Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:23

Mustaqil ekspert: "Xavfsiz" AESning o‘zi yo‘q


Xalqaro atom energiyasi agentligi IAEA O‘zbekistonda AES qurilishi yuzasidan barcha ishlar xavfsizlik talablari va atom qurolini tarqatmaslik tamoyillariga amal qilingan holda olib borilayotganini ma’lum qildi.

BMT saytida bildirilishicha, agentlik ekspertlari iyun oyida O‘zbekistonga 12 kunlik ish safari bilan borgan.

Ozodlik suhbatlashgan mustaqil ekspertlar bu xulosalarga ehtiyotkorlik va hatto jiddiy shubha bilan yondashishni tavsiya qilmoqda.

IAEA ekspertlari: O‘zbekiston ilk AESni qurishga tayyor

Ekspertlar yadroviy energetika dasturini amalga oshirish jarayonidagi barcha ishlarni kompleks ravishda baholagan va bu jarayon xalqaro talab hamda me’yorlarga amal qilingan holda olib borilayotganini tasdiqlagan.

- O‘zbekiston AES loyihasini ishlab chiqishda katta yutuqlarga erishdi va normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish va boshqaruv organi potensialini mustahkamlash sari qadamlar qo‘ydi, deyiladi guruh a’zolari hisobotida.

MAGATE ekspertlari mamlakat yadroviy energetika dasturi davlat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganiga ham e’tibor qaratdi. Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonga AES qurishda ko‘maklashishga qaratilgan tavsiyalar va takliflarni hukumatga taqdim etdi.

Xalqaro atom energiyasi tashkiloti ekspertlar guruhiga Braziliya va Bolgariyadan bittadan, yana 8 nafar IAEA xodimi kirgani ma’lum.

Xalqaro atom energiyasi agentligining Avstriyadagi bosh binosi.
Xalqaro atom energiyasi agentligining Avstriyadagi bosh binosi.

Qozog‘iston AES qurilishiga qarshi

Ayni paytda qo‘shni Qozog‘iston Kremlning o‘z hududida atom elektr stansiyasi qurish borasidagi takliflarini rad etib kelmoqda. Rossiya hukumati AES qurilishi uchun Qozog‘istonga 5 mlrd dollar miqdorida qarz berib turishni taklif qilgandi.

Biroq mahalliy jamoatchilik bosimi ostida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev o‘tgan yil oktabrida Olma-Ota viloyatining Ulken shahri atrofida atom elektrstansiyasi qurish rejasidan voz kechgani ma’lum.

AES qurilishiga qarshi bo‘lgan ekspertlar 1949 - yildan 1989 - yilgacha Qozog‘istonning Semipalatinsk mintaqasida SSSR tomonidan 465 yadro portlashlari amalga oshirilgani, mintaqada ekologik vaziyat busiz ham o‘ta ayanchli ahvolda ekanini ta’kidlab keladi.

O‘zbekiston 90 foizdan ortiq energiyani gaz va ko‘mirdan oladi

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 61,6 terravat-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, uning 85 foizi tabiiy gazni yoqish hisobiga, yana 10 foiz energiya ko‘mir yoqish hisobiga amalga oshirilmoqda. Qolgan energiya gidroelektrstansiyalar hisobiga olinadi.

Sanoatga energiya yetkazib berishda qiynalib borayotgan O‘zbekiston Energetika vazirligi aholini qisman elektr tokidan uzish hisobiga vaziyatni yumshatib kelmoqda.

Rossiyalik mutaxassislar Jizzax viloyatida “Tuzkon” AESida 2,4 gigavatt quvvatga ega “III+” avlodiga qarashli ikkita VVER-1200 reaktorlarni o‘rnatilishi O‘zbekistonning elektr energiyasida bo‘lgan ehtiyojini qoplashini da’vo qilib chiqdi.

Bu dastur doirasida Moskvadagi MIFI institutida bo‘lajak yadro fizikasi mutaxassislarini tayyorlashga kirishilgani ham aytildi. Ozodlik bu talabalar bilan bog‘liq muammolar borasida oldinroq lavhalar uzatgan edi.

Ekspert fikri: AES xatarsiz emas

Xo‘sh, Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari xulosalari qanchalik ishonchli? Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda butunlay xatarsiz bo‘lgan atom energetikasini yaratish mumkinmi?

Yadro fizikasi eksperti Andrey Ojarskiy
Yadro fizikasi eksperti Andrey Ojarskiy

Chernobil AESidagi avariyaga 35 yil to‘lgan bir paytda bu va atom energetikasi bo‘yicha ko‘pchilikni qiziqtirayotgan boshqa savollar bilan Ozodlik Rossiyadagi “Radioaktiv chiqindilar xavfsizligi dasturi” eksperti, yadro fizikasi mutaxassisi Andrey Ojarkovskiyga murojaat qildi.

Ekspert Xalqaro atom energiyasi agentligi O‘zbekiston masalasida chiqargan xulosalarni jiddiy shubha ostiga olishni tavsiya qildi:

- Gapni shundan boshlashim kerakki, “xavfsiz AES”larning o‘zi bo‘lishi mumkin emas! Jumladan, amaldagi Rossiya qonunchiligiga muvofiq, har qanday reaktor va atom elektr stansiyasi radiatsiya nuqtayi nazaridan xatarli obyektlar sirasiga kiritilgan. “AES- xatarsiz!” deyotganlar yo yadro energetikasini tushunmaydigan odamlar yoki ular AES propagandachisi.

- Yaqinda O‘zbekistonga borib qaytgan IAEA xodimlari O‘zbekistonda AES qurilishi yuzasidan barcha ishlar xavfsizlikning barcha talablariga javob berishi to‘g‘risida xulosa chiqardi...

- Birinchidan, Xalqaro atom energiyasi agentligi men yuqorida tilga olgan propaganda tuzilmasi. Agentlik Nizomini ochib qarasangiz, unda tashkilot maqsadi sifatida “atom energiyasidan jahonda tinch maqsadda foydalanish” deb belgilangan. Ular o‘zlarini mutaxassislar deb atasa-da, aslida atom sanoati lobbisidir! Misol tariqasida, xuddi shu tashkilot reaktorlarning Chernobildagi turidan foydalanishga hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan, uni xavfsizligiga hammani ishontirib kelgan. Xuddi shunday "kafolatlar" Fukusimaga berilgandi. AESlarni nazorat qilib turgan sanoqsiz komissiyalar ijobiy xulosa berib kelgan.

- Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda atom energetikasi sohasini ko‘tarish mumkinmi?

- Bilishimcha, Rosatom O‘zbekistonda AESni o‘zi quradi, mutaxassislarni yetkazib beradi. Buning texnik jihatdan murakkab joyi yo‘q – pul bo‘lsa bas, qurilaveradi. Aytaylik, Rosatom Bangladeshda qurdi stansiyani. Atom stansiyasini qurib bitkazmaguncha “AES bor” deyish qiyin, chunki u mahalliy aholi qarshiligiga uchrashi mumkin, siyosiy vaziyat o‘zgarishi mumkin, moliyalashtirish to‘xtatilishi mumkin. Shu sababli atom energetikasi sanoati o‘ziga kamroq e’tibor qaratishni xush ko‘radi, o‘z loyihalarini shov-shuvlarsiz amalga oshirib boradi. Xususan, atom energiyasi agentligi bilan kelishadi.

- Oxirgi yillarda “atom energiyasi”ni “yashil texnologiyalar” qatoriga kiritish bo‘yicha harakatlar faollashgani kuzatilmoqda. Sizningcha, “tinch atom” haqiqatan ekologik nuqtai nazaridan xatarsiz energiya turimi?

- Ancha vaqtdan beri IAEA bu g‘oyani ilgari surib kelmoqda, ammo bu rasman hech qayerda tan olinmagan. IAEA, Rosatom o‘z saytlarida har narsa yozaverishi mumkin. Men BMTning rivojlantirish dasturlarida qatnashib, turli mamlakatlar atomchilarining bu boradagi harakatlariga guvoh bo‘lgandim. Mutaxassis sifatida ishontirib aytamanki, unday emas! Biz kelajak avlodimizga xavf yaratishga haqqimiz yo‘q. Atom energetikasi esa ming yillar davomida xatarli bo‘lib qoluvchi radioaktiv chiqindilarsiz yashay olmaydi! Birorta davlatda radioaktiv chiqindilar masalasi bartaraf etilmagan. Atom energetikasining mustaqil tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, 1 kvt\soatiga ishlab chiqarilgan issiqlik gazlari chiqindisi 88-186 g (SO2 ekvivalenti) ko‘rsatikichiga tengdir. Qizig‘i, atom stansiyasining o‘zida zararli chiqindilar kam, ammo unga xizmat ko‘rsatuvchi uran ishlab chiqaruvchi, boyituvchi va hokazo zavodlar –juda ko‘p zararli moddalarni atmosferaga tashlaydi.

- Eng katta muammolaridan biri – radioaktiv chiqindilarni saqlash masalasi bo‘lib qolmoqda.

- Bu eng katta muammo. Haligacha Belarus bilan Rosatom o‘rtasida tortishuvlar bormoqda. U erda Rossiya AES qurib bitkazdi, ammo yadroviy chiqindilarni joylashtirish bo‘yicha kelishuv yo‘q! Ikki davlatdar qay biri bu sarf-harajatlarni qoplashi aniq emas. To‘g‘risi, Rosatom belaruslarni “Keyin hal qilamiz!”, deb aldadi.

- Atom energetikasi tarafdorlari bu energiya turining o‘ta arzonligini ko‘p gapirishadi. Bunga izoh bersangiz.

- Biz Rossiyada shunday xulosaga keldikki, atom foydalanuvchilar uchun juda qimmat energiya turi ekan. Birinchidan, u Rossiyada to‘liq davlat subsidiyasi hisobiga yashaydi. Rosatom davlat korxonasi bo‘laturib, katta biznes bilan shug‘ullanib keladi – yadro harbiy qurilmalari, yadro suv osti kemalariga xizmat ko‘rsatadi, chetda AESlar quradi. Bu sohaga nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri harajatlar - qo‘shimcha byudjet ajratmalarini hisobga olish qiyin. Shu bois “arzonchilik” va Rosatom mutlaqo zid tushunchalar! Agarda biz Rossiyada atom energiyasidan voz kechganimizda, elektr energiyasi ancha arzonlashgan bo‘lardi. Chunki AES harajatlari arzon ish emas – unda siz tejay olmaysiz, unlab ta’minlovchi korxonalar ishini to‘xtata olmaysiz.

Hozirgi kunda Rossiya Turkiyada AES quryapti. Ikki davlat shartnomasida ishlab chiqarilgan elektr toki narxi bir soatga 12 AQSh sentidan ko‘proqni tashkil etadi. Bu elektr stansiya ishlab chiqargan narx! Boshqa xarajatlarni hisobga olib, O‘zbekistonda atom energiyasi narxi qancha turishini sanab olavering. Aytishim joyizki, Turkiyada ham O‘zbekistonda qurilayotgan VVER-1200 reaktorli "AES-2006" turidagi stansiya barpo etilmoqda.

- AES qurilishini ayrimlar Kremlning bosim o‘tkazish vositasiga aylanishi o‘laroq baholamoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri fikr sizningcha?

- Men fizikman, siyosatchi emas. AES kelajakda iqtisodiy bosim quroli sifatida ishlatilishi mumkinligini inkor etmayman, ammo uning siyosiy bosim o‘tkazish kuchiga biroz shubha bilan qarayman. Misol tariqasida, Ukraina yoki Yevropadagi sobiq sotsialistik davlatlar. U yerda SSSR davrida qurilgan ko‘plab AESlar mavjud. Menimcha, O‘zbekiston bu stansiya qurilguncha va ishga kirguncha uzoq muddatli rus texnologiyalariga qaramlikni boshidan kechiradi. MIFIda tarbiyalanayotgan o‘zbek yoshlari qisqa muddat ichida AES operatorlari va o‘rtahol injenerlari bo‘lib yetishadi. Ammo AES boshqaruvi uchun yuqori malakali yadro fizikasi olimlari va mutaxassislari zarur. Bu mutaxassislarni esa hozircha faqat Rossiya yetkazib berib turadi.

2018 - yil, 19 - oktabr. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzaxda AES qurilishining ramziy ochilishida.
2018 - yil, 19 - oktabr. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzaxda AES qurilishining ramziy ochilishida.

O‘zbekiston hududida Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilishi bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari 2018 - yil sentabrida kelishuvga erishgandilar. Bu ish asosan “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan amalga oshiriladigan bo‘lgan. Stansiya qurilishi uchun ustuvor joy o‘laroq Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida joylashgan maydon tanlangani aytilgandi.

2017 - yilda O‘zbekiston hukumati Rossiya bilan ikkita suv bosimiga ega VVER-1200 reaktorini qurish to‘g‘risida kelishuv imzolagandi.

O‘sha yilning 19 - oktabrida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzaxda AES qurilishining ramziy tugmasini bosgan edilar. AES qurilishi 2028 - yilgacha yakunlanishi va reaktorlar 2030 - yilda to‘liq foydalanishga topshirilishi aytilgandi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi BMT qoshida 1957 - yilda jahon davlatlariga atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish maqsadida tashkil etilgan.

XS
SM
MD
LG