lgani va kasal bo‘lgani bois olishni istamayapti. Birovlarning olgan tovuqlarining yarmi o‘lib qolgan holatlar ham bo‘ldi”, dedi ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan mahalla faoli.

Andijonda aholiga kasal tovuqlar tarqatilayotgani haqida SizdanTelegram kanaliga ham murojaat bo‘lgan:

“Mirziyoyev tovuqlari”

Gap Mirziyoyevning tovuq boqishni kooperatsiya asosida amalga oshirish rejasi haqida bormoqda: Mahalladagi “lider” tadbirkorlar ochgan kooperatsiyalar orqali har bir viloyatda kamida 20 mingta xonadonga 20-100 tadan xonaki tovuq berilishi lozim edi.

Andijon viloyat hokimligiga yaqin manbaning anonim qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, prezidentning ushbu loyihasi asosida mahalliy firmalar Belarusdagi shirkatlar bilan shartnoma imzolagan:

“Bu firmalarga mahalliy byudjetdan 6 oyga katta summada pul o‘tkazib berildi. Summasini aniq bilmayman. Firmalar shartnoma asosida Belarusdan Andijonga 2 million dona tuxum olib kelishdi. “Tetra” zotli tovuq tuxumi. Jo‘jalar tuxumdan chiqib, 120 kun boqilgach, 10-mart kuniga tarqatilishi lozim edi. Biroq “lider” tadbirkorlar kooperatsiyasini moliyalashda muammo tug‘ildi. Banklar kooperatsiyalarga imtiyozli kredit bera olmasligi ma’lum bo‘ldi. Viloyat bo‘yicha faqat 10-15 foizgina kooperatsiyaga kredit ajratildi. Natijada o‘tmay qolgan tovuqlarni imtiyozli kredit asosida aholiga tarqatish masalasi ishlab chiqildi. Aholiga oilaviy tadbirkorlik liniyasi bo‘yicha 3 yilga 6 oylik imtiyoz bilan kredit taklif qilinmoqda.”

Andijon viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Belarus bilan shartnoma imzolab, tovuq tuxumi olib kelgan Andijondagi firmalardan biri “Paxtaobod Parranda” MChJdir. Ozodlik 25-aprel kuni shirkat rahbari Elyorbek Sattorovning mobil telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, biroq bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Mirziyoyevning “tovuq siyosati”ni amalga oshirish maqsadida aholini kredit olishga majburlash holatlarini o‘rganayotgan Telegramdagi Bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirovning yozishicha, Andijondagi holat mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda:

“Byudjet pullaridan qiziltovuq sxemasi tuzish bo‘yicha Andijon tajribasi Farg‘onaga ham yetib borgan. Farg‘onada mahalliy byudjet mablag‘lari 6 oy muddatga "Ququmboy naslchilik parranda" MChJga o‘tkazib berilgan. "Ququmboy naslchilik parranda" MChJ byudjet pulini qaytarishi uchun endi kambag‘al farg‘onaliklar majburiy imtiyozli kredit hisobidan qimmat tovuq olishga majbur…Ko‘p bora aytganimizdek, imtiyozli kreditlash qashshoqlikni tugatishga emas, yanada avj olishiga, hokimlar va ularning vositachi shotirlarini hisobsiz boyishiga sabab bo‘ladi. Byudjet mablag‘lari hisobidan tuxum sotib olish va chiqqan jo‘jalarni o‘rtamchi ta’minotchi orqali 3 barobar qimmatga pullash - bu endi mutlaqo yangi daraja.”

Ozodlik mamlakatning boshqa hududlaridagi vaziyatni ham o‘rganmoqda. Jumladan, Buxoroda ham ayni vaziyat ekani xabar qilindi.

Mirziyoyevning 6 yillik “tovuq siyosati”

Mirziyoyev prezidentlik kursisiga o‘tirgach, xalqni boyitish bo‘yicha bir qancha tavsiyalar taqdim qildi. Ularning eng birinchisi, aynan tovuq boqib boyish haqida.

Mirziyoyev 2017-yilning 19-20-yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga qilgan safari chog‘ida har bir oila 100 tadan tovuq boqishga majburligini aytdi.

Мирзиëев барчага товуқ боқиш мажбуриятини юклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:52 0:00

Tovuq uchun aholiga imtiyozli kreditlar tavsiya qilindi. Biroq oradan bir yil o‘tmasdan Mirziyoyevning har bir oilani tovuqboqar qilish rejasi mag‘lub bo‘ldi.

Biroq Mirziyoyev 21-aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘zining tovuq boqish rejasi muvafaqqiyatli bo‘layotganini ta’kidladi.

“Har bir odam, har bir xonadonda qachon ertangi kunga ishonadi? Agar manfaat bo‘lsa. 1 ta sigiri 2 ta bo‘lsa, 1 qo‘yi 4 ta bo‘lsa, 50 ta tovug‘i 100 ta bo‘lsa bu — manfaat. Kecha Andijonni televizorda ko‘rsatishyapti. Tovuq tarqatilyapti. Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa — eng og‘ir tumanlarimizda 100 tadan tovuq olganlar”, deya Mirziyoyev hokimlarga qarata: “Qo‘lingdan hech narsa kelmasa, odamlarga hech bo‘lmaganda 100 ta tovuq ber… Olti oy ichida u bilan gaplash. Ularning dunyoqarashi o‘zgaradi”, dedi.

Olti yil davomida aholini tovuq boqishga jalb qilish maqsadida o‘nlab qarorlar, farmonlar imzolandi. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi- lex.uz saytida joriy yilning o‘zida parrandachilik bo‘yicha 23 ta hujjat joylangan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG