Rossiyaning Moskva viloyati Istra shahrida joylashgan xususiy uyda 23-may tongida chiqqan yong‘in oqibatida sakkiz, Rossiya FVV ma’lumotiga ko‘ra, kishi nobud bo‘lgan. Qayd etilishicha, mazkur uyda migrantlar uchun hostel tashkil qilingan edi.
“RIA Novosti” agentligining tezkor xizmatlaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishicha, yong‘inga kamindan sachragan o‘t sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin,
Shot telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, hodisa chog‘ida odamlar tiriklayin yonib ketgan, ikkinchi qavatdan sakragan bir ayol esa jarohat olgan. U bosh miya chayqalishi, yopiq bosh miya jarohati, yelka suyagining sinishi va yongan jismlardan ajragan duddan zaharlanish kabi tashxislar bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 109-moddasi 3-qismi (Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxs o‘limiga sabab bo‘lganlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
23 yoshli yigit tomonidan ijaraga olingan xususiy uy Rossiya hududida qayddan o‘tmagan xorijlik fuqarolarga ijaraga berib kelingan, deya ma’lum qilgan Moskva viloyati prokuraturasi. Mahalliy telegram-kanallar uyni ijaraga olgan yigit o‘zbekistonlik ekani haqida yozishmoqda. Prokuratura noqonuniy migratsiya tashkil etish (RF JKning 322.1-moddasi 2-qismi “a” bandi) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.
Yong‘in chog‘ida qurbon bo‘lganlarning qaysi mamlakat fuqarolari bo‘lgani rasman ochiqlangan emas, biroq ularning ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani haqida taxminlar aytilmoqda. Shot telegram-kanali manbalari yong‘inda qurbon bo‘lganlar kuyib ketgan uydan taqriban 10 kilometr narida joylashgan OZON omborxonasi xodimlari bo‘lganlarini aytishgan.