O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida Mirziyoyev Koshtani Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan tabriklagan. Portugaliyalik 63 yoshli siyosatchi Antoniu Koshta Yevropa Kengashi prezidenti lavozimiga o‘tgan yilning 1-dekabridan kirishgan.
Xabarnomada 2024-yili O‘zbekistonning YI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshgani, Yevropa shirkatlari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetgani qayd etilgan.
Mirziyoyev bilan Koshta muloqotida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez fursatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishi”ga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yilning iyul oyida Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenga yo‘llagan tabrik maktubida O‘zbekiston YI bilan munosabatlarda mutlaqo yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tez orada imzolash tarafdori ekanini ma’lum qilgan edi.
Mirziyoyev va Koshtaning kechagi muloqotida, qayd etilishicha, xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan. Shuningdek, suhbat chog‘ida aprel oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar ham muhokama qilingan.