Namanganda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidentiga qarshi haqoratli izohlar yozgan 28 yoshli yigit sudlandi, deya xabar qildi Uznews nashri.
Nashr qaydicha, D.Tursunov ismli namanganlik shaxs Facebook tarmog‘ida ochilgan profiliga 2023-yil 8-may kuni “O‘zbekiston Prezidenti Moskvada G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etadi” nomli maqoladan ko‘chirib olingan ekran tasvirini joylashtirib, ushbu postda O‘zbekiston prezidentini haqoratlagan va unga tuhmat qilgan.
“Bundan tashqari, u Facebook orqali turli postlarga davlatga qarshi izohlar qoldirgan”, deb yozgan Uznews ma’lumot olingan manbani keltirgan emas.
Nashrga ko‘ra, sudlanuvchi 2016-yil 26-sentyabr kuni O‘zbekistondan Ozarbayjonga borib, 2016-yil 30-sentyabr kuni u yerdan fuqarolik pasportiga dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish uchun maxsus ruxsat stikeri rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, belgilangan tartibni buzib, Eronga kirib, qonunga xilof ravishda chet elga chiqqan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) va 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oxirgi bir yilda O‘zbekistonda o‘ndan ortiq bloger va tarmoq faoli ta’magirlik va prezidentni haqorat qilish ayblovlari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga tortilgan.
Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti yanvar oyida e’lon qilgan yillik hisobotda O‘zbekistonda 2023-yilda inson huquqlari vaziyati sezilarli darajada yomonlashganini qayd etgan edi.