Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 18:32

“Mutlaq hokimiyatni qaytarish ilinji”


Gurbanguli Berdimuhamedov
Gurbanguli Berdimuhamedov

Turkmaniston parlamenti yana bir palatali bo‘ladi, Xalq Maslahati esa oliy organga aylanadi.

Turkmanistonda yana parlament islohoti boshlangan ko‘rinadi: uning yuqori palatasi tugatilib, bir palatali tizimga qaytishmoqchi. Atigi ikki yil burun yuqori palataga aylantirilib, o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Konstitutsiyaga xilof ravishda rais bo‘lib olgan Xalq Maslahati (XM) yana hokimiyatning mustaqil organi maqomiga ega bo‘ladi. XM alohida institut sifatida vakillik hokimiyatining oliy organi deb e’lon qilinadi va xabarlarga ko‘ra, unga Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish, konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilish, davlatning ichki va tashqi siyosatini belgilash vakolatlari beriladi.

O‘tgan yilning martida Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatni o‘g‘li Serdarga topshirib, loaqal hokimiyat rasmiy iyerarxiyasida ikkinchi shaxs bo‘lib qolgan edi. Biroq endi u, Ozodlik turkman xizmati manbalariga ko‘ra, “mutlaq hokimiyatni qaytarib olmoqchi”.

Hokimiyatni qayta formatlash g‘oyasini Milli Gengesh (parlament) palatalarining 11- yanvardagi qo‘shma yig‘ilishida XM raisining o‘zi, ya’ni Gurbanguli Berdimuhamedov bildirdi, ayni chog‘da u parlament ikki palatali organga aylantirilganiga endi ikki yil bo‘lganini inkor etgani yo‘q.

“Biroq muttasil o‘zgarib turgan zamon qonun chiqaruvchi hokimiyat tuzilmasini tadrijiy ravishda takomillashtirb borishni taqozo etmoqda. Biz bu o‘zgarishlarni e’tiborga olmog‘imiz lozim. Shu bois men, xalqimizning ko‘p asrlik tarixidagi davlatchilik tajribalariga va ajdodlarimizning eng muhim siyosiy, iqtisodiy va harbiy masalalarni umumxalq kengashlarida jamoat vakillari bilan birga muhokama qilishdek qadimiy an’analariga tayanib, xalq hokimiyatining oliy vakillik organi, ya’ni Turkmaniston Xalq Maslahatini tuzishni taklif qilaman”, degan Berdimuhamedov.

Yig‘ilishdan so‘ng ko‘p o‘tmay rasmiy OAVlar Gurbanguli Berdimuhamedov hamda uning o‘g‘li – Serdar Berdimuhamedovning tegishli farmon va qarorlarini e’lon qildi.

Gurbanguli Berdimuhamedovning rejasiga ko‘ra, yangi tashkil etilajak XM hokimiyatning barcha tarmoqlarini o‘z ichiga oladi va uning tarkibiga quyidagi mulozimlar kiradi: Xalq maslahati raisi, Turkmaniston prezidenti, Majlis raisi, Oliy sud raisi, Davlat xavfsizlik kengashi kotibi, Majlis deputatlari, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, bosh prokuror, adliya vaziri, viloyat, tuman va shahar ma’muriyatlari boshliqlari, Xalq maslahati mahalliy bo‘limlarining hamda mahalliy hokimiyat organlarining raislari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va boshqa jamoat birlashmalari rahbarlari, jamoatchilik vakillari va xalq oqsoqollari.

Ozodlikning turkman hukumatiga yaqin manbasi urg‘ulashicha, Gurbanguli Berdimuhamedov “mutlaq hokimiyat”ni o‘z qo‘lida jamlash uchun islohot o‘tkazishni 2022-yil yozidayoq o‘ylab qo‘ygan.

“Hokimiyatni o‘g‘liga topshirganidan so‘ng rasman va ijtimoiy-siyosiy hayot nuqtai nazaridan hokimiyat iyerarxiyasida ikkinchi darajaga tushib qolgani Orqadoqqa ma’qul emasga o‘xshaydi, garchi u mamlakatda yuz berayotgan barcha voqealarga qariyb mutlaq ta’sirini hanuz saqlab turgan bo‘lsa-da. Xalq maslahatini parlamentdan ajratish qarori o‘tgan yili yozdayoq qabul qilingan edi. Boshida ular “Davlat kengashi” nomli organ tuzmoqchi bo‘lishdi. Eslasangiz, Mustaqillik kuni munosabati bilan Xalq maslahati o‘rniga “Davlat kengashi” yig‘ilishi o‘tkazilishi e’lon qilingandi. Yig‘ilishda Gurbangulini Kengash raisi etib saylash, davlatning eng yuqori lavozimdagi shaxsi sifatida unga Orqadog‘ unvonini rasman biriktirish reja qilingandi. Biroq keyin parlament tarkibida “Davlat kengashi”, Xalq maslahatining bo‘lishi ko‘p chigalliklar keltirib chiqaradi, degan fikrga kelindi. Shu bois “Davlat kengashi” g‘oyasidan voz kechib, tadbir “dabdabali maslahat” deya qayta nomlandi. Kulgili ish bo‘ldi, lekin boshqa tuzukroq g‘oyani o‘ylab topa olishmadi”, deydi Ozodlik manbasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 65 yoshli to‘ng‘ich Berdimuhamedovni yangi tashkil etilajak Xalq Maslahati rahbari o‘laroq “taxtga o‘tqazish” qarori olib bo‘lingan.

