Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:34

Mirziyoyev yoshlarni DXXga topshirdi. Partiya tuzmoqchi bo‘lgan talaba ustidan sud boshlanmoqda


O‘zbekistonda talaba-yoshlarning faolligi asosan, davlat tomonidan tashkillashtiriladi - mustaqil yoshlar esa, ko‘pincha "uyushmagan yoshlar" deb ta’riflanadi
O‘zbekistonda talaba-yoshlarning faolligi asosan, davlat tomonidan tashkillashtiriladi - mustaqil yoshlar esa, ko‘pincha "uyushmagan yoshlar" deb ta’riflanadi

Prezident Mirziyoyev o‘tgan haftada "yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish" vazifasini Davlat xavfsizlik xizmatiga yukladi.

DXXning iste’fodagi zobiti fikricha, maxsus xizmatlar vakolatlari doirasiga Prezident tilga olgan muammolar bilan shug‘ullanish kirmaydi.

Siyosiy mavzularni yoritib kelayotgan 30 yashar bloger “yoshlarning DXXga topshirilishi”dan samara kutmayotganini bildirdi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida siyosiy partiya tuzmoqchi bo‘lgan 19 yashar talaba ustidan ikkinchi sud jarayoni 2 - fevralda boshlanishi ma’lum bo‘ldi.

27 - yanvarda prezident Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining dastlabki xabarida yoshlar muammolarini hal qilishga hokimlar o‘rinbosarlari, soliq idorasi, savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbarlari mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilgani aytildi.

Shuningdek, tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlari – uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga mas’ul bo‘lajagi xabar qilindi. Bu xabarda ham, 27 - yanvar kungi boshqa bir rasmiy xabarda ham yoshlar bilan ishlash yuklatilgan yana bir idora tilga olinmadi.

Yig‘ilishdan yozib olingan va Kun.uz nashri e’lon qilgan videoda prezident Mirziyoyevning «Bildirilgan taklif va istaklar asosida tuman va shaharlar kesimida yoshlar dasturlari tasdiqlandi. Ushbu dasturlarning ijrosi hamda yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuklatildi», deganini eshitish mumkin.

“Prezidentning qayd etishicha, vazifaning muhimligi inobatga olinib, DXX yoshlar muammolari bo‘yicha rejalarning joylarda amalga oshirilishini nazorat qiladi. Bu rejalar bajarilishiga ko‘maklashadi va lozim paytda mas’ullarga bajartiradi ham”, deb xabar qildi nashr.

“Maxsus xizmatlar yoshlar bilan o‘tgan asrning 20-yillarida shug‘ullangan edi, xolos”

Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq KGB-tahr.) ning 25 yildan beri iste’fodagi polkovnigi Mahmudjon Yo‘ldoshev Ozodlik savollariga javob berarkan, maxsus xizmatga yoshlar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish topshirilganini “tushunmaganini” yashirmadi.

Mahmudjon Yo‘ldoshev
Mahmudjon Yo‘ldoshev

"Maxsus xizmatlarning yoshlar bilan shug‘ullanishi bu idoraning na Nizomiga va na qonunga to‘g‘ri keladi. Bir vaqtlar, bundan 100 yillar oldin Lenin ChK (Chrezvichaynaya komissiya – Favqulodda komissiya – KGBning dastlabki nomi) boshlig‘i Dzerjinskiyga qarovsiz bolalar bilan shug‘ullanishni topshirgan. Hozir O‘zbekistonda o‘tgan asrning 20- yillaridagiday emas ahvol. DXXning qonunda belgilab qo‘yilgan vazifalari bor. Ular orasida alohida yoshlar muammolari bilan shug‘ullanish vazifasi yo‘q", - dedi DXXning iste’fodagi polkovnigi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Prezident Mirziyoyev 2018 - yilning 5 - aprelida imzolagan “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini hamda boshqa davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish, qonuniylikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek Davlat xavfsizlik xizmatining vakolatiga kiritilgan huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish mazkur xizmatning asosiy vazifalari sifatida belgilab qo‘yilgan.

Prezident administratsiyadan taklif qilingan, lekin bajarilmagan va’da

YouTube dagi “Ko‘zgu” ko‘rsatuvi muallifi, 30 yashar Abduqodir Mo‘minov siyosiy mavzularni yoritib kelayotgan bloger.

Abduqodir Mo‘minov
Abduqodir Mo‘minov

Ozodlik bilan muloqotda u yoshlar muammolarini o‘rganish DXXga topshirilishi samara berishiga shubha bilan qarayotganini bildirib, o‘zi bilan bog‘liq voqeani aytib berdi:

“O‘tgan yili Axborot xizmati ochmoqchi bo‘lib, shu yo‘nalishda ish boshlab turuvdim, Prezident administratsiyasidan telefon qilib qolishdi. Bizdan qanday yordam kerak, deb so‘rashdi. Firmamning faoliyatini yuritishim uchun mashina, orgtexnika olishga 200-300 million so‘m kredit kerak, dedim. Yordam beramiz, deyishdi. Lekin haligacha hech narsa bo‘lmadi”.

