Линклар

Шошилинч хабар
25 июл 2021, Тошкент вақти: 02:04

Mirziyoyev “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonunni imzoladi. Asosiy nuqtalar


Islom Karimov boshqaruvi davrida huquq-tartibot idoralari odatan "diniy libos", deya tasniflagan ayollar yopiq libosini (chapda) Shavkat Mirziyoyev davrida ko‘chada reklama qilgan banner. Toshkent, 2019

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 - iyul kuni yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun loyhasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan shu yil 4 - may, Senat tomonidan esa 26 - iyunda qabul qilingan.

Qonunda jamoatchilikka 2014 - yilda va’da qilingan eng muhim o‘zgarish - jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qo‘yilgan taqiq haqidagi jumlaning to‘liq olib tashlanganidir.

Bundan tashqari, diniy tashkilotlarga siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirok etish hamda ularni moddiy yoki boshqa tarzda qo‘llashning taqiqlanganidir.

Ammo, qolgan taqiqlar - jumladan, boshlang‘ich diniy ta’lim, xususiy diniy ta’lim, davlat ruxsat bergan muassasalardan tashqarida ibodat qilish, diniy materiallarni davlat ruxsatisiz chop etishga oid cheklovlar saqlab qolindi.

Bu mamlakatda juda uzoq muhokama qilingan qonun loyihalaridan biri bo‘ldi. 1998 - yilda qabul qilingan qonunga o‘zgartirish kiritilishi haqida Musulmonlar idorasi 2014 - yil yanvarda Ozodlikka ma’lum qilgandi.


Asosiy o‘zgarishlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 - iyul kuni imzolagan yangi qonundagi asosiy o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:

  • jamoat joyida “ibodat libosi”da yurishga taqiqning bekor qilindi va umuman bu tushuncha qonunchilikdan olib tashlandi,
  • diniy tashkilot tuzish uchun kamida 100 emas, 50 nafar tashabbuschi talab qilinadi,
  • yangi diniy tashkilot tuzish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati 3 oydan 1 oyga tushirildi,
  • ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga o‘z farzandiga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berildi,
  • qonundan “xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi” degan alohida jumla olib tashlandi, ammo bu harakat noqonuniy diniy faoliyat sirasiga kiritildi,
  • diniy tashkilotlarga siyosiy partiyalar faoliyatida qatnashish va ularni moliyaviy yoki boshqa turda qo‘llash taqiqlandi.

5 - iyul kuni "Xalq so‘zi" gazetasida e’lon qilingan matn, 2020 - yilning avgust oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan matndan farq qiladi.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, ilk loyiha matni muhokamaga qo‘yilganidan beri aholidan 700 dan ortiq taklif kelib tushgan va yakuniy qonun matni o‘sha takliflarni inobatga olingan holda yozilgan.

Ammo shunga qaramay, yangi qonunda shu kunga qadar o‘zbekistonlik dindorlarni qiynab kelgan ro‘mol, hijob, do‘ppi, soqol kabi muammolarga yechim bo‘ladigan aniqlamalar kiritilmagan, xususiy diniy ta’lim va mustaqil diniy faoliyat bo‘yicha cheklovlar bekor qilinmagan.

Xalqaro tashkilot tanqidi

Diniy erkinliklarning ahvolini kuzatuvchi xalqaro nodavlat tashkiloti Forum 18 bu qonunni yangi "cheklovchi qonun" deya baholadi. Tashkilot ekspertlari tahlilicha, qonunda shu vaqtgacha tanqid qilib kelingan taqiqlarning asosiy qismi saqlab qolingan:

  • davlat ruxsatisiz din va e’tiqod erkinligidan foydalanish,
  • davlat ruxsatisiz diniy ta’lim berish,
  • diniy e’tiqodiga oid fikrlarni ulashish,
  • davlat senzurasidan o‘tkazmasdan turib, diniy mazmundagi materiallarni chop etish, elektron va matn shaklida tarqatish.

