O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtondagi aeroport yaqinida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab inson qurbon bo‘lgani munosabati bilan AQSH prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yuborgan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Amerika xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi”, deyilgan xabarnomada.
Ronald Reygan nomidagi aeroport yaqinida 29-yanvar kuni sodir bo‘lgan aviahalokat natijasida qurbon bo‘lganlar soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 67 kishiga yetgan.
Chorshanba oqshomida Bombardier CRJ-700 yo‘lovchi uchog‘i inayotgan paytda Sikorski H-60 harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib ketgani ortidan Potomak daryosiga qulab, g‘arq bo‘lgandi.
30-yanvar kuni prezident Tramp aviahalokat munosabati bilan Oq uydan amerikaliklarga murojaat qilgan.
“Men sizlarga mamlakatimiz uchun og‘riqli soatlarda murojaat qilyapman”, degan Donald Tramp halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik izhor etdi.
U fojia oqibatida hech kim tirik qolmaganini ma’lum qilib, aviahalokat sabablarini aniqlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilajagini bildrgan. Bunga oid tekshiruv Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi, Transportdagi xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash va Pentagon tomonidan olib boriladi.
Yurtdoshlarini fojia atrofida milliy birlashuvga chaqirgan Tramp salaflari faoliyatini tanqid qildi. U avvalgi prezidentlar davrida qabul qilingan inklyuzivlik dasturlari tufayli Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAB) yetarli darajada malakaga ega bo‘lmagan xodimlarni ishga qabul qilganini bildirdi.
“Men xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Obama, Bayden va demokratlar birinchi o‘ringa siyosatni qo‘yishadi”, degan u.
Tramp AQSH Korchalonlik aviatsiyasi milliy assotsiatsiyasi sobiq rahbari bo‘lgan 78 yoshli Kris Rochelauni FAB rahbari v.b. etib tayinlaganini e’lon qildi. Boshqarmaning oldingi rahbari Mayk Uitaker Tramp prezident etib saylangani ortidan iste’foga ketgan. Bundan avval Trampning saylovoldi kampaniyasidagi eng asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan milliarder Ilon Mask Uitakerni ishdan bo‘shashga chaqirgan edi.