DXX ijtimoiy muammolarini o‘rganishi lozim bo‘lgan yoshlardan biri partiya tuzmoqchi bo‘ldi va ... sudlandi

Javohir Omonov
Javohir Omonov

Jahon tillari universitetining 2- kurs talabasi, o‘tgan yili, 1- kursda o‘qiyotgan paytda siyosiy partiya tuzishga kirishgan sirdaryolik Javohir Omonov DXX ijtimoiy muammolarini o‘rganishi lozim bo‘lgan yoshlardan biri.

Javohir Ozodlikka prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan ilhomlanib, 2020 - yilning bahorida yangi siyosiy partiya tuzishga jazm qilganini va shundan so‘ng kutilmagan muammolar girdobida qolganini aytib berdi.

Javohirning iddao qilishicha, u 2020 - yil bahorida yangi partiya tuzmoqchi ekanligini aytishi bilanoq o‘sha paytgacha o‘zi a’zo bo‘lgan Liberal demokratik partiya vakillari tomonidan unga bosim boshlangan.

Oradan oylar o‘tib, kuzda Javohirning ko‘rgiliklari boshlangan:

"26 - noyabrda Sirdaryodagi uyimizga (Sayxunobod tumani) ichki ishlarning bir xodimi bilan o‘zini tanishtirmagan uch kishi kelishdi va mashinaga bosib olib ketishdi. II guruh nogiron bo‘lishimga qaramay, IIB binosida 17 soat ushlab turishdi. Meni olib ketganlar menga ruhiy, ma’naviy bosim o‘tkazdi. Siyosatga aralashmaslikni talab qilishdi. Ertasiga sud qilishdi. Ma’muriy huquqbuzarlikda ayblashdi. Sudda advokat talab qildim. Advokat berishmadi. Qanday huqubuzarlik qilganimni ham tushuntirishmadi. Bu haqdagi barcha savollarim javobsiz qolaverdi. Sud hukmida aytilishicha, men IIB xodimlarini haqorat qilganmishman, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan ekanman hamda ko‘chaga yuz niqobisiz chiqqanmishman. IIB xodimi bilan o‘zini tanishtirmaganlar kutilmaganda kelib chaqirishganda niqobsiz uyimiz darvozasini ochganman. Shu aybim emish. Xullas, eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarimaga tortishdi".

Javohirning aytishicha, o‘shandan beri ham u tinimsiz IIB binosi yoki boshqa joylarga chaqirtirilmoqda, 2 - fevralda esa, yana ustidan sud boshlanishi kutilmoqda:

"26 - noyabrda IIB binosida hibsda o‘tirgan paytimda noma’lum kimsalar uyimizga kelib, onamdan aldov yo‘li bilan mening telefonimni olib ketishgan ekan. Keyin uni ekspertizaga jo‘natishibdiymish. Telefonimdan men hech qachon tanimagan odamlarning ismlari yoki materiallari chiqibdiymish. Men ko‘ray o‘sha narsalarni, suratga olay, desam, "ko‘rish ham, suratga olish ham mumkinmas", deyishdi. Yaqinda sudga chaqiruv qog‘ozi keldi. Unda men qaysi modda bo‘yicha ayblanayotganim ham, aybim ham ko‘rsatilmagan. Aftidan, sud o‘sha "telefon ishim" bo‘yicha bo‘ladi. Sud ertaga, 2 - fevral, soat 10.50 ga belgilangan".

Komsomoldan gula ko‘targan tashkilotlar

2020 - yilning 30 - iyunida prezident Mirziyoyev Yoshlar ishlari agentligini tuzish haqidagi farmonni imzolagan edi.

Yangi tashkilot markaziy idorasi uchun 75 shtat birligi, viloyat va tumanlardagi bo‘limlarida esa 766ta shtat birligi bo‘lishi farmonda aytilgan.

2017 - yil iyulida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilgandi.

Xuddi shunday nom bilan yuritilgan tashkilot O‘zbekiston hali SSSR tarkibida bo‘lgan 1991 - yili avvalgi Komsomol tashkiloti o‘rnida tashkil topgan va 1996 - yilgacha amal qilgan. 1996 - yil aprelida esa, O‘zbekistonning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimov farmoni bilan "Kamolot" jamg‘armasi tuzilgandi.

"Kamolot" jamg‘armasi 2001 - yilda Yoshlar ijtimoiy harakatiga aylantirilgan.

XS
SM
MD
LG