Tashkilot bu taqiqlar O‘zbekistonning xalqaro inson huquqlari normalari doirasida zimmasiga olgan majburiyatlariga zid ekanini urg‘ulaydi:

"BMTning Din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi, BMT Universal davriy hisoboti (UPR) hamda Inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan bu taqiqlarni olib tashlash tavsiya qilingan. Bu qonunning loyihasiga oid O‘zbekistonga kiritilgan so‘nggi tavsiyalar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasiga oiddir".

Hijob, ro‘mol va soqol

Yangi qonunning hukumat rasmiylari va davlat amaldorlari tomonidan eng ko‘p targ‘ib qilingan jihati “ibodat libosi” degan tushunchaning butunlay chiqarib tashlangani bo‘lmoqda.

Yangi qonunda “ibodat libosi” degan jumlaning o‘zi yo‘q va hatto “diniy libos” yoki umuman “kiyim”, degan so‘z kiritilmagan.

1998 - yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning avvalgi tahririda ibodat libosi haqida gap borgan 14-modda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lib keldi:

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi).fuqarolarning (diniy tashkilot xodimlari mustasno) jamoat joyida ibodat libosida yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ayni modda asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-1-moddasi bilan bu huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solindi yoki 15 sutkagacha qamaldi.

Endilikda jamoat joylarida ibodat libosida yurganlik uchun jazolash amaliyoti qonun bilan bekor qilindi.

Ammo bu tushunchani butunlay qonunchilikdan chiqarib tashlash bilan, shu vaqtgacha ro‘mol yoki hijob, oq do‘ppiga nisbatan "ibodat libosi" yoxud "diniy kiyim" deyilgan qarash o‘zgaradimi, jumladan bu kiyimlarda o‘quv muassasalarida o‘qish mumkinmi-yo‘qmi - bunday savollarga qonunchilikda aniq javob yo‘q.

Qonunga berilgan sharhda esa shunday deyilgan:

"Amaldagi qonunchilik hujjatlarida «ibodat libosi» tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi".

O‘zbekistonda ro‘molli va hijobli o‘quvchi OTM talabalari, do‘ppi yoki soqoldagi talabalarni ta’lim muassasasi binosiga kiritmaslik hollari kuzatiladi.

Maktab hovlisida ro‘moli yechilgan o‘quvchilar yoki OTMdan quvilgan hijobli talabalar ahvoli qator huquqni himoya qiluvchi va diniy erkinliklarni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Diniy ta’lim

Yangi qonunda ta’lim tizimi va talabalarning diniy e’tiqodidan kelib chiqadigan munosabatlar 8-moddada (Ta’lim tizimi va din) belgilangan.

Bu moddada ta’lim tizimining dindan ajratilgani belgilangan. Diniy ta’limni faqat davlat ruxsat bergan diniy ta’lim muassasalarida olish mumkin.

Yangi qonunda ham xususiy tartibda diniy ta’lim berish taqiqlangan. Avvalgi qonunning 9-moddasidagi "Xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi", degan jumla olib tashlangan.

Yangi tahrirdagi qonunning "Asosiy tushunchalar" haqidagi 3-moddasiga esa "xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish" qonunga xilof faoliyat sifatida qo‘shilgan:

  • "qonunga xilof diniy faoliyat – diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish;"

Bundan tashqari, 2020 - yil avgustda aholi muhokamasiga qo‘yilgan loyihada "ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandiga diniy amaliyot va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berilishi" qayd etilgandi.

Prezident imzolagan qonun matnida bu jumla ham olib tashlangan.

Shuningdek, yangi qonunda ham, fuqarolar majburiy umumiy-o‘rta yoki o‘rta maxsus ta’lim olganlaridan so‘ng diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi. Ya’ni 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga diniy ta’lim berilishi esa yangi va eski qonunda ham taqiqlangan.

Bu qonun 26 - iyun kuni Senat tomonidan tasdiqlangach, ijtimoiy tarmoqlardagi faollar voyaga yetmaganlarda diniy ta’lim huquqini berish va xususiy tartibda diniy ta’lim berishga ruxsat berilishini talab qilib, qator chiqishlar qildi.

Qonunga berilgan sharhda, xususiy tartida diniy ta’limni taqiqlash sababi shunday izohlangan:

"Har qanday shaxsning «o‘zicha» aholiga diniy ta’lim berishi noan’anaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis bo‘lmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar bo‘yicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib keladi.

Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bog‘liq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot g‘oya va qarashlar ta’siriga tushishiga sabab bo‘ladi. Shu maqsadda, diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi".

Diniy-siyosiy faoliyat

Yangi qonundagi yana bir jiddiy o‘zgarish uning 7-moddasiga qo‘shilgan.

Qonunning avvalgi tahriridagi 5-moddada:

"O‘zbekiston Respublikasida diniy mohiyatdagi siyosiy partiya va jamoat harakati, shuningdek respublikadan tashqarida tuzilgan diniy partiyalarning filiallari va bo‘limlarini tuzishga va ularning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi", deyilgandi.

Yangi tahrirdagi qonunda esa, bu jumla mana bunday o‘zgartirilgan:

  • "O‘zbekiston Respublikasida diniy ruhdagi siyosiy partiya va boshqa jamoat birlashmasining, respublikadan tashqarida tuziladigan diniy partiyalar vakolatxonalari va filiallarining tashkil etilishiga hamda faoliyatiga, siyosiy partiyalar va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalari faoliyatida diniy tashkilotlarning ishtirok etishiga, shuningdek ularga moliyaviy yoki boshqa yordam ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi".

So‘nggi o‘zgarish O‘zbekistonda prezident saylovlariga tayyorgarlik borayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

7 yil kutilgan loyiha

1998 - yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilayotgani haqida Ozodlik 2014 - yil yanvar oyida xabar qilgan edi.

O‘shanda Musulmonlar idorasidagi manba qonunda diniy liboslar bilan bog‘liq moddada mavhumlik bo‘lgani bois diniy idora o‘zgartirish kiritish taklifi bilan parlamentga murojaat qilganini bildirgan edi.

Bu xabarga izoh bergan Musulmonlar idorasi raisi sobiq o‘rinbosari Abdulaziz Mansur qonunning diniy liboslar qismiga sharh yozilayotganini bildirgan:

- Sharhlarda ro‘mol, do‘ppi, maxsi-kalish, uzun ko‘ylak va shunga o‘xshash narsalar - bular milliy libos tariqasida talqin qilinayapti. Militsiya xodimlarining bunday kiyimlarni "ibodat libosi" deb odamlarni ta’qib qilganidan bizga ko‘plab shikoyatlar bo‘lgani bois, shunday sharh yozilyapti hozir. Tez orada bu sharh e’lon qilinadi.

Keyinchalik bu masalada boshqa ma’lumot berilmadi.

2016 - yilda Islom Karimov vafot etgach, prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining ilk yillarida bu masala yana ko‘tarildi.

2017 - yilda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun o‘zgartirilishini ma’lum qilgandi.

Ammo faqat 2020 - yilning avgustiga kelib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida e’lon qilindi, 2021 - yilda - saylov yiliga start berilgan kezda parlament loyihani bir o‘qishda qabul qildi.

Adliya vazirligi rasmiy saytida bu o‘zgartishlardan yana bir maqsad “asosan aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri, fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanishidir”, deya sharh berildi.

AQSh Davlat departamenti o‘tgan yil dekabrida O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqargan.

Biroq AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) joriy yil aprel oyida O‘zbekistonni maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatiga qaytarishni tavsiya qilgandi.

Komissiyaning bunday xulosaga kelishiga asosan qonunchilikdagi muammolar, xususan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi xalqaro standartlarga mos kelmasligi sabab bo‘lgani bildirilgandi.

XS
SM
MD
LG