Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:48

Mustaqil siyosatshunos: Saylovdan oldin Prezident sha’niga qo‘shimcha dog‘ tushdi


Joriy yil 24 - oktabrida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanishi kutilmoqda.
Joriy yil 24 - oktabrida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanishi kutilmoqda.

Deputat, taniqli yurist – huquqshunos Akmal Saidov va senator Qudratilla Rafiqovlarning O‘zbekiston Prezidentiga “Millat sardori” degan maqomni, nomni berish taklifi, haliga qadar keng halqaro maydonda muhokama qilinmoqda, rezonansi davom etmoqda. Bu haqda juda katta auditoriyaga ega bo‘lgan halqaro nashriyotlar yozishdi, yozishmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasida “Sardor”, “Elboshi”, "Millat Peshvosi", “Yurtboshi”, “Millatboshi” kabi maqomlarga kuchli siyosiy allergiya shakllangan. Balki bu tashabbus A.Saidovning o‘ziga tegishli bo‘lmasdan, hokimiyat koridorlaridan kimdir “Aka, mana shu fikrni siz aytsangiz qanday bo‘larkin?!” deganida ham, huquqshunos-siyosatchi odam, siyosiy vaziyatni tahlil qilib, boshqacha yo‘l tutishi kerak edi. Lekin nazarimda, bu tashabbus A.Saidovning o‘ziga tegishli.

Bu tashabbus natijasida nimaga erishildi?

Saylovdan oldin Prezident sha’niga qo‘shimcha dog‘ tushdi.

O‘zbekiston hukumatining bosh huquqshunosi Akmal Saidov Karimov davrida ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lgan. Toshkent, 2015
O‘zbekiston hukumatining bosh huquqshunosi Akmal Saidov Karimov davrida ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lgan. Toshkent, 2015

Albatta, buni Prezident qabul qilmadi va qilmasligi ham kerak. Agar Mirziyoyevda mana shunaqa siyosiy fikrlash kuchli bo‘lganida edi, bu ishlar 2016 - yilda, Karimovni qattiq avtoritar stili sovumasdan, boshlanib ketgan bo‘lardi. Ikkinchidan, O‘zbekiston sha’niga, uning siyosiy tizimiga, siyosiy elitaga nisbatan salbiy qarash biroz kuchaydi. Jamiyat, halqaro hamjamiyat yana bir bor O‘zbekiston siyosiy madaniyati ustidan kuldi.

Prezidentlar, davlat rahbarlari har doim ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘ladi.

Davlat, respublika shaklida bo‘ladimi, yoki monarxiya bo‘ladimi, odamlarning – keng jamoatchilikning hokimiyat borasidagi ijobiy yoki salbiy qarashlari, davlatning naqadar barqaror va hokimiyatning qanchalik legitim ekanligini anglatadi. Shuning uchun, hokimiyatlar har doim ijobiy bahoga, ijtimoiy-siyosiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj bo‘lishi tabiiy. Lekin, bu qo‘llab-quvvatlovni siyosatchilar yuqori siyosiy madaniyat bilan, huquqiy doirada va siyosiy mahorat bilan qilishlari kerak bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov, mustaqil siyosatshunos

(Feysbuk sahifasidan olindi)

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG