O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Toshkentda o‘tkazilgan brifingda 27-oktyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovida ro‘yxatlarga kiritilgan saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berganini bildirdi.
Mulozimga ko‘ra, yakshanba kungi ovoz berishda saylov ro‘yxatiga kiritilgan 19 million 944 ming 859 nafar saylovchidan 15 million 27 ming 529 nafari uchastkalarga kelib ovoz bergan.
MSK matbuot xizmati e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, parlament quyi palatasi deputatligi uchun saylovda 150 ta o‘rindan 64 tasini (42,7 foiz) O‘zLiDeP , 29 tasini (19,3 foiz) “Milliy tiklanish” partiyasi , 21 tasini (14 foiz) “Adolat” partiyasi, 20 tasini (13,3 foiz) XDP, 16 tasini (10,7 foiz) esa Ekologik partiya egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Muxolifat partiyalarisiz o‘tgan saylov natijalari haqida ayni paytda Toshkentdagi MSK matbuot markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda MDH Parlamentlararo Assambleyasi missiyasi vakillari brifing o‘tkazmoqda.
Saylovni kuzatgan boshqa xalqaro kuzatuvchilar, xususan YXHT kuzatuvchilari yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylov haqida o‘z xulosalarini qachon taqdim etishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.