O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Abu Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqida dunyo davlatlarini o‘ta muhim strategik xomashyo bo‘yicha hamkorlikka undadi.
“Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy. Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”, degan O‘zbekiston rahbari.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tish ekanini ta’kidlagan.
Mirziyoyev 2024-yil 17-sentyabr kuni Ostonada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitidagi chiqishida ham Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida o‘ta muhim xomashyo resurslari sohasida hamkorlik qilish zaruratiga to‘xtalgandi.
O‘zbekiston hukumati 2030-yilga qadar uran qazib olish ko‘rsatkichini yiliga 7100 tonnaga yetkazish rejasini e’lon qilgan.
O‘zbekistonda 132 ming tonna uran zaxirasi mavjud bo‘lib, bu dunyo zaxirasining 2 foizini tashkil qiladi. Mamlakat mazkur strategik xomashyo zaxirasi bo‘yicha jahonda 11-o‘rinda turadi.
Ozodlik avval xabar qilganidek, Fransiyaning Orano shirkati Navoiy viloyatida uran qazib olish va qayta ishlashga 500 million dollargacha sarmoya kiritish niyatini bildirgan.