Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan. Hujjat matni O‘zbekiston prezidenti sayti orqali yoyinlandi.
Farmonga muvofiq, quyidagi kishilar Oliy Majlis Senati a’zolari etib tayinlangan:
• Azamat Ziyo – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori;
• Munojatxon Yo‘lchiyeva – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori;
• Abdusaid Ko‘chimov – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori;
• Qudratilla Rafiqov – O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi;
• Mirakbar Rahmonqulov – Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori;
• Sodiq Safoyev – Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari;
• Alisher Sa’dullayev – Yoshlar ishlari agentligi direktori;
• Sodiqjon Turdiyev – O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi;
• Tursinxon Xudaybergenov – Prezident maslahatchisi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 92-moddasi hamda Saylov kodeksining 75-moddasiga asosan, parlament yuqori palatasining to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan prezident tomonidan tayinlanadi.
2023-yilda Konstitutsiya yangilangach, Senat a’zolarining umumiy soni 100 nafardan 65 nafarga qisqargan.
Endilikda Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda 4 nafardan (ilgari 6 nafardan) saylanadi. 9 senator esa (ilgari 16 nafar edi) prezident farmoniga asosan tayinlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy saylov komissiyasining 16-noyabrdagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan senatorlar ro‘yxatga olindi.
MSK qaydicha, yangidan shakllangan Senat a’zolarining 56,6 foizi 60 yoshdan kattalarni tashkil etdi. An’anaviy ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari ham senator bo‘lgan.
Yangi tarkibdagi Senatning ilk majlisi 19-noyabr kuni chaqiriladi.