Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:10

Moskvaning Toshkentga e’tirozi bor – rus matbuoti Mishustinning O‘zbekistonga tashrifi haqida


Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Samarqanddagi muzokaralardan so‘ng. Samarqand, 2-dekabr, 2022.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Samarqanddagi muzokaralardan so‘ng. Samarqand, 2-dekabr, 2022.

1-dekabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mishustin ikki kunlik safar davomida Samarqandda O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari raisligidagi qo‘shma komissiyaning 3-majlisi va biznes forumda qatnashdi.

Garchi hukumatlararo komissiya yig‘ilishi avvaldan rejalangan bo‘lsa-da, Mishustinning tashrifi Rossiya mulozimlari Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgani kuzatilayotgan pallaga to‘g‘ri keldi. Avvalroq Rossiya dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Toshkentda prezident Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan, rus matbuoti Volodin Toshkentni "Amerika bilan yaqin aloqalarning oqibatlaridan ogohlantirgani" haqida yozgandi.

O‘zbekiston matbuotida mazkur tashriflarga doir tahliliy maqolalar e’lon qilinmadi. Rossiya nashrlari esa hukumat rahbarlari uchrashuvini batafsilroq yoritdi. Rus OAVda chop etilgan maqolalarning umumiy ruhidan Moskvaning rasmiy Toshkentga nisbatan e’tirozlari mavjudligi anglashiladi.

Kreml shamsiyasi ostiga o‘tish chorlovi

“Kommersant” nashrining yozishicha, Mixail Mishustin hamkasbi Abdulla Aripov bilan uchrashuvda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) a’zoligini paysalga solmaslikni so‘ragan.

Kreml mulozimi Ittifoqqa a’zolik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kooperatsion aloqalarga yangi kuch bag‘ishlashi, bojxona, migratsiya masalalarida yengillik tug‘dirishini aytgan.

O‘zbekiston jamoatchiligi “YOII oilasi”ga kirish Jahon savdo tashkiloti yo‘lini yopishi, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy jabhada ihotalashuvga olib kelishidan xavotir izhor qilib keladi. Boz ustiga, ushbu birlashmaga to‘laqonli qo‘shilish butkul Kreml shamsiyasi ostiga o‘tish o‘laroq baholanadi.
Aripov rus hukumati rahbarining talabiga javoban O‘zbekiston jamoatchiligining bu boradagi xavotirlarini yetkazgan yoki yetkazmagani ma’lum emas.

Rossiya matbuoti ham Mishustinga jo‘ravoz ravishda O‘zbekistonning YOIIda kuzatuvchi maqomiga qanoat qilayotganidan yozg‘irdi.

"Toshkent Ittifoqqa a’zolik bobida o‘ta ehtiyotkor bo‘lib qolayotir. Abdulla Aripov ham tadbirlarning ommaviy qismida bu masalani umuman ko‘tarmadi”, – deb yozdi “Kommersant” muxbiri Yevgeniya Kryuchkova.

“AES qurishni bizga qo‘yib bering!”


“EADaily” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Mishustin Samarqanddagi uchrashuvda O‘zbekiston tomonini Rossiya texnologiyasi asosida atom elektrostansiya qurish ishlarini tezroq boshlashga undagan.

Sentabr oyi oxirida O‘zbekistonning yangi tayinlangan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov AES qurish bo‘yicha muzokalar davom etayotgani, bu masalada milliy manfaatlarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan edi. Mishustinning bayonotidan esa bu borada “kelishuvga erishilgani” oydinlashadi.

“Atom energetikasi bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash muhim deb hisoblaymiz. Rossiya tarhi asosida atom elektrostansiyasi barpo etilishi yirik loyiha sanaladi. Erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirmoq lozim”, – degan u.

O‘zbekistonlik faollar AES loyihasi Rossiyaga berilishiga qat’iy qarshi chiqayotgani sir emas. Jumladan, iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov “dunyoni yadroviy urush yoqasiga keltirib qo‘ygan, yadroviy shantaj va bosim kundalik siyosatiga aylangan zo‘ravon davlat bilan hech qanday muzokara bo‘lmasligi, boshlangani ham to‘xtatilishi zarurligi”ni ta’kidlaydi.

Samarqanddagi muzokaralarda O‘zbekiston tomoni bu siradagi e’tirozlardan gap ochgani ham ma’lum emas.

Uchlar ittifoqi

Mishustin va Aripov Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida gaz ittifoqi tuzish tashabbusini ham muhokama qildi, deb xabar berdi “Ura.ru”. Mishustin Rossiyaning O‘zbekiston energetika sektoriga kiritgan sarmoyasi 12 milliard dollarga yetganini qayd etib, gaz ittifoqi bo‘yicha kelgusi qadamlarni kelishib olishni taklif qilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida Vladimir Putin taklif qilgan gaz ittifoqiga qo‘shilish “bo‘yinturuq ilish” deb baholangan edi. Rossiyalik ekspertlar esa, bu har uch tomonga ham manfaatli ekanidan bahs etgan. Qolaversa, Kremlning nafaqat Xitoy, balki Hindistonga gaz yetkazish rejasi ham borligi ayon bo‘lmoqda.

“Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston Markaziy Osiyo–Xitoy gaz quvurining ishtirokchilari sanaladi. Ehtimol, ayni paytda to‘xtab turgan Tojikiston–Turkmaniston–Pokiston–Hindiston loyihasiga ham qo‘shilib, Hindistonga gaz yetkazishni tashkil etarmiz. Rossiyaning ishtiroki ushbu loyihaga qo‘shimcha kuch bag‘ishlashi mumkin”, – deydi Milliy energetika instituti direktori o‘rinbosari Aleksandr Frolov“Ura.ru” nashriga bergan intervyusida.

Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti eksperti Igor Yushkov esa uchlar ittifoqi “Shimoliy oqim” quvuri o‘rniga muqobil yo‘nalishlar qidirayotgan Yevropaga chaqiriq ekanini yashirmagan.

“Mamlakatlar Xitoy energetika bozorida raqobatchi sanaladi. Lekin, ayni choqda, o‘zaro yaqin hamkorlik ham mavjud”, – deydi u.

Darvoqe, “Kommersant”ning Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakka tayanib yozishicha, rasmiy Toshkent gaz ittifoqiga qiziqish bildirgan.

Talab ortidan tashakkur

Kreml bir zamonlar o‘z qalamravida bo‘lgan sobiq Ittifoq davlatlaridan rus tili maqomini oshirishni talab qilib kelishi ma’lum. “Komsomolskaya pravda” gazetasiga ko‘ra, Mishustin Samarqanddagi uchrashuvda O‘zbekiston hukumatiga “rus tiliga alohida e’tibor uchun” tashakkur bildirgan. Rus tili o‘zbek maktablarida majburiy fan sifatida o‘qitilayotgani, qonunchilik hujjatlari o‘zbek tili bilan birga rus tilida e’lon qilinayotgani, shuningdek, O‘zbekiston davlat idoralari va vazirliklarida ish yurituvning sezilarli qismi rus tilida ekani Rossiya tomonini mamnun etgan.

"Ёқимсиз ва очиқчасига русофоб". Рус пропагандаси Алламжоновни Россияга қарши кампанияда айблади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:52 0:00

TASS xabarida qayd etilishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Rossiya bilan hozirgi munosabatlarni “misli ko‘rilmagan darajada” deb alqagan va sanoat, turizm, energetika hamda transport-logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish istagini izhor qilgan.

Joriy yilning 10 oyida ikki mamlakat tovar aylanmasi 7 milliard dollarni tashkil qilgan. Tomonlar ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollarga yetkazilishiga ishonch bildirgan.

XS
SM
MD
LG