“Xalq Maslahati institutining mustaqil, boz ustiga hokimiyatning oliy organi sifatida ta’sis etilishi Gurbanguliga hokimiyatning o‘z o‘g‘li va oilasi qo‘lida jamlanishida faol ishtirok etish imkonini beradi. Serdar davlat ishlarida hali g‘o‘rligini ko‘pchilik payqadi, u o‘zini noqulay sezayotgani ko‘rinib turibdi, unga otasi murabbiy o‘laroq yordam berishi kerak. Gurbanguli o‘g‘liga murabbiylik qilmayapti demoqchi emasman, u ichki va tashqi siyosatda hamon faol qatnashmoqda. Xususan, prezidentlikdan ketganidan so‘ng ham bir necha bor chet elga safar qildi, Turkmanistonda o‘tkazilgan barcha sammitlarda ishtirok etdi. Biroq bu Serdarning tajribasizligini bo‘rttiryapti. Gurbanguli Xalq Maslahatini tuzish bilan o‘zining hokimiyatdagi oliy maqomini rasmiylashtirmoqchi, ya’ni prezident vakolatidagi ishlarga noqonuniy aralashayotgandek taassurot uyg‘otmagan holda barcha muhim siyosiy qarorlarni rasman o‘zi qabul qilishni va zarur tajriba hosil qilish uchun Serdarga vaqt va imkon berishni mo‘ljallayapti”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 11 fevral kuni Xalq Maslahatining navbatdan tashqari sessiyasida o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov “davlat boshqaruvini yosh avlod ishonib topshirish” maqsadida o‘z lavozimini tark etish niyatida ekanini e’lon qilgan edi. Oradan bir necha hafta o‘tib Turkmanistonda muddatidan oldin prezident saylovi bo‘ldi va hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tdi.

Turkman siyosatshunosi va publitsist Kumush Bayriyeva Ozodlik bilan yozishmalarida navbatdagi islohot sobiq prezidentning “izzat-nafsini qondirish” uchun o‘ylanganini aytdi.

“Komil ishonch bilan ayta olamanki, bular bari Gurbanguli Berdimuhamedovning hakalak otgan izzat-nafsini qondirish maqsadida qilinmoqda. U parlamentning yuqori palatasi bo‘lmish Xalq Maslahati raisi lavozimiga qanoat qilmayotir, endi u “millatning ma’naviy rahnamosi” bo‘lishga, ayni chog‘da o‘z itoatidagi Xalq Maslahati orqali hokimiyatning barcha tarmoqlarini qat’iyan nazorat qilishga intilmoqda”, deydi ekspert.

Bayriyevaga ko‘ra, to‘ng‘ich Berdimuhamedov islohoti “qonunga va davlatchilik institutiga nisbatan qolgan-qutgan ishonchni yo‘q qilib”, pirovardida “mutlaq hokimiyatchilik” o‘rnatilishiga olib keladi.

“Qo‘rqamanki, bizni og‘ir kunlar kutmoqda. Hayotga va milliy qadriyatlarga nisbatan o‘zining daqqiyunusdan qolgan ko‘zqarashini, yo‘rimini butun xalqqa tiqishtirishni yaxshi ko‘radigan, so‘z erkinligi va o‘zgacha fikrdan o‘tdan qo‘rqqandek qo‘rqadigan chirik tafakkurli diktator tobora qarimoqda. Uning atrofini o‘zi tarbiyalagan va faqat sadoqati uchun yoniga olgan laganbardorlar to‘dasi qurshab turadi. Ular insonlarning eng bebaho narsasi – sha’nini mahv etishayotir. Endi odamlar doimiy qo‘rquv ichida ushbu absurdning tabiiy yakunini kutmoqqa, hatto uyqu oldidan “Orqadoqqa shuhrat!” deya takrorlaganlarida ham ichlarida unga o‘lim tilamoqqa mahkum”, deydi yana turkman siyosatshunosi.

Xalq Maslahati ilk bor 1992-yili, birinchi prezident Saparmurod Niyozov idora davrida ta’sis etilgan bo‘lib, o‘shandayoq oliy vakillik organi maqomini olgan edi. Niyozov ham undan mutlaq hokimiyat quroli o‘rnida foydalangan, xususan, aynan XM uni umrbod prezident deb e’lon qilgan.

2006-yil dekabrda Niyozov vafot etganidan so‘ng iqtidorga kelgan Gurbanguli Berdimuhamedov 2008-yil sentabrda XMni tugatib, o‘rniga maslahat organi maqomiga ega Yashullilar Maslahatini ta’sis etdi.

2017-yil oktabrda Berdimuhamedov Xalq Maslahatini tiklashni taklif qildi, 2019-yilda esa Konstitutsiyani o‘zgartirib, ikki palatali parlamentga o‘tish taklifi bilan chiqdi, natijada XM parlamentning yuqori palatasiga aylantirildi. Gurbanguli Berdimuhamedov “dunyoda iqtisodiy va siyosiy vaziyat jadal o‘zgarayotgani” bilan asoslagan mazkur islohot 2020-yil sentabrda yakunlandi.

2021-yil mart oyida parlamentning yuqori palatasiga ilk saylov bo‘lib o‘tdi, unda Berdimuhamedov endigina qabul qilingan Konstitutsiyaga xilof o‘laroq avvaliga XM a’zosi, so‘ngra raisi etib saylandi.

XS
SM
MD
LG