Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:09

$11.5 mlnlik "sovg‘a"- Ortiqxo‘jayev 100ga yaqin tadbirkor yerini prezident kuyoviga aloqador shirkatga tekinga bergan


Prezident Shavkat Mirziyoyev oilasi bilan. Katta kuyov Oybek Tursunov o‘rtada
Prezident Shavkat Mirziyoyev oilasi bilan. Katta kuyov Oybek Tursunov o‘rtada

Yunusobod bozori va Megaplanet supermarketi oralig‘idagi hududda o‘nlab yildan beri savdo va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelayotgan 100 ga yaqin tadbirkor Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori ustidan sudga murojaat qildi.

O‘z biznesi va daromadidan ajrash tahdidi ostida qolgan yunusobodlik tadbirkorlar hokimning 2019 - yil 31 - dekabr kuni chiqargan Yangi shahar¸ Amir Temir va Ahmad Donish ko‘chalari kesishuvidagi 6 gektarlik hududni "xususiy investor"ga berish qarorini bekor qilishni so‘ramoqda.

Tadbirkorlarning bunga qadar davlat idoralari, jumladan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda prezident Mirziyoyevga qilgan murojaatlari natija bermagan.

2 - dekabr kuni Chilonzor tuman ma’muriy sudida boshlanishi kutilayotgan mahkama ishi Toshkentning eng qimmat rayonlaridan bo‘lgan Yunusobod markazidagi 6 gektar yerning URBAN DEVELOPERS MChJga berilishi haqidagi qaror qanchalik qonuniy yoki yo‘qligini muhokama qiladi.

Buncha katta hududda “ko‘p tarmoqli savdo va ko‘ngilochar majmuasi” quradigan MChJ qaror chiqarilishidan bir oy oldin tuzilgan va yer “prezident va Bosh vazirning” og‘zaki topshiriqlari asosida bu kompaniyaga taqdim etilgan.

Nusxasi Ozodlikka taqdim qilingan shikoyat arizasida biznesi va daromadidan ajrash tahdidi ostida qolgan yunusobodlik tadbirkorlar o‘z do‘konlari joylashgan yerning hokimlik zaxirasiga o‘tkazilishidan boshlab uning “investor”ga berilishigacha bo‘lgan jarayonda amaldagi qator qonunlar ochiqchasiga buzilganini ta’kidlagan.

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv Yangi yil kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan minimal qiymati 11¸5 million dollar deb baholanayotgan yer tortiq qilingan URBAN DEVELOPERS MChJ Shavkat Mirziyoyevning katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqador ekanini ko‘rsatdi.

Ortiqxo‘jayevdan $ 11¸5 mln dollarlik Yangi yil sovg‘asi

O‘zbekistonliklar yangi 2020 - yilni qarshi olishga taraddud ko‘rayotgan 31 - dekabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 1879-sonli qaror chiqardi.

Hokim qarorining birinchi sahifasi
Hokim qarorining birinchi sahifasi

Qaror “URBAN DEVELOPERS mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasiga yer maydoni ajratib berish haqida” deb nomlanadi.

Qarorga URBAN DEVELOPERS MChJning murojaati¸ prezident¸ Bosh vazirning og‘zaki topshiriqlari¸ Bosh vazir o‘rinbosari Ramatov va Qo‘chqorovlarning xulosalari va Ortiqxo‘jaevning o‘zi chiqargan oldingi qaror asos sifatida keltirilgan.

Hujjatda 100 ga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat yurgizayotgan do‘kon va xizmat obyektlari joylashgan 6 gektarlik yer maydonini nega aynan URBAN DEVELOPERS MChJga berishga qaror qilinganiga doir biror asos keltirilmagan.

Ortiqxo‘jayevning 31 dekabr kungi qarori.
Ortiqxo‘jayevning 31 dekabr kungi qarori.

Toshkentdagi yerning minimal narxiga oid Jahongir Ortiqxo‘jayev tasdiqlagan hujjatga ko‘ra¸ Yunusobod tumani poytaxtdagi yer eng qimmat hududlar sirasiga kiritilgan va bu rayondagi bir gektar yerning minimal narxi 18 102 214 700 so‘m qilib belgilangan.

Eng minimal hisob bo‘yicha Yunusoboddagi 6 gektarlik yer narxi 108 613 288 200 yoki 2019 - yil 31 - dekabr kungi kurs bo‘yicha 11 432 977 AQSh dollariga teng bo‘ladi. Bu qiymatdagi yer¸ qarordan tushunilishicha¸ URBAN DEVELOPERS MChJga tekinga berilgan.

URBAN DEVELOPERS MChJ kimga tegishli?

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra¸ URBAN DEVELOPERS MChJ 2019 - yilning 18 - noyabr kuni¸ ya’ni Yunusoboddagi qimmatbaho yer berilishidan 1 oy oldin ro‘yxatga olingan.

Prezident va Bosh vazir topshirig‘i asosida 6 gektar hududda “ko‘p tarmoqli savdo va ko‘ngilochar majmuasi” qurish loyihasi berilguniga qadar URBAN DEVELOPERS MChJ biror bir loyihani bajarmagan.

Urban Developers MChJ registratsiya hujjati nusxasi.
Urban Developers MChJ registratsiya hujjati nusxasi.

Registratsiya hujjatiga ko‘ra¸ MChJning 3 foiz aksiyasi Halimov Sherzod Shavkatovichga¸ qolgan 97 foizi esa¸ “chet el korxonasi” deb tasniflangan ODORATUS BUSINESS LLPga qarashli.

URBAN DEVELOPERS MChJ atigi bitta xodimga ega – uning rahbari sifatida Naberayev Ansor Farruxovich ko‘rsatilgan. 2020 - yilning dastlabki choragi uchun topshirilgan soliq hujjatlarida korxonaning “realizatsiya oboroti jami 0.0 so‘mni tashkil etgan”i yozilgan.

Urban Developers MChJga oid rasmiy ma’lumot.
Urban Developers MChJga oid rasmiy ma’lumot.

“Qo‘shma korxona” deb tasniflangan URBAN DEVELOPERS MChJning o‘zbekistonlik ta’sischisi Sherzod Halimov hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan poytaxtdagi eng qimmat yerni birinchi marta tekinga olayotgani yo‘q.

Toshkentdagi G‘afur G‘ulom bog‘i 49 yillik tekin ijaraga berilgan BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasi registratsiya hujjatlarida Halimov uning mulkdori sifatida ko‘rsatilgan.

G‘afur G‘ulom bog‘ini ijaraga berishga oid mojaroli qarorda “xorijiy investor” bo‘lgan Sherzod Halimov¸ Yunusoboddagi 6 gektarlik yerni tekinga olishda “mahalliy ta’sischi” rolini bajargan.

URBAN DEVELOPERSning “xorijiy investori” kim?

Rasmiy registratsiya va soliq hujjatlariga ko‘ra¸ URBAN DEVELOPERS MChJning 97 foiz aksiyasi “chet el korxonasi” - ODORATUS BUSINESS LLP (Limited liability partnerships )ga qarashli.

Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan shirkatning asl egasi kimligi ochiqlanmagan.
Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan shirkatning asl egasi kimligi ochiqlanmagan.

2015 - yil 12 - noyabrida Britaniyada ro‘yxatga olingan bu kompaniyaning asl egasi kimligi ochiqlanmagan. Buning o‘rniga uning ish yurituvchisi sifatida dunyodagi “soliqlarni bekitish va pul yuvish amaliyotlari uchun jannat” sanaladigan Beliz davlatidagi B2B CONSULTANTS LIMITED kompaniyasi ko‘rsatilgan.

Quruq yer bahosi minimal hisobda taqriban 11.5 million AQSh dollaridan oshadigan 6 gektar hudud tortiq qilingan bu “xorij investori”ning ustav jamg‘armasi 100 funt sterling yoki 130 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Yunusobodda ko‘p million dollarlik savdo markazi quradigan "xorijiy investor" - Oderatus Business LLP ning biznes adresi qilib mana shu bino ko‘rsatilgan.
Yunusobodda ko‘p million dollarlik savdo markazi quradigan "xorijiy investor" - Oderatus Business LLP ning biznes adresi qilib mana shu bino ko‘rsatilgan.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar ODORATUS BUSINESS LLPning O‘zbekistonda biznes yuritayotgan boshqa qator “xorijiy kompaniya”lar¸ xususan¸ East-West Invest LLC aksiyalari egasi ekanini ham ko‘rsatmoqda.

O‘zbekcha matryoshka – qobiq shirkatlar ichiga yashiringan “britaniyalik investor” kim?

Ozodlik Toshkent hokimining yangi yil kuni chiqargan qarori bilan poytaxtdagi eng biznesbop hududni tekinga¸ aniq ko‘rsatilmagan investitsiya majburiyatlarisiz olgan URBAN DEVELOPERS MChJning “xorijiy investori” kim, degan savolga javob topishga urindi.

MChJ rahbari Ansor Naberayev Ozodlik bilan 26 - noyabr kungi suhbatda¸ korxonaning 97 foiz aksiyasi egasi deb yozilgan ODORATUS BUSINESS LLPning “britaniyalik investor”i kimligini ochiqlashni istamadi.

Ozodlik ochiq manbalardan qo‘lga kiritgan hujjatlar hokim Ortiqxo‘jayevning Yangi yil kungi maxsus tuhfasiga loyiq topilgan MChJning prezident Shavkat Mirziyoyev oilasi¸aniqrog‘i, uning katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqadorligini ko‘rsatmoqda.

Prezident katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqador ayrim shirkatlar zanjiri.
Prezident katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqador ayrim shirkatlar zanjiri.

Hujjatlarga ko‘ra¸ prezident to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning eri Oybek Botirovich Tursunov PROMADIK INVEST kompaniyasining 95% aksiyasi egasidir.

Bu kompaniya esa¸ o‘z navbatida PRO MILK TECHNOLOGY kompaniyasining 95.11% aksiyasiga egalik qiladi.

PRO MILK TECHNOLOGY kompaniyasi MILK HOUSE deb nomlangan yana bir boshqa shirkatning 39.87% aksiyasi mulkdoridir. MILK HOUSEning qolgan 60.13 foiz aksiyasi ODORATUS BUSINESS LLPga qarashli. ODORATUS BUSINESS LLP esa¸ Yunusoboddagi 6 gektarlik yerni yuzlab tadbirkordan tortib olayotgan URBAN DEVELOPERS MChJning 97% aksiyasi¸ aniqrog‘i¸ asl egasidir.

URBAN DEVELOPERS MChJ registratsiya hujjatida uning rahbari deb ko‘rsatilgan Ansor Naberayev “kompaniyangiz Oybek Tursunovga aloqadorligini tasdiqlaysizmi yoki inkor qilasizmi?” degan savolga asabiy kulish bilan:

- Men hech kimni bilmayman. Otabek (aslida Oybek - tahr.) Tursunov degan nomni birinchi marta eshityapman. Bunaqa informatsiyani qayerdan olyapsiz¸ man bilmayman¸ - deb javob qildi.

Oybek Tursunovga bog‘langan biznes tuzilmalari

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovlari¸ xususan¸ katta kuyovi Oybek Tursunov qaynotasi davlat tepasiga kelganidan so‘ng nima ish qilishi¸ qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotganiga oid rasmiy ma’lumot yo‘q.

Prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunov Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov bilan¸ Qodirov ta’kidicha¸ "birodarlik aloqalari"ga ega.
Prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunov Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov bilan¸ Qodirov ta’kidicha¸ "birodarlik aloqalari"ga ega.

Norasmiy manbalar uning bir muddat o‘z qaynotasi administratsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagani haqida yozgan va bu ma’lumot rasman na tasdiqlangan va na inkor etilgan edi.

Davlat rahbarlari va ular oilasi daromadiga oid ma’lumotlar O‘zbekistonda jamoatchilikka ochiqlanmasligi bois birinchi oila a’zolarining biznes faoliyati tafsilotlari ham sir bo‘lib kelmoqda.

Joriy yil may oyida mahalliy matbuot Oybek Tursunov Uzcard brendi bilan tanilgan «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJning 75 foiz aksiyasini qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi.

2019 yil avgustida esa¸Oybek Tursunov 95 foiziga egalik qiladigan PROMADIK INVEST kompaniyasi Kapitalbank aksiyalarining 36 foizini qo‘lga kiritgan.

Oybek Tursunov nomi O‘zbekistondagi mashhur "Ilhom" teatri binosi joylashgan Shodlik Palas mehmonxonasi binosi bilan bog‘liq mojaroda ham tilga tushgandi.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist¸Asiaterra.info sayti muharriri Aleksey Volosevich o‘z manbalariga tayanib¸ bu binoni yashirin qarorlar bilan qo‘lga kiritgan Ofelos Plaza MChJ asl egasi prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov ekanini yozgan edi. Hozirga qadar Tursunovning bu maqolaga raddiya bergani ma’lum emas.

Prezident kuyovlarining ko‘p million dollarlik aksiya va biznes tizimlarni qaysi daromadlari hisobiga qo‘lga kiritayotgani haqidagi savollar javobsiz qolmoqda.

Oybek Tursunovning otasi Botir Tursunov Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekiston Milliy gvardiyasi rahbarligiga tayinlangan edi. Hozirda Botir Tursunov DXX raisining o‘rinbosari lavozimida¸ uning yana bir o‘g‘li¸ Oybek Tursunovning akasi Ulug‘bek Tursunov esa O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.

Prezidentga qilingan murojaat

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan prezident kuyoviga aloqador kompaniya manfaati uchun do‘konlari buzilishga berilgan 100 ga yaqin tadbirkor O‘zbekistondagi davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlariga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Tadbirkorlarning prezidentga yozgan jamoaviy maktubidan parcha.
Tadbirkorlarning prezidentga yozgan jamoaviy maktubidan parcha.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasidan tortib Prezidentgacha yozilgan jamoa arizasiga 84 ta shirkat rahbari imzo chekkan.

Nusxasi Ozodlikka ham yuborilgan bu murojaatda tadbirkorlar o‘z do‘konlari joylashgan hududning URBAN DEVELOPERS MChJga amaldagi qonunlarni jiddiy toptagan holda berib yuborilganini ta’kidlaydi.

Qonun buzilishiga oid jihatlar atroflicha yoritilgan jamoa xatida, xususan¸ 100ga yaqin tadbirkor foydalanib kelgan yer “obodonlashtirish uchun” Toshkent shahar hokimligi zahirasiga olinganidan so‘ng¸ qonunchilika ko‘ra bu hudud ochiq elektron auksion orqali savdoga qo‘yilishi lozimligi aytilgan. Bunday auksion esa¸ murojaatda ta’kidlanishicha, mutlaq o‘tkazilmagan. 100ga yaqin xususiy tadbirkordan “davlat va jamoat ehtiyojlari uchun” degan bahonada tortib olingan yer huquqiy maqomiga ko‘ra ulardan farq qilmaydigan boshqa xususiy tadbirkor - URBAN DEVELOPERS MChJga berilgan.

Biz bu MChJ kimniki ekanini bilmaymiz. Bilganimiz¸ hukumat va hokimlik rahbarlarining qonunlarga tupurgan holda¸ ochiqchasiga reyderlik zaxvatini boshlaganidir. Bu bespredelni faqat prezidentning o‘zi to‘xtatishi mumkin, degan umidda Mirziyoyevga murojaat qildik. Hozircha javob yo‘q. Ortiqxo‘jayev qaroridan eng katta ziyon ko‘radigan bir necha tadbirkor 1879-sonli qarorni bekor qilishni so‘rab, sudga murojaat qilgan. Ammo bilishimizcha, sudga avval- boshdan bosim bo‘lmoqda. Qonunni himoya qilishga mas’ul tizimlarning nima qilishini yaqinda ko‘ramiz”¸ deydi Ozodlik gaplashgan yunusobodlik tadbirkorlardan biri.

2 - dekabr kuni Chilonzor tuman ma’muriy sudi tadbirkorlar shikoyatini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Sud jarayoniga oid tafsilotlarni Ozodlikda kuzatib boring.

Ushbu maqola